Avstriya prezident Nazarboyevga sobiq kuyovini topshirmasligini aytdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Prezident Nazarboyevning navbatdagi urinishi ham chippakka chiqdi

Avstriya Qozog‘istonning Rohat Aliyevni ortga ekstraditsiya etish so‘rovini yana bir bor rad etdi.

Prezident Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovini qozog‘istonlik mas‘ullarga topshirmaslik qarori Vena mahkamasi tomonidan berildi.

Vena mahkamasi o‘z hukmini qanday asosda olganini ochiqlamadi.

Mahkama to‘rt yil burun ham rasmiy Ostonaning Rohat Aliyevni topshirish so‘rovini qondirmagandi.

Vena mahkamasi buning sababini Qozog‘istonda janob Aliyev ustidan adolatli mahkama jarayoni o‘tkazilishining kafolati yo‘qligi bilan izohlagandi.

Yaqinda Qozog‘istonda prezidentning sobiq kuyoviga yangi ayblovlar ham qo‘yildi.

U "Nurbank"ning ikki menejerini o‘ldirishda ayblanmoqda.

Buning ortidan prezident Nazarboyev o‘z kuch tizimlariga yangi talab bilan chiqdi.

Qozog‘iston rahbari sobiq kuyovi va ushbu qotilliklarda aloqasi bo‘lgan shaxslarning ortga qaytarilishi uchun ularni "qo‘llaridan kelgan barcha choralarni ko‘rish"ga undadi.

Ayblovlar

Rohat Aliyev bundan bir necha yil burun "Nurbank" rahbariyati bilan janjallashib qoladi.

Unga qo‘yilayotgan ayblovlar ham aynan ana shu mashmashalarga borib taqaladi.

Janob Aliyev ushbu bankning hissadorlaridan biri bo‘lgan.

Prezidentning kuyovi bank vakillarini tovlamachilikda ayblaydi.

Bankirlarning yaqinlari esa, aybni Rohat Aliyevning o‘ziga yuklashadi.

2007 yilning boshlarida bankning menejerlari - Joldas Timraliyev va Aybar Hasenovlar yo‘qolib qolishadi.

Ularning yaqinlari yuz bergan hodisada Rohat Aliyevni ayblashadi.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari avvaliga prezident kuyovining yonini olishadi.

Ammo Rohat Aliyevning prezident Nazarboyev bilan shundoq ham tang bo‘lgan munosabatlariga butkul putur yetadi.

Vaziyat o‘zgaradi. Prezident kuch tizimlariga "kim ekaniga qaramay," tergov olib borishga buyruq beradi.

Buning ortidan Rohat Aliyevga qarshi jinoiy ish ochiladi. U "Odam o‘g‘irlash" va "Tovlamachilik"da ayblanadi.

Qamoq jazosi

Keyinroq rasman aybdor, deb topilgan Rohat Aliyev Avstriyada ekani chog‘ida sirtdan 20 yillik qamoq jazosiga hukm etiladi.

Ungacha prezident Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a eridan ajrashishga ulguradi.

Bedarak ketgan ikki bank menejerining jasadi Olma ota shahridan topiladi.

Mas‘ullar bu haqda shu yilning may oyida e‘lon qilishadi.

Rohat Aliyevga qarshi yangi ayblovlar xuddi ana shu xabar ortidan qo‘yiladi.

Raddiya

Qozog‘iston prezidentining sobiq kuyovi o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etadi.

Rohat Aliyev qaynotasining kursisiga ko‘z tikkanligi uchun boshi shunday kasofatlarga qolganligini iddao qiladi.

Janob Aliyevning veb sahifasida yaqinda chop etilgan bayonotda aytilishicha, unga qarshi jinoiy ish "Nazarboyev tuzumi tomonidan to‘qib chiqarilgan".