Sting qozoq neftchilari piketi tufayli Ostonadagi kontsertini bekor qildi

Image caption Sting O‘zbekistondagi tomoshasi ortidan qattiq tanqidlarga uchragandi

Taniqli britan qo‘shiqchisi Sting o‘zining "Simfonisiti" kontsert turi doirasida Qozog‘iston poytaxti Ostonada bugun, 4 iyulda, bo‘lib o‘tishi rejalangan kontsertini bekor qilgan.

Stingning rasmiy veb sahifasida inson huquqlarini himoya etuvchi Xalqaro Amnesti tashkiloti Stingni Qozog‘istondagi neft ishchilari, ularning kasaba uyushmalari rahbarlari, himoyachilari va ular bilan ishlayotgan inson huquqlari guruhlarining "repressiya va bosimlar"ga tutilayotganidan ogoh qilgani bayon qilinadi.

Qozog‘istonning Mangistau viloyatida ikki oydan beri neftь sohasi ishchilari g‘alayoni davom etmoqda. "Karajanbasmunaygaz", "Ozenmunaygaz", "Razvedka Dobыcha "Kazmunaygaz" shirkatlarining yuzlab ishchilari ochlik e‘lon qilishgan va qolgan o‘n minglab hamkasblari ish tashlashgan.

Ular maoshlari va ish sharoitlaridan norozilar.

Allaqachon 150 million funtga teng boylikka ega Sting 2009 yil oktyabrida Toshkentda o‘zbek prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning san‘at tadbirida ishtirok etgani va buning uchun 1 va 2 million funt sterling orasida to‘lov olgani xabar qilingan.

Bu xabarlar ortidan inson huquqlari va tabiat muhofazasi uchun kurashib keluvchi Sting g‘arb matbuotida qattiq tanqid ostiga olingandi.

"Chiziqni kesish niyatim yo‘q" Bugungi bayonotda aytilishicha, neft ishchilarining vaziyati yomonlashganidan yomonlashib bormoqda va Stingning Ostonada kontsert berishi prezident ma‘muriyatiga bo‘lgan dastakdek talqin qilinishi mumkin. "Bu Sting ishongan barcha qadriyