Hamid Ismoilov: "Men O‘rinboyning jismoniy, ruhiy vaziyatdan xavotirdaman"

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

So‘g‘d viloyatida hibsda saqlanayotgan BBC muxbiri O‘rinboy Usmon Tojikistonga safar qilgan BBC Markaziy Osiyo Xizmati rahbari Hamid Ismoil bilan uchrashtirilgan.

Hamid Ismoil o‘z hamkasbining jismoniy va ruhiy vaziyatdan xavotirda ekanini aytar ekan, Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi idorasida kechgan ayni uchrashuvda qo‘mita xodimlari, O‘rinboy Usmonning himoyachisi va tergovchi ham hozir bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Tojikiston rasmiylari kecha BBCning xibsda ushlab turilgan muxbiri O‘rinboy Usmondan Hizb ut-Tahrirga a‘zolik aybini olib tashlashgan edi.

Ammo, O‘rinboy Usmon Hizb ut-Tahrir faoliyati haqida rasmiy idoralarni ogoh etmaganlik aybi bilan hanuz hibsda ushlab turilibdi.

'O‘rinboy Usmon jismonan juda zaiflashgan'

Hamid Ismoil O‘rinboy Usmon "ko‘rinishi ancha zaiflashgan"i, ammo unda "ko‘zga tashlanadigan qiynoq izlari"ni ko‘rmaganini aytadi.

"Meni xavotirga solgan narsa-uning ruhiy kayfiyati. Buni bir ma‘noda tushkunlik deyish mumkin, lekin tushkunlik ham emas. Bu ko‘proq sarosimaga o‘xshagan holat. Ko‘zlari jovdiragan, 5-10 minut gaplashib o‘tirgan bo‘lsak, har bir aytgan gapini tergovchilarning yoki o‘sha xodimlarning ko‘zlariga qarab, javob berdi...Ruhiy holati menga yoqqani yo‘q", deydi Hamid Ismoil.

Hamid Ismoilning aytishicha, u o‘z xavotirlarini Tojikiston uchrashuvdan so‘ng, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlariga "ochiq-oydin" bildirgan.

"Undan tashqari uning jismoniy holati ham meni tashvishga solyapti. Chunki, uning yurak xastaligi bor, qandli diabet xastaligi bor. Bularning bari ta‘sirsiz o‘tayotgani yo‘q. Va nuqtai nazardan u qanchalik tez ozod bo‘lsa, shunchalik yaxshi", deydi BBC Markaziy Osiyo Xizmati rahbari Hamid Ismoil O‘rinboy Usmon bilan uchrashuvdan so‘ng.

Ayni paytda Hamid Ismoil Tojikiston Milliy Xavfsizlik Xizmati xodimlariga BBCning bo‘layotgan hodisaga munosabatini bildirishga uringan. Unga ko‘ra, O‘rinboy Usmon Tojikistonda xorijiy axborot vositasi xodimi sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan va shu bois u birinchi navbatda mamlakat fuqarosi emas, balki "xorijiy axborot vositasi xodimi" sifatida ko‘rilishi kerak.

Yana bir xalqaro tashkilot O‘rinboy Usmon hibs qilinishiga norozilik bildirdi

AQShdagi Teleradio dasturlar Boshqaruv Kengashi Tojikistonda BBC muxbiri O‘rinboy Usmonning Hizb ut-Tahrir tashkilotiga aloqadorlik ayblovlari bilan hibsga olinganidan norozilik bildirayotgan tashkilotlar safiga qo‘shilgan.

"Xalqaro jurnalistlar juda ko‘p hollarda bu kabi g‘ayrioddiy repressiyadan aziyat chekishadi. Bizning Ozod Ovro‘po/Ozodlik radiosidagi hamkasblarimiz O‘rinboyni bu kabi nozik mavzularni mahorat va o‘zi xoslik bilan yoritishini kutish mumkin bo‘lgan mustaqil fikrli jurnalist sifatida bilishadi", deydi Teleradio dasturlar Boshqaruv Kengashi rahbari Volter Isakson.

"Uning boshqa mavzular qatorida Hizb ut-Tahrir haqida xabar berishi jurnalistik faoliyat, jinoyat emas", deya qo‘shimcha qilgan Volter Isakson.

Kengash O‘rinboy Usmonning hibsga olinishini bir yil asnosida Tojikistonda mustaqil matbuotga qarshi kuzatilgan hujumlar oxirgi sifatida ta‘riflagan.