"Usmonov ishi Tojikiston uchun qaltis bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda"

"Usmonov ishi Tojikiston uchun qaltis bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda," deb yozadi xalqaro inson huquqlari tashkiloti - Amnesty International - bloggeri.

BBCning Xo‘janddagi muxbiri O‘rinboy Usmon bundan ikki hafta muqaddam Hizb ut-Tahrir firqasiga a‘zolikda gumon qilinib, Tojikiston Xavfsizlik Qo‘mitasi tomonidan hibsga olingan edi.

59 yoshli O‘rinboy Usmon yurak va qand kasalliklari bilan og‘rib keladi.

Bir hafta muqaddam O‘rinboy Usmonning himoyachisi Fayziniso Voxidova o‘z mijoziga qarshi "Tojikiston konstitutsion tizimini kuch bilan o‘zgartirishga ommaviy chaqiriqlar" qilish aybi ilgari surilganini bildirgandi.

BBC va O‘rinboy Usmon bu ayblovlarni rad etadi.

Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan Human Rights Watch, Xalqaro Amnesti, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, hamda Britaniya va AQSh elchixonalari O‘rinboy Usmonning aybsiz ekanini aytib, uning zudlik bilan ozod etilishini talab qilganlar.

Ushbu chaqiriqlarga Tojikiston hukumati hozirga qadar rasmiy bayonot bilan javob bergani yo‘q.

Hibsning ilk kunlarida O‘rinboy Usmon xavfsizlik kuchlari tomonidan do‘pposlangani ishoniladi.

Quyida Amnesty International sahifasida nashr etilgan maqola tarjimasi keltiriladi.

--------------------------------------------------------------------------------

Mehmon Blogi: maqola shu kunlarda Tojikistondan qaytgan jurnalist tomonidan yozilgan.

bu yerga bosing Bildirilgan fikrlar Amnesty International qarashlariga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

13-iyun, dushanba kuni BBC muxbiri, O‘rinboy Usmonov, Xo‘jand shahridagi idorasini odatdagiday tark etdi. Ammo O‘rinboy uyiga qaytmadi. Bundan oilasi xavotirga tushgandi. O‘z rejalarini o‘zgartirish O‘rinboy Usmon xarakteriga umuman mos emasdi. Sokin va o‘ta nozikta‘b inson O‘rinboy Usmonning yoshi oltmishni qoralab qolgan. U - o‘zi yashovchi kichik qishloqning ustuni. Oradan bir kun o‘tib, xavfsizlik xodimlari holdan toygan va aftidan kaltaklangan O‘rinboy Usmonni uyiga olib kelishdi.

Ular uyni ag‘dar-to‘ntar qilishdi; og‘izlaridan bodi kirib, shodi chiqdi; ular nimani izlashayotganini hech kim bilmasdi. O‘rinboy Usmon uni olib ketishlaridan oldin, "bu mening ishim tufayli," deyishga ulgurdi, xolos. Ertasi kuni unga Markaziy Osiyoda keng tarqalgan noqonuniy guruh - Hizb ut-Tahrirga a‘zolik ayblovi qo‘yildi.

Buni O‘rinboy Usmonning do‘sti, u bilan ko‘p yillar birga ishlagan hamkasbi so‘zlab berdi.

O‘rinboy Usmonni oxirgi marta ko‘rganimda, hammasi odatdagiday edi: u "To‘rtinchi Hokimiyat" nomini olgan idorada ishlayotgandi; ikki xonadan idora ichida ikki-uchta kompyuter va kichik oshxona bor. Pastda esa nonvoyxona joylashgan. O‘rinboy Usmon har doimgiday "mehmon keldi," deb issiq non olib kelish uchun pastga oshiqqandi o‘shanda. Idorada Demokratik Partiya faoli va o‘zlarining ilk maqolalarini yozayotgan yosh jurnalistlar o‘tirishardi. "To‘rtinchi Hokimiyat"da hamma o‘zini o‘z uyidagidek his qilardi.

Biz Tojikistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida gaplashdik: yoshlarning ommaviy ravishda qurilish inshootlarida ishlash uchun uzoq Rossiyaga ketayotganlari haqida; chiroqning tez-tez o‘chishi hayotni orqaga tortayotgani, telefon batareyalarini to‘ldirish qiyinlashayotgani haqida; buning tijorat va o‘qishga ta‘siri haqida. O‘rinboy davlat bilan ijtimoiy aloqada bo‘lmaganini his qilgan bolalar nafaqat chegaralarni, balki davlatchilik g‘oyalarini ham inkor etuvchi Hizb ut-Tahrir kabi guruhlarga og‘ib ketayotganidan xavotirda edi.

Biz yoshlar orasida dinga qiziqish kuchayib borayotgani haqida gaplashdik.

"Oldinlari namoz o‘qishga faqat qariyalar chiqishardi," - dedi idoraga kirib kelgan universitet talabalaridan biri. - "Endi esa masjidlarda faqat yoshlarni ko‘rasiz."

