Iyun nizolaridan jabr ko‘rgan O‘shda ham ruhiy yordam markazi ochildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

O‘tgan iyun oyidagi qonli milliy nizolardan eng ko‘p jabr ko‘rgan Qirg‘izistonning janubiy O‘sh shahrida jabrdiydalarga ruhiy yordam ko‘rsatuvchi markaz ochildi.

Ruhiy muolajaga muhtoj mahalliy aholiga Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari tibbiy ko‘mak ko‘rsatishlari aytilmoqda.

O‘sh shahar kasalxonasida joylashgan markaz Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti va Rossiya Federatsiyasining ko‘magi bilan ish boshlagan.

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, reabilitatsiya markazi lozim bo‘lgan barcha tibbiy uskunalar bilan ta‘minlangan. Markaz ixtiyoriga ikkita avtomashina ham berilgan.

Tibbiyot xodimlari esa, maxsus tayyorgarlik kurslaridan o‘tishgan va hozirning o‘zidayoq malakali yordam ko‘rsatishga tayyorlar.

Mas‘ullarga ko‘ra, ruhiy madadga muhtoj, ammo ishonch markaziga kelishga imkoni bo‘lmaganlar uchun maxsus ko‘chma guruh ham tuzilgan.

Guruh viloyat shahar va qishloqlariga borib, ruhiy salomatligi ziyon chekkan insonlarga o‘sha yerning o‘zida yordam beradi.

O‘tgan hafta Qirg‘izistonning janubiy Jalol-Obod shahrida ham milliy nizo jabrdiydalari uchun shunday markaz ochilgandi.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi insonlarning hanuz tibbiy va ruhiy muolajaga muhtoj ekanliklarini aytishadi.

Mutaxassislar lozim shart-sharoitlar bo‘lmagani bois, jabrdiydalarga o‘z vaqtida ruhiy yordam ko‘rsatilmagani bois ularning ahvollari ancha yomonlashganini ham tan olishadi.

Shifokorlar o‘z huzurlariga ruhiy yordam istab kelayotgan insonlarning haliyam bo‘lib o‘tgan hodisalardan vahimada ekanliklarini ta‘kidlashadi.

Zo‘ravonliklar chog‘ida mol-mulklaridan ayrilib, uylari yoqib yuborilgan odamlarning ham ozmuncha emasliklari aytiladi.

Yaqinda iyun voqealari yuzasidan o‘z tekshiruvlari natijasini e‘lon qilgan xalqaro mustaqil tergov hay‘ati esa, nizolar chog‘ida xotin-qizlarning jinsiy zo‘rlanganliklari, odamlarning tiriklayin yoqib yuborilganliklari hollari haqida so‘z yuritgandi.

Qirg‘iziston janubida o‘tgan iyun oyida yuz bergan qonli milliy nizolarda rasman 470 kishining qurbon bo‘lgani, ikki mingdan ortiqrog‘ining yaralangani, minglab uy-joy va binolar vayron etilgani aytiladi.

Xalqaro hisobotlarda zo‘ravonliklardan jabr ko‘rganlarning aksariyati mahalliy o‘zbeklar ekani alohida urg‘ulanadi.

Biz O‘shdagi iyun nizolari jabrdiydalariga huquqiy yordam ko‘rsatish punkti rahbari Izzatulla Rahmatullayevdan bu kabi markazlarga qanchalik ehtiyoj bor deb so‘radik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди