Roza O‘tinboyeva: "Xalqaro mahkama Qirg‘izistonga tahdid solmaydi"

Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva o‘tgan yilgi O‘sh hodisalari xalqaro jinoyat mahkamasi yurisdiktsiyasiga tushmasligini aytgan.

O‘tinboyeva xonimga ko‘ra, Qirg‘iziston prokurori yoki BMT Xavfsizlik Kengashi murojaat qilgan taqdirdagina, mahkama Qirg‘iziston vakillarini chaqirishi mumkin.

Qirg‘izistonning AKIpress axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, prezident Roza O‘tinboyeva bu haqda parlamentning so‘nggi majlisi chog‘ida, Jogorku Kenesh vakillarining savollariga javob berish jarayonida to‘xtalib o‘tgan.

Xabarlarga ko‘ra, parlament majlisida o‘rtaga chiqqan savollarga qator fuqaroviy tashkilotlarning o‘tgan yil iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuz bergan voqealar yuzasidan xalqaro mahkamaga murojaat qilishlari sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston rahbari xalqaro jinoyat mahkamasi 1998 yilda Rim nizomiga muvofiq tashkil etilgani, ammo mamlakati uning a‘zosi emasligi va lozim xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya etmaganligi uchun, uning qonun-qoidalari Qirg‘izistonda o‘tmasligini aytgan.

Axborot agentligiga ko‘ra, prezident O‘tinboyeva milliy nizolar yuzasidan joriy paytda olib borilayotgan mahkama jarayonlariga ham to‘xtalib o‘tgan.

O‘tinboyeva xonim hozir mamlakat mahkamalarida 167 ta jinoiy ish ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, ulardan 70-80 foizi o‘zbeklar hissasiga to‘g‘ri kelishini ham aytib o‘tgan.

"Shuning uchun ham, ko‘pchilikda nima uchun nizolar chog‘ida asosan o‘zbeklar jabr ko‘rishgan bo‘lsa-da, mahkamaga tortilayotganlarning aksariyati ham ularning hissasiga to‘g‘ri keladi, degan savol paydo bo‘ladi. Biz bu savolga javob berishimiz lozim," deb aytgan qirg‘iz rahbari.

Yaqinda iyun voqealariga aloqador faktlar va shart-sharoitlar silsilasiga tayanib, iyun zo‘ravonliklarini xalqaro qonunlar me‘yorlarida tasniflab chiqqan xalqaro mustaqil tergov hay‘ati ularni urush jinoyatlari yoki qatliom sirasiga kiritmasligini bayon qilgandi.

Ammo agar mahkamada to‘liq tasdig‘ini topsa, 11-13 iyun kunlari O‘sh shahrining ayrim mahallalarida uyushtirilgan muayyan hujumlarni insoniyatga qarshi jinoyat sirasiga kiritish mumkinligini aytgandi.

Hay‘at bularning sirasida qotillik, jinsiy zo‘rlash, jinsiy zo‘ravonlikning boshqa ko‘rinishlari, jismoniy zo‘ravonlik(boshqa bir noinsoniy amal o‘laroq) va muayyan guruhning milliy zaminda ta‘qib etilishi hollarini sanab o‘tgandi. Ammo Jalol-Obodda sodir etilgan biror bir zo‘ravonlik amalini insoniyatga qarshi jinoyatlar tasnifiga kiritib bo‘lmasligini ham aytgandi.

Xalqaro hay‘at, bundan tashqari, iyun oyidagi voqealar chog‘ida boshqa ko‘plab jinoyatlar ham sodir etilgani va inson huquqlariga oid xalqaro qonunlarning jiddiy oyoq-osti qilinish hollari yuz berganligini ham ta‘kidlagandi.

O‘z o‘rnida, iyun voqealari chog‘ida qo‘l urilgan jinsiy va gender asosdagi boshqa zo‘ravonliklarning deyarli yoritilmay kelayotgani, mas‘ullar bu kabi hollar yuz berganligini deyarli tan olmasliklarini ham bildirib o‘tgandi.

Ammo xalqaro mustaqil hay‘at jinoiy tergov jarayonlarini olib borish vakolatida va hujjatlashtirilgan jinoyatlarga mas‘ul shaxslarni aniqlash mavqeida ham bo‘lmagan.

Shu bois ham, bu yo‘lda qirg‘izistonlik mas‘ullar tomonidan barcha imkoniyatlar ishga solinishi muhimligini alohida urg‘ulagandi.

Xalqaro hay‘at, shuningdek, iyun oyidagi zo‘ravonliklardan jabr ko‘rganlarning 75 foizi O‘zbeklar bo‘lishsa-da, ochilgan jinoiy ishlarning 80 foizi ularning hissasiga to‘g‘ri kelishi, bu narsa tuzatilmog‘i lozimligini ham tavsiya etgandi.

Hay‘atga esa, o‘sha paytda sodir etilgan zo‘ravonliklar va jinoyatlarni xalqaro qonunlar me‘yorida tasniflash, mas‘ullarni aniqlash va ayniqsa, o‘tgan yilgi hodisalarning takrorlanmasligining oldini olish, tinchlik, barqarorlik va sulhu madorani qaror toptirish uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari haqida tavsiyalar berish huquqi berilgan bo‘lgan.

Milliy nizolar chog‘ida rasman 470 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgani va yana minglab kishilarga tan jarohati yetgani aytiladi.

Bundan tashqari, yuz minglab kishilar o‘z turar-joylarini tark etishga majbur bo‘lishgan, asosan o‘zbeklarga tegishli bo‘lgan ko‘plab uy-joy va binolar vayron etilgan.

Qator xalqaro hisobotlarda ham iyun oyidagi etnik zo‘ravonliklarda jabr ko‘rganlarning aksariyati o‘zbeklar ekani urg‘ulanadi.