Iyun qirg‘ini: O‘shning ko‘rinmas jarohatlari

Bir yil oldingi O‘sh xunrezligi chog‘i yosh bolalar doxil minglab insonlar aql bovar qilmaydigan zo‘ravonliklarga shohid bo‘lishdi. Insonlar ko‘z o‘ngida uylariga o‘t qo‘yildi, yaqinlari o‘ldirildi va yo o‘z jonlari xavf ostida qoldi.

Bugun odamlar uylarini tiklashmoqda, sekin-asta ish-o‘qishga chiqishayapti. Biroq dahshatli xotiralar hali eskirmagan.

"O‘zim ham, bolalarim ham uyga kiramizu, yana oh tortib chiqib ketamiz. Marhumlar ko‘zlarimizga ko‘rinib ketaverishadi. Hozirgacha uy yonsa yonib ketmaydimi, o‘lmay qolishsa, qani edi, deb o‘ylayman" - deb xo‘rsinadi qo‘lida yosh o‘g‘ilchasini ko‘tarib olgan Dilbarxon.

U iyun nizolaridan eng ko‘p jabr chekkan Cheryomushki mahallasidagi yarim vayrona hovlisini ko‘rgani kelgan. Dilbar bugun to‘rt bolasi bilan onasinikida yashaydi. O‘tgan iyun zo‘ravonligida erini, qaynona va opasini yo‘qotgan. Bir yil o‘tibdi hamki, bu kabi katta yo‘qotishni xayoliga sig‘dirolmasligini aytadi.

"Kunduzlari bilinmaydi. Kech kirishi bilan hammalari xuddi eshikdan kirib kelishayotgandek tuyulaveradi. Yetim qolgan to‘rtta bolam uchun endi men yashashim kerak. Men ham o‘lib qolsam, ularni kim boqadi. Shuning uchun ham o‘zimni o‘zim ovutish, chalg‘itishga harakat qilaman" - deydi u.

Bu xonadon bolalari o‘z uylariga qilingan hujumlar, yaqinlari, otalari o‘ldirilishiga guvoh bo‘lishgan. Hozir to‘rt yashar Mo‘‘bina ko‘z o‘nggida otasi o‘ldirilganidan beri gapirmay qolgan. Onasi uning ilgari bijirlab tili chiqqanini aytadi.

Image caption 4 yoshli Mo‘‘bina iyun nizolari chog‘ida tildan qolgan

"O‘tgan yilgi urush payti qizim gapirmay qoldi. To‘rtga kirayapti. Har tun yig‘lab chiqadi" -deydi Dilbarxon.

Milliy nizolariga bir yil to‘larkan, O‘shda odamlar orasida yana zo‘raovnlik qaytarilmasmikan, degan vahima va xavotir kuchaygan. Lekin hukumat xavfsizlik choralariga ham katat e‘tibor qaratdi va qo‘shimcha kuchlarni safarbar etdi.

Biroq Dilbarxonning aytishicha, bu harbiylar endi ularni himoya qilgani kelishganini yosh bolalariga tushuntira olmaydi. Chunki norasidalar bir yil oldin harbiy kiyimdagi odamlar qanday o‘t ochishganiga shohid bo‘lishgan.

"Bolalarim, ayniqsa, ikkinchi qizim ko‘chada harbiy libos kiygan odamni ko‘rsa, orqasiga qaramay qochadi, ishonasizmi. "Paq, paq" deydi. "Meni otadi" deydi. Avval bolalarim katta bo‘lishsa, o‘qitaman, deb niyat qilardim. Hozir bunday umidim yo‘q. Faqat ertangi kun qanday bo‘larkin, qanday tong otarkin, deb o‘ylayman. Tong otgach esa, Xudoga shukur, tinchlik ekan, deymiz" - deya davom etadi Dilbarxon.

Dilbarxon bolalarini ruhshunosga ko‘rsatib, muntazam davolata olmaydi. Bu uchnu na O‘shda mutaxassis yetishmadi, na oilada pul bor.

Zo‘ravonlik ortidan O‘shga kelgan bishkeklik shifokorlar bu kabi insonlarga bir muddat ruhiy ko‘mak berishgan, ammo hozir aksariyat qaytib ketgan.

Dilbarxonning qayin-singlisi butun oilasi, kattayu kichik bir yildan beri vahima bilan uyquga ketib, xavotir bilan ko‘z ochishlarini aytadi. Insonlar dahshatli zo‘ravonlik yana qaytarilib qolmasmikan, degan vahimadan hamon qutula olishmagan.

"Tunlari uxlolmaymiz. Bir narsa "taq" etsa ham, yana nima bo‘ldiykin, deb vahimaga tushib qolamiz. Hamma odamlar yurak oldirib qo‘yishgan" - deydi u.

Ko‘pchilik ruhiy zarbadan o‘ziga kelolmagan yaqinlarini kasalxonalarga emas, sinashta shifokorlarga olib borishadi. Nafaqaxo‘r ruhshunos Abdukarim Ashurov o‘zbek-qirg‘iz chegarasiga yaqin qishloqda yashaydi. Bugun undan yordam so‘rab kelayotganlarning soni ko‘p.

"Ular uyqusizlikdan shikoyat etishadi. Qandaydir noma‘lum shaxslar o‘zlariga qarab turgandek tuyulishini aytishadi. Keyin ularning ruhiy ahvoli ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ham bog‘liq. Yeyish-ichishlari haminqadar. Chunki hamma narsa qimmatlashib ketgan" - deydi mahalliy ruhshunos.

Image caption Yoshu katta bugun o‘z bilganicha o‘zini chalg‘itib, dardini aritishga intiladi

Yoshu katta bugun o‘z bilganicha o‘zini chalg‘itib, dardini aritishga intiladi. Lekin ruhshunos Ashurovga ko‘ra, bu insonlarga ruhiy yordam berish va hayotga qaytarish uchun Qirg‘izistonda davlat miqyosida ish olib borilishi zarur.

"Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu masalaga e‘tibor qaratib, zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak. Qishloqlarda ham, shaharlarda ham xalqning sog‘lig‘i uchun haqiqatda jon kuydirib ishlaydigan mutaxassislar ishlashi lozim. Buning uchun vazirlikka mablag‘ ajratilgan. Ammo oldimga kelgan odamlardan boshqa yerga murojaat qildingizmi, desam, qayerga borsak, pul so‘raydi, shuning uchun qaytib keldik, deyishadi" - noliydi nafaqadagi shifokor.

Yaqinlarini yo‘qotganlar kimgadir yuragidagi dardini ochishga imkonli. Ammo O‘shdagi zo‘ravonlikda o‘nlab ayollar jinsiy tahqirlangan. Bu hech kimga, ba‘zan hatto qarindoshlariga ham yuragini yorolmaydi.

Ayollarga qarshi zo‘ravonliklarga guvoh bo‘lgan Hafiza Mahmudova bir yildirki, mana, ayollar haqlari faoliga aylanib qolgan.

"Umuman musulmon ayolning ori bor, nomusi bor. Oriyatlari shunchalik kuchliligidan miq etib og‘iz ochishmagan. Ular, "Opa, biz bu dardimizni o‘zimiz bilan birga qabrga olib ketamiz" - deb ham aytishadi. Ular hayotimiz endi o‘nglanmaydi, deb o‘ylashadi. Biz jabrdiyda ayollarga turli so‘zlar bilan tasalli berib, ham ruhiy, ham tibbiy jihatdan yordam ko‘rsatishga intilayapmiz" - deydi Hafiza Mahmudova.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, yosh ayollar, ba‘zan esa, ularning erkak qarindoshlari orasida o‘z joniga qasd qilishga urinish hollari uchramoqda.

Ayrim ayollarning ahvoli shu darajada yomonki, ularni O‘shda davolatib bo‘lmaydi. Chet elga jo‘natish uchun esa pul kerak.

"Hozir ularga yordam berish uchun yetarlicha mablag‘imiz yo‘q. Ular ham yashasin. Bolalari uchun ona kerak-ku" - deydi Hafiza Mahmudova.

Faollarning ta‘kidlashicha, ayniqsa, o‘zbek ayollar bugun ko‘cha va yo bozorda ham turli haqorat va tahqiromo‘z so‘zlarni eshitib ham, jim turishga majburlar.

O‘tgan iyundagi zo‘ravonlikda minglab, balki yuz minglab insonlar olgan ruhiy zarba - O‘sh fojeasining ko‘rinmas jarohati. Bu yashirin jarohatni tuzatish yo‘lida insonlarga yordam berilmas ekan, O‘sh fojeasi bu insonlar bilan har kun, har tun birga bo‘lib qolaveradi.