Boshqalar esa yosh qizlarning hijobga kirib ketishayotgani haqida, hijobning do‘kon rastalarida qolmayotgani haqida gapirishdi.

O‘ttiz yildan ortiqroq vaqt davomida jurnalistlik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan O‘rinboy bunday ijtimoiy o‘zgarishlarga tushunish bilan yondashish kerakligini aytdi.

O‘rinboy o‘z kasbiy faoliyatining oxirgi o‘n yilini BBC bilan o‘tkazdi.

U ish boshlaganda Tojikiston Sovet Ittifoqi tarkibida edi, Leonid Brejnev Kremlda o‘tirardi. O‘sha paytlarda O‘rinboy Tojikiston shimolidagi "Leninabadskaya Pravda" gazetasida ishlardi. U demokratiya g‘oyalarini targ‘ib etgan ilk jurnalistlardan biri edi.

Bir paytlar u bilan hamkorlik qilgan jurnalistlardan biri O‘rinboyni o‘ta qattiqqo‘l muharrir sifatida eslashini aytadi.

"O‘rinboy aka men yozgan hikoyani qog‘oz qutisiga uloqtirib, "qo‘lingga qalam olishdan oldin, Dostoyevskiyning, hech bo‘lmasa, uchta romanini o‘qigan bo‘lishing kera," deb aytgandi," - deydi bu jurnalist.

O‘rinboy Usmon yozgan insoniylikning barcha qirralarini qamrab olgan edi. Uning so‘nggi "Anqoning urug‘i" sabr-matonat va o‘z ona qishlog‘i "Ispisor" haqida hikoya qiladi.

O‘rinboyga nisbatan Hizb ut-Tahrirga a‘zolik kabi ayblovning qo‘yilishi juda hayratlanarlidir. To‘g‘ri, u ham, ko‘plab o‘zbek va tojiklar singari, besh vaqt namoz o‘qiydi. Ammo uning hayotga Hizb ut-Tahrir kabi firqa g‘oyalari orqali boqishi imkonsiz.

Bo‘lmasa, nega bu hodisa yuz berdi?

Bu yerda Tojikistonni O‘zbekiston va Turkmaniston singari boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga taqqoslash va avtoritar rejim so‘z erkinligini bo‘g‘ayapti, deb baho berish, noto‘g‘ri.

Tojikistonni qandaydir bir modelga solib, tasvirlab bo‘lmaydi. Unda ba‘zida qatag‘onlar, zo‘ravonlik va korruptsiya kuchayadi - ba‘zida esa buning aksi kuzatiladi.

O‘rinboy Usmonning hibsga olinishi militsiyaning oddiy hatosi ham yoki matbuotga qarshi qaratilgan keskin harakat ham bo‘lishi mumkin.

Tojikistonda kuchli liberal sentimentlar ham bor. O‘rinboyning hibsga olinishi tojik matbuotining bosh xabariga aylandi – ushbu hodisa ba‘zida soatma-soat yangilanib turdi.

Uni eng mashhur advokatlardan biri himoya qilmoqda; tarafdorlari esa o‘z fikrlarini dadil aytishmoqda.

Repressiya va liberalizm Tojikistonning xalqaro sahnada tutgan mavqe‘sida ham o‘z aksini topgan.

Tojikistonning yangi sherigi - Xitoy. Pekin Dushanbega yuzlab million kredit ajratgan, poytaxtda yangidan yangi bino va qasrlar barpo etmoqda.

Ayni damda, BMT va Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi kabi liberal institutlar faoliyatini ham sust deb bo‘lmaydi.

Mamlakat 90-yillarda fuqarolar urushini boshdan kechirdi. Janob Rahmon aynan o‘sha yillarda qudratga kelgandi.

Tojikisonda Qo‘shma Shtatlar ham ancha faol.

O‘rinboy Usmonov ishi Tojikiston uchun o‘ta qaltis pallaga to‘g‘ri keldi. Uning mahkamasi Tojikiston qaysi yo‘lni tanlashi va boshqa jurnalistlar kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini belgilab beradi. Agar O‘rinboy aybdor deb topilsa, "To‘rtinchi Hokimiyat" idorasi va undanda kattaroq idoralarda mudhish daricha ochiladi. O‘rinboy ishi bizga hukumatning matbuotga qilich ko‘targanini va bu qilichning kelajakda boshqalarga qarshi ishlatilishi mumkinligini ham ko‘rsatadi.

Agar O‘rinboy Usmon aybsiz deb topilsa, yoda hakam unga nisbatan shartli jazo tayinlasa, bu mamlakat bo‘ylab adliya tizimi va so‘z erkinligini ruhlantirib yuborishi mumkin.

O‘rinboy Usmon uyiga, o‘z oilasi bag‘riga qaytadi. Ammo, endi uning o‘z idorasiga ayni yo‘l bilan qaytishini tasavvur qilish qiyin.