Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara qatnovini yengillashtirmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC Uzbek
Image caption O‘zbek-Qozoq chegarasidan o‘tish uchun odamlar bir necha soatlab tik oyoqda navbat kutishga majbur bo‘ladilar

Qozog‘iston parlamenti a‘zolari qo‘shni O‘zbekiston bilan chegara o‘tish nuqtalarida muammolar ko‘payib ketayotganidan xavotirdalar.

Deputatlarga ko‘ra, bu borada ular ko‘plab shikoyatlar olishmoqda. Majlis vakillari, ikki qo‘shni davlat chegarasida tartib buzilishi tez-tez uchrayotganini qayd etib, odamlarning o‘tib-qaytishini yengillashtirish zarur, degan qarorga keldilar.

Xuddi shu maqsadda quyi parlament vakillari mavjud "Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi chegara o‘tish nuqtalari to‘g‘risidagi kelishuv"ga qo‘shimcha bayonnoma imzoladilar.

"Ikki xalq o‘rtasida qadimdan davom etib kelayotgan bordi-keldi bor. Chegara masalasining hammasi ratifikatsiya qilingan. Biroq hozirgi qo‘shimcha bayonnoma chegaradan o‘tish jarayonida odamlar yuz tutayotgan qiyinchiliklarni yengillashtiradi" - dedi Majlis deputatlaridan Kamol Burxonov.

Burxonov janoblari ushbu yengilliklar nimalardan iborat bo‘lishini izohlamadi. Ammo O‘zbek-Qozoq chegarasidadan o‘tayotganlar sun‘iy to‘siqlarga, bir necha osatlik navbat, qo‘pol munosabat va ortiqcha tekshir-tekshirlarga duch kelishlarini aytishadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida viza tizimi yo‘q, lekin qog‘ozbozlik, sun‘iy to‘siqlar ko‘pligi aytiladi. O‘zbekistonga kirib-chiqishda har bir kishi qariyb 10 daqiqacha vaqt ketkazib, maxsus deklaratsiya to‘ldirishga majbur. Deklaratsiya to‘ldirish hozir Markaziy Osiyoda faqat O‘zbekistonda ishlaydi va qo‘shni mamlakatlar uni allaqachon bekor qilganlar.

Ushbu deklaratsiya ikki nusxada to‘ldiriladi va ko‘pi bilan ikki bojxona xizmachisi unga muhr bosish bilan shug‘ullanadi.

Bundan tashqari, pasport nazoratida ham ikki xodim bir kunda o‘rtacha besh-olti ming odamni o‘tkazadi. Muammo, ayniqsa, Toshkent viloyatidagi chegara maskanlarida kuchli.

Sababi, Toshkent kabi ko‘p millionli shahar va viloyat bilan Qozog‘istonning eng aholi zich janubiy viloyatlari o‘rtasida bordi-keldi ko‘p.

Buning ustiga, O‘zbekiston tomonidagi o‘tish nuqtalarida kerakli sonda mutaxassislar o‘tirmaydi. Shu bois odamlar yo soatlab chegarada turib qolishadi va yo navbatsiz o‘tish uchun pora berishga majbur bo‘ladilar.

Bahor va yoz chog‘i katta sondagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Qozog‘istonga o‘tishadi. Kech kuz va qish payti esa ular yana vatanga qaytib keladilar.

Natijada chegara maskanlarida yil bo‘yi uzun navbatlar uzilmaydi. O‘zbekiston tomoni hozir ushbu mehnat muhojirlarini boshqa fuqarolar va qozog‘istonliklardan ajratilgan holda chegaradan o‘tkazishmoqda.

Qozog‘iston tomonida deklaratsiya to‘ldirish kabi ortiqcha mashaqqat yo‘q, ammo u tarafda ham odamlarning to‘planib qolish hollari uchrab turadi.

Qozog‘istonlik chegarachilarga ko‘ra, bu - O‘zbekiston tomonida odamlar to‘planib qolganidan so‘ng vaziyat taranglashmasligi uchun qozog‘istonliklar majburan qo‘l urgan chora.

Qozog‘iston tomonidan navbatsiz o‘tib olish uchun bir yil oldin 10-20 dollargacha pora olingani aytiladi. Ammo chegara xizmatida o‘tkazilgan chora tadbirlar tufayli bunday ta‘magirlikning keskin kamaygani bildirilmoqda.