Сўнгги янгиланиш 27 июн 2011 - 14:26 GMT

Tojikiston: Nodavlat tashkilotlar ittifoqi hukumatni qiynoqlarga chek qo‘yishga chaqirdi

Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti Tojikiston qamoqxonalaridagi vaziyatni 2004 yildan buyon tekshirishga imkonli emas

Tojikistondagi mahalliy va boshqa xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari mas‘ullarni asosiy e‘tiborlarini qiynoqlarga chek qo‘yish va qiynoq jabrdiydalari uchun adolatni qaror toptirishga qaratishga undagan.

Bayonot "Amnesti Interneyshnl" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti tomonidan e‘lon qilingan.

Tojikiston militsiyasi ko‘p hollarda mahbuslardan pul undirish, aybiga iqror qildirish yoki biror bir jinoyatda ayblashga asos beruvchi ma‘mulotlarni qo‘lga kiritish uchun qiynoq qo‘llash yoki ularni kaltaklashda ayblanishadi.

Bu kabi zo‘ravonliklar ko‘pincha hibsning dastlabki kunlarida, jabrdiydalarning taqdiridan hali hech kim ogoh bo‘lmagan paytda amalga oshiriladi, deyiladi bayonotda.

Mahalliy himoyachilar va inson huquqlari faollari esa, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining hibsxonalarida ushlab turilgan mahbuslarning qiynoqlar va nomaqbul munosabatlarga duchor etilishlari ehtimoli katta ekanini aytishgan.

Ayon bo‘lishicha, ular qo‘mita hibsxonalarida ushlab turilgan mahbuslarning ishlarini o‘rganib, bu kabi xulosaga kelishgan.

Faollar Adliya Vazirligiga qarashli hibsxona va qamoqxonalarda ham shunga o‘xshash hollar yuz berishi haqida hisob berishgan.

Tojikistonda qayd etilgan qiynoq hollari sifatida elektr tokidan foydalanish, suv yoki qum solingan plastik butilkalarni mahbuslarning jinsiy a‘zolariga osib qo‘yish, jinsiy zo‘rlash va yonib turgan sigaret bilan kuydirish hollari tilga olinadi.

Rezina va temir tayoqlar bilan kaltaklash, mahbuslarni tepkilash hollari ham keng tarqalgani aytiladi.

Qonunlar-chi?

Bayonotga imzo chekkan tashkilotlar mahalliy qonunlarda qiynoqlarga qarshi ko‘zda tutilgan choralarga har doim ham rioya etilmasligidan xavotirda ekanliklarini ham bayon etishgan.

Misol uchun, Yangi Jinoiy Protsessual Kodeksda mahbuslarning qo‘lga olingan paytlaridan boshlab himoyachi olishga haqli ekanliklari aytiladi.

Ammo amalda bu tergovchilarning istak-xohishlariga bog‘liq bo‘lib qolgan. Ular istasalar bir necha kunlab mahbuslarning himoyachi olishlariga izn bermasliklari mumkin, deyiladi bayonotda.

Ayon bo‘lishicha, aynan ana shu paytda oralig‘ida mahbuslarning qiynoq va boshqa nomaqbul munosabatlarga tutilishlari ehtimoli yuqori ekan.

Bundan tashqari, militsiya idorasi yoki vaqtinchalik hibsxonalarga keltirilgan paytlarida mahbuslarning har doim ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmasliklari ham urg‘ulanadi.

Jabrdiydalar esa, qasd olishlaridan qo‘rqib, zo‘ravon huquq-tartibot xodimlari ustidan kamdan-kam hollarda shikoyat etisharkan.

Qiynoqlar va boshqa nomaqbul munosabatlarga qo‘l urgan zobitlarning jazolanmasligi esa, odatiy tus olgan.

Mahbuslarning ahvollari yanada yomonlashishidan qo‘rqib, ularning yaqinlari va himoyachilari ham shikoyat etishmaydi, deyiladi bayonotda.

Hakamlarning ham zo‘ravonliklar ostida qo‘lga kiritilgan dalillarga asoslanib, hukm chiqarish hollari yo‘q emas.

Tojikiston qonunlarida ko‘zda tutilgan qiynoq atamasi Qiynoqlarga qarshi xalqaro konventsiyada belgilanganiga muvofiq kelmaydi.

Qamoqxonalardagi shart-sharoitlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga 2004 yildan buyon Tojikistonga kirishga izn berilmaydi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.