Сўнгги янгиланиш 9 июн 2011 - 13:06 GMT

Robert Blake: "Qirg‘iziston hukumati zo‘ravonliklar oldini olishi zarur"

Robert Blake xaqlaro komissiya xulosalarini qo‘llab-quvvatlashini aytadi

Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklarga roppa-rosa bir yil to‘lmoqda.

To‘rt kecha-kunduz davom etgan qon to‘kishlar, talon-taroj va o‘t qo‘yishlar natijasida 400 dan ortiq inson halok bo‘ldi, minglab odam jarohat oldi, ko‘plab mahallalar vayron etildi va yuz minglab insonlar o‘z uy-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishdi.

Tashqi dunyo inqiroz miqyosi va sur‘atidan larzaga kelgandi.

Mintaqaga birinchilardan bo‘lib safar qilganlardan biri Amerika Davlat kotibining yordamchisi Robert Bleyk edi.

Janob Blake O‘zbekiston chegara hududlarida qirg‘izistonlik qochqinlar uchun shoshilinch tarzda barpo etilgan jamloqlarga safar qildi.

Qirg‘iziston Qo‘shma Shtatlar uchun uning Afg‘onistondagi amaliyotarida strategik ahammiyatga ega.

BBC Robert Blake bilan suhbatlashib, avvaliga undan bir yil muqaddam Farg‘ona vodiysiga qilgan safaridan nimalar yodida qolganini so‘radi?

Blake: O‘tgan iyun to‘qnashuvlaridan keyin men darhol O‘zbekiston va Qirg‘izistonga safar qildim. Bir oy o‘tib men yana Qirg‘izistonning Bishkek va ko‘plab zo‘ravonliklar yuz bergan O‘sh shaharlariga bordim. Birinchi safarim chog‘ida o‘sha paytda O‘zbekistonga o‘tgan ko‘plab qochqinlar bilan uchrashganim esimda bor. Ularning deyarli hammasi ayollar edi. Chunki erkaklarning ko‘pi o‘z mol-mulklarini himoya qilish uchun orqada qolishgandi. Bu ayollar o‘zlari va yaqinlari boshidan kechgan yurakni ezuvchi zo‘ravonliklarni so‘zlab berishdi. Oradan bir oy o‘tib O‘shga borganimda o‘sha zo‘ravonliklar oqibatlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Menimcha, 400 dan ortiq odam o‘ldirilgan va yana ko‘plar jarohat olgan, 400 ming odam o‘z uy-joylarini tashlab chiqishgan, O‘sh va Jalolobodda ko‘plab uylar va do‘konlar yo buzilgan yoda qattik shikast yegandi. Oradan bir yil o‘tib ortga qarar ekanman men Qirg‘iziston xalqi va hukumatining mamlakatni qayta qurish va qayta birlashtirish sari tashlagan qadamlaridan ruhlanganimni aytib o‘tishim kerak. O‘tgan yil biz Qirg‘izistonning konstitutsiyaviy referendum o‘tkazgani, tinch va raqobatli parlament saylovlari tashkil etganini ko‘rdik. Biz uchun eng muhimi ularning hammasi zo‘ravonliklar yuzasidan boshlatilgan xalqaro tekshiruvlarda hamkorlik qilishgani va xalqaro hisobotni Qirg‘iziston ichkarisida nashr etishga izn berishgani bo‘ldi.

BBC: Keling, siz aytgan xalqaro hisobotga to‘xtalsak. Siz, ilk navbatda, Qirg‘iziston hukumatidan xalqaro hisobot tavsiyalarini e‘tirof etishni so‘radingiz. Ammo, mazkur hisobot Qirg‘izistonda ko‘plab siyosatchilar tomonidan keskin qoralandi. Qo‘shma Shtatlar hisobotda bildirilgan aniq xulosa va tavsiyalarni dastaklaydimi? Chunki, ularning ba‘zilari nihoyatda ziddiyatli. Misol uchun, o‘zbek tili maqomini kuchaytirish, milliy ozchiliklar vakillariga hukumat va politsiyada ko‘proq joy ajratish va hokazolar.

Blake: Umuman olganda biz hisobotni qo‘llab-quvvatlaymiz. Muayyan tavsiyalarga izoh bermoqchi emasman, ammo, mening o‘ylashimcha, xalqaro tekshiruv ba‘zi muhim muammolarga chin ko‘ngil bilan e‘tibor qaratishga harakat qilgan. Men, shuningdek, qirg‘iz hukumati ham - ilk navbatda mazkur tekshiruvda hamkorlik qilgani va, avvalroq aytganimday, tekshiruv natijalarini Qirg‘iziston ichkarisida chop etishga ruxsat bergani uchun - tahsinga loyiq, deb o‘ylayman. Bunday hamkorlik o‘xshash sharoitlar uchun ancha noodatiydir. Men, shuningdek, qirg‘iz hukumati misol uchun, adliya tizimi, hakamlarni tanlab olish jarayonini yaxshilash kabi mazkur hisobotda ko‘tarilgan ko‘plab masalalarga e‘tibor qaratish zarurligini tushunadi, deb o‘ylayman. Ammo, aytib o‘tishim shart, ayni damda biz ba‘zi mahbuslarga bo‘lgan munosabatdan chuqur xavotirdamiz va buni qirg‘iz hukumatidagi do‘stlarimiz bilan bo‘lgan ko‘plab uchrashuvlarimiz paytida ko‘targanmiz. Biz inson haqlarining huquq-tartibot idoralari tomonidan buzilishi hollari to‘xtatilishi va izchil tekshirilishi juda muhimligini ta‘kidlaganmiz. Bu masala uchrashuvlarimizning muhim mavzusi bo‘lib qolmoqda. Shu hafta oxirida men Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri bilan yuqori darajada muzokara o‘tkazaman. Unda ham inson haqlari masalasiga katta joy ajratiladi.

BBC: Yana hisobotga qaytsak. Xalqaro hisoboti chiqishidan ko‘p o‘tmay Qirg‘iziston parlamenti hisobot muallifi finlandiyalik diplomatni mamlakatda persona non grata, ya‘ni kirishi ta‘qiqlangan shaxs, deya e‘lon qildi. Siz, ba‘zi kuzatuvchilar aytmoqchi, Qirg‘izistondagi bundan millatchilikdan xavotirdamizsiz?

Blake: Biz xavotirdamiz, albatta. Menimcha, professor Kilyunen barcha muammolarga jiddiyroq qarash va qo‘rquvni imkon qadar aritish uchun chin ko‘ngildan harakat qildi. U va hisobotni tayyorlashda ishtirok etgan odamlar ayni masalalar bo‘yicha haqiqiy mutaxassislardir. Men qirg‘iz hukumati uchun ushbu hisobotga jiddiy qarash, mas‘uliyatli bo‘lish va adolatni qaror toptirishda qo‘shimcha odimlarni tashlash juda muhim, deb o‘ylayman. Ammo, eng muhimi qirg‘iz hukumati musolahani tashviq etishi va zo‘ravonliklarning takrorlanishini bartaraf etishi zarur. Chunki, biz o‘tgan iyunda yuz bergan eng yomon zo‘ravonliklarning bir yilligi arafasida turibmiz.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.