Qirg‘iziston o‘z fuqarolari O‘zbekistondan deportatsiya qilingani borasida tushuntirish so‘ramoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Xabarlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentga nota yo‘llab, 30 nafar fuqarosining O‘zbekistondan chiqarib yuborilishi yuzasidan tushuntirish berishni so‘ragan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi konsullik xizmatidan Almaz Imangaziyevning matbuotga aytishicha, qirg‘iz tarafi bu odamlar o‘z oilalaridan ajratilganligi uchun deportatsiya sabablarini bilishni istaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 nafar Qirg‘iziston fuqarosi 10-20 yildan beri o‘zbekistonliklar bilan turmush qurib, ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara hududida yashab kelishayotgan bo‘lgan. Va ular "O‘zbekistonda yashash uchun zarur ruxsatnomalari bo‘lmaganligi uchun mamlakatdan chiqarib yuborilgan".

Qirg‘iz rasmiysiga ko‘ra, hozir bu ayollar Qirg‘iziston janubida yashab turishibdi.

Ayni paytda Imangaziyevning aytishicha, hali O‘zbekiston hukumati qarori ortidagi sabablar qorong‘u qolmoqda.

"O‘zbekiston ichki qonunlarini mustahkamlagan va shu bois, xorij fuqarolarini deportatsiya qilish yuzasidan qaror olgan bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham, biz oilalarni qayta birlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz", deb aytgan "KirTAG" agentligiga gapirgan Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi konsullik xizmati rahbari.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga norozilik notasi 12 may kuni yo‘llangan va ushbu savolni yechishga yordam berish so‘ralgan.