Tojikiston prezidentining maslahati britan matbuotining ham nazaridan chetda qolmadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Bo‘ri yoki urush so‘zidan olinganlari etini junjiktirib yuborishini aytib, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon ota-onalarga bolalariga qo‘rqinchli ismlar qo‘ymaslikni maslahat berdi, deb boshlanadi The Telegraph gazetasida chop etilgan maqola.

Muallif Richard Oranj o‘z maqolasida davom etarkan, prezident Rahmonning, "Men yuqori martabali hukumat mulozimlarini tayin etayotganimda, ularning ism va shariflariga alohida diqqat qilaman. Chunki ayrim hollarda ularni o‘qib turib, eting junjikib ketadi. Misol uchun Gurgakov sharifi "bo‘ri", Janjoliyev esa, "urush" so‘zidan olingan. Siz qanday qilib inson bolasini bo‘ri deb atashingiz mumkin?" degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Tojikiston rahbari esa, ota-onalarga bunday maslahatni o‘tgan hafta nishonlangan Xalqaro Bolalar kuni munosabati bilan qilgan chiqishi chog‘ida bergandi.

"Tog‘li sobiq Sho‘ro respublikasini qattiqqo‘llik bilan boshqarib kelayotgan prezident Rahmon mayda-chuyda qonun-qoidalarga anchayin o‘ch. Deylik, tojik rahbari yaqinda yana soqol va hijobga ham qarshi chiqib qolgandi," deya davom etadi maqola.

Muallif shundan so‘ng hozir Tojikiston parlamenti muhokamasiga havola etilgan "Ota-onalarning mas‘uliyatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga o‘z e‘tiborini qaratadi.

Chunki ushbu qonun qabul qilingan taqdirda, mas‘ullar ota-onalar o‘z farzandlariga qo‘yayotgan ismni taqiqlash huquqiga ega bo‘lishadi.

"Bu esa, musulmoncha ismlar taqiq ostiga tushmasmikan, degan o‘yda Islomiy muxolifatni xavotirga solmay qo‘ymagan," deydi muallif.

Tojikiston rahbari o‘z chiqishida ota-onalarga ming yillik tarixga ega qadim "Shohnoma" kabi asarlardan farzandlariga ism izlashlari ma‘qulroq ekanini ham maslahat bergan.

"Aziz ota-onalar, agar siz "Shohnoma" yoki fors tilida bitilgan boshqa mumtoz asarlarni varaqlasangiz, farzandingizga mos, yaxshi va go‘zal ismlarni topasiz," deya o‘qtirgan janob Rahmon.

"Bu esa, xuddi prezident Rahmon qilgan ishning o‘zginasi. Chunki Tojikiston rahbari o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘liga Rustam deb nom qo‘ygan. Rustam esa, "Shohnoma"ning bosh qahramonidir," deya davom etadi muallif yana.

Prezident Imomali Rahmon bundan to‘rt yil burun mamlakati fuqarolarini milliy ildizlarga qaytish va milliy nomlardan foydalanishga da‘vat etib, o‘zi ham sharifidagi ruscha rusumdagi "-ov" qo‘shimchasidan voz kechgandi.

Ayni o‘rinda maqolaga qo‘shimcha o‘laroq shuni ham aytib o‘tish joizki, janob Rahmon bundan avval mamlakat ziyoliylarini tarixiy joy va yodgorliklarning ham imkon qadar forscha qadim nomlarini qayta tiklashga undagandi.

Ammo bu hali hammasi emas

Ha, bu Tojikiston prezidentining o‘ziga xos birinchi tashabbusi emas.

Janob Rahmon ism-shariflarni milliylashtirishdan tashqari, bundan avval talabalarning o‘quv yurtlariga mobil telefon bilan va qimmatbaho avtomobillarda borishlari, fuqarolarning ko‘p xarajat talab qiladigan tantanayu marosimlar uyushtirishlarini ham man etish da‘vati bilan chiqqandi.

Tojikistonda prezident Rahmon boshqaruvi ostida yana talaba qizlarning hijob o‘rash yoki kalta yubka kabi g‘arbona rusumda kiyinishlari taqiqlanib, ularga odmi va milliy libos kiyish ham tavsiya etilgan.

Yaqinda Tojikiston hukumati yoshi 50 ga yetmagan o‘qituvchilarning uzun soqol qo‘yib yurishlarini ham man etgandi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning kalish, krossovka, jinsi va rangdor kiyimlarda, yaltiroq yoki kalta liboslarda o‘quv dargohlarida paydo bo‘lishlari ham qat‘iyan taqiqlangan.

Lekin prezident Rahmon birinchi emas

Shu yil boshida Rim Papasi ham yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni yulduzlarning ismi, meva yoki mashinalarning nomi bilan atashga qarshi 'urush' e‘lon qilgandi.

Ammo Benedikt XVI hazratlari ota-onalarga murojaat bilan chiqib, ularni bolalariga "nasroniy taqvimidagi ismlar"ni berishga da‘vat qilgandi.

Lekin ayni mavzuni chuqurroq o‘rganadigan bo‘lsak, Rim Papasidan avval ham dunyoning ko‘plab davlatlarida muayyan ismlarni qo‘yish taqiqlangan.

Bunga ularning ma‘nisiz, uyatsiz yoki tuturiqsiz ekani sabab bo‘lgan.

Deylik, Yangi Zelandiyada bolalarni kishini haqoratlovchi mazmundagi ismlar bilan atash qonunan man etilgan.

Chunki Yangi Zelandiya dunyodagi eng ma‘nisiz ismlar keng tarqalgan davlatlardan biridir.

Shvetsiyada amalda bo‘lgan qonun-qoidalarga ko‘ra esa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ism-shariflari eng avvalo soliq mulozimlari tomonidan ma‘qullanishi lozim.

Yana Yaponiya, Xitoy.., xullas, so‘nggida o‘rtaga chiqayotgan savol esa, farzandini qanday ism bilan atash kimning huquqi bo‘lishi kerakligiga oiddir. Siz bu borada nima deb o‘ylaysiz?