Qirg‘iziston janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta nozik qolmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption O‘tgan yilgi milliy nizolarda ko‘plab mahallalardagi uylar kuyib kul bo‘lgandi

Qirg‘iziston hukumati mamlakat janubida qonli milliy nizolar yuz berganiga bir yil to‘lishi arafasida xavfsizlik choralarini kuchaytirishga buyruq bergan.

Rasmiylar va sharhlovchilar xavfsizlik vaziyati omonatligi va yangi zo‘ravonliklar kelib chiqishi ehtimollaridan ogohlantirishadi.

Ayni paytda yangi mojarolarning oldini olish uchun millatlar o‘rtasida tinchlikni targ‘ib qilish, milliy toqatbarorlikka undashga qaratilgan sa‘y-harakatlar ham yo‘lga qo‘yilgan.

Yaqinda O‘sh shahar hokimi Melis Mirzaqmatov ham shahar rasmiylari yangi etnik ziddiyatning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishlarini aytgandi.

Janob Mirzaqmatov "bu yil ham osoyishta emasligi va nimalar yuz berishi mumkinligini bashorat qilolmasligi"ni alohida ta‘kidlagandi. O‘sh shahar hokimiga ko‘ra, Qirg‘iziston janubidagi "ekstremist va millatchi-bo‘lginchi guruhlar beqaror ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan foydalanib, mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishlari mumkin".

O‘tgan yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli nizolarda aksariyati o‘zbeklardan iborat minglab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgandi.

BBC bilan suhbatda bo‘lgan o‘shliklardan biri hodisalardan bir yil o‘tib ham, ikki millat vakillari o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta nozik qolayotgani, o‘zbeklarining haq-huquqlari toptalayotganidan shikoyat qiladi.

U hafta boshlarida O‘sh shahri mahallalaridan birida o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub odamlar o‘rtasida kelib chiqqan mojaro haqida gapirarkan, huquq-tartibot organlari janjalni bartaraf etish uchun yetarli yordam ko‘rsatmaganini aytadi.

"Millatchilik bo‘lib qolayapti-da, qachon bu narsa to‘xtaydi...na erkaklarimiz ko‘chaga chiqsin, na ish joylar bor., yashashni endi qo‘yavering, chet el bergan nimalar bilan kun ko‘ryapmiz-da...", deydi u.

Suhbatdoshga ko‘ra, xavfsizlik xavotirlari bois hali ham mahalliy odamlar kechqurunlari ko‘chalarga chiqishga qo‘rqishadi.

"Asrdan keyin, soat 5-6dan keyin o‘zbeklar yo‘q ko‘chada", deydi u.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди