Сўнгги янгиланиш 15 июн 2011 - 13:32 GMT

CPJ: "O‘tinboyeva Qirg‘izistonda ta‘qiblarni to‘xtatishi shart"

Jurnalistlarni himoya etish xalqaro qo‘mitasining Qirg‘iziston prezidentiga maktubi ana shunday nomlanadi.

Qo‘mita ijroiy rahbari Qirg‘iziston janubidan bo‘lgan ikki mahalliy media sohibining ta‘qib etilishidan chuqur xavotirda ekanini aytadi.

Inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovning o‘tgan yilgi iyun nizolari bilan aloqadorlikda bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilishidan jiddiy tashvishda ekanini bildiradi.

"So‘z erkinligi va qonun ustivorligini ta‘minlash sizning vazifangizga kiradi. Ammo barchasi etnik o‘zbek bo‘lgan Xalil Xudoyberdiyev, Javlon Mirzaxo‘jayev va Azimjon Asqarovlarning ta‘qib etilishi bunga to‘g‘ri kelmaydi. Bu kabi holat hukumatingizning iyun nizolari ortidan millatlararo ishonchni qayta tiklash yo‘lida olib borayotgan sa‘y-harakatlarini izdan chiqaradi," deb yozadi janob Joul Saymon.

Xalqaro qo‘mitaning bayon qilishicha, tekshiruvlari uchovlonga qarshi ayblovlar jurnalistik faoliyatlari uchun mahalliy tergovchilar tomonidan to‘qib chiqarilganini ko‘rsatgan.

Maktubda, yana shuningdek, mas‘ullarning Azimjon Asqarovning vaqtinchalik hibsxonada qiynoqlarga solinganiga oid xabarlarni tekshirishdan bosh tortganliklari ham aytiladi.

Xaliljon Xudoyberdiyev O‘shTV kanalining asoschisi va sohibi edi. Javlon Mirzaxo‘jayev esa, Mezon TV mustaqil kanali, "Itogi nedeli" va Portfel" gazetalariga egalik qilgan.

- Ularning bizga aytishlaricha, 2010 yilning may oyida janubiy Jalol-Obod viloyatidagi norozilik namoyishlarini yoritishgani uchun ta‘qib etilishmoqda, deydi xalqaro qo‘mita.

Maktubdan ayon bo‘lishicha, internetda imkonli bo‘lgan ushbu videolavhalarda o‘zbek lideri va Jalol-Obod hokimining zo‘ravonliklar va sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning qudratga qaytishini qoralaganliklari aks etgan.

"Prokurorlar esa, har ikki media sohibini ham ommaviy tartibsizliklarni uyushtirish va ularda ishtirok etish, bo‘lginchilikka chaqirish, millatlararo va dinlararo adovatga gijgijlash, o‘z xizmat vazifasini suiise‘mol etish va noqonuniy ravishda qurolli guruh tuzishda ayblashdi," deydi xalqaro qo‘mita.

Maktubda muhojiratga yuz tutishga majbur bo‘lgan ikkovlon o‘zlariga qo‘yilgan ayblardan mahalliy matbuot orqali xabar topishgani ham yoziladi.

"Janob Xudoyberdiyev bizga o‘z televizion kanalining faoliyati O‘sh shahar hokimi Melis Mirzakmatovning buyrug‘i bilan to‘xtatib qo‘yilganini aytdi. Unga ko‘ra, hokim o‘zini idorasiga chaqirib, O‘shTVni qirg‘izlarga sotishga majbur qilgan," deydi xalqaro qo‘mita.

O‘z o‘rnida, maktubda O‘sh shahar hokimining "Ozodlik" radiostantsiyasi Qirg‘iz Xizmatiga bergan suhbatida jurnalistning da‘volarini savol ostiga olmagani, ammo televizion kanalni ig‘vogarona bayonotlar berishda ayblagani ham keltirib o‘tiladi.

Xalqaro qo‘mitaga ko‘ra, janob Xudoyberdiyevning televideniyeda ishini davom etdirishga izn berilgan bo‘lsa-da, xavfsizlik xizmatlarining po‘pisalari va davomiy tahdidlari uni Qirg‘izistonni tark etishga majbur qilgan.

"Xuddi shuningdek, O‘sh hokimi MezonTVni ham yopishga buyruq bergan. Shundan so‘ng televizion kanal qaytib faoliyat yuritmadi. Hayotiga qilingan tahdidlar ortidan, janob Mirzaxo‘jayev ham mamlakatdan chiqib ketdi. Buning oqibatida gazetalari ham chiqmay qo‘ydi," deydi xalqaro qo‘mita.

"Ma‘muriyatingizning yuqori martabali mulozimlari o‘tgan oy Nьyu Yorkdagi yig‘in chog‘ida norozilik namoyishlarini yoritish Qirg‘izistonda jinoyat sanalmasligini aytishdi. Mas‘ullar qiynoqlarga oid xabarlarni tekshirishayotganini ta‘kidlashdi. Lekin ularning bayonotlariga qaramay, amalda hech narsa o‘zgarmadi. Qirg‘iz tergovchilari har ikki televizion kanal rahbarini ayblashdan to‘xtashmadi. Azimjon Asqarovning Jalol-Obod hibsxonasida militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangani hodisasini jiddiy o‘rganishmadi," deydi janob Saymon o‘z maktubida.

Xalqaro qo‘mita, o‘z o‘rnida, Qirg‘iz prezidentiga hukumati matbuot erkinligi va qonun ustivorligini ta‘minlash ahdida qat‘iy ekaniga oid oshkora bayonotini eslatadi. Va O‘tinboyeva xonimni aytgan so‘ziga amal qilishga undaydi.

Qirg‘iziston rahbariga yo‘llangan maktubda yozilishicha, O‘zbek ommaviy-axborot vositalari vakillariga qarshi ta‘qiblar zudlik bilan to‘xtatilishi lozim.

Xalqaro qo‘mita, yana shuningdek, Qirg‘iziston Adliya vazirligini mavjud ma‘lumotlarga tayanib, mahalliy tergovchilarning o‘z xizmat vazifalarini suiiste‘mol etganliklari yuzasidan tergov olib borishga undaydi. Bo‘lajak mahkama jarayonlari va hukmlarni bekor qilishga chaqiradi.

"O‘tinboyeva xonim. O‘zbek tilidagi ommaviy-axborot vositalarining faoliyatini qayta tiklash bilan Siz Qirg‘izistonda tanglikka olib kelgan milliy bo‘linishga barham bergan bo‘lasiz. Bu kabi dolzarb masalaga e‘tibor qaratganingiz uchun tashakkur," deya o‘z maktubiga yakun yasaydi Jurnalistlarni himoya etish xalqaro qo‘mitasi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.