O‘rinboy Usmon:"Faqat bolalarim bag‘riga qaytsam bo‘ldi"

Image caption O‘rinboy Usmon o‘z yaqinlari bilan uchrashuvda barcha ayblovlarni rad etgan.

BBC muxbiri O‘rinboy Usmonning o‘z oila a‘zolari - rafiqasi, o‘g‘li, singlisi va akasi bilan uchrashishiga ruxsat berilgan. Yarim soatcha davom etgan uchrashuvda Xavfsizlik Qo‘mitasi vakillari hozir bo‘lib turishgan.

BBC jurnalisti O‘rinboy Usmonning oila a‘zolari uning ahvoli tushkunligini, ruhan ezilgan alfozda ekanligini aytishmoqda. Ammo u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni keskin rad etgan.

"Men qurbon bo‘ldim, birinchi kun o‘zimni o‘ldirmoqchi ham bo‘ldim" - deb aytgan oila a‘zolari bilan ilk uchrashuvda Urinboy Usmon - "Men hozir faqat bolalarim, oilam bag‘riga qaytishni istayman".

U kishini ruhan juda sindirishgan ko‘rinadi, ahvollari tushkun, deb aytishdi BBC bilan suhbatda yaqinlari.

Oila a‘zolari sizni qiynashdimi, deb savol berisharkan, jurnalist xonadagi Xavfsizlik Qo‘mitasi vakiliga qaragan va "Yo‘q, tegishmadi", deb javob bergan.

U o‘ziga qo‘yilgan ayblarni qat‘iyan rad etgan va Hizbut Tahrirga mutlaqo qarshiligini, uning a‘zolari, deb bilingan insonlar bilan esa faqat jurnalist sifatida, xabar tayyorlash uchungina gaplashganini ma‘lum qilgan.

Shuningdek, ular bergan kitoblarni o‘sha zahotiyoq yoqib tashlaganini qayd etgan.

O‘rinboy Usmon BBC tavfsiyasi bilan Tojikistondagi Hizbut Tahrir faoliyatiga oid qator radioxabarlar tayyorlagan, maqolalar yozgan. U so‘nggi 10 yil davomida BBCning shimoliy Tojikistondagi muxbiri sifatida faoliyat yuritib keladi.

Xonada hozir bo‘lgan xavfsizlik qo‘mitasi vakili ham O‘rinboy Usmon hozircha faqat Hizbut Tahrirda ayblanib, hibsga olingan uch kishining ko‘rsatmasi bilan ushlanganini qayd etgan.

Jurnalist 13 iyun kuni bedarak ketgan va ertasi kuni bir necha nafar Xavfsizlik Qo‘mitasi vakillari uni birga olib kelib, uyini tintuv qilishgandi.

Shu paytgacha jurnalist bilan faqat hukumatparast matbuot vakillari uchrashishgan. Keyiroq bir bora advokati bilan ko‘rishishiga ruxsat berilgandi. Oilasi bilan esa ilk bora uchrashmoqda.

Yaqinlariga ko‘ra, shu kunlarda jurnalistni Xavfsizlik Qo‘mitasi hibsxonasidan, militsiyaning vaqtinchalik saqlash hibsxonasi - SIZOga o‘tkazishlari mumkin.

Hozir O‘rinboy Usmonni ozod qilish yo‘lida xalqaro talab va chaqiriqlar kuchaymoqda.

Yaqinlari va hamasblari jurnalistning sog‘lig‘idan ham xavotirda. Uning yuragi xasta, qand kasalligi bilan og‘riydi. Oilasi bilan uchrashuvda esa boshi og‘riyotganini ham qayd etgan.

Qarindoshlariga ko‘ra, hozircha valerianka va og‘riqni qoldiruvchi dorilarni kirgizishgan. Jurnalist qand kasaliga ham chalingan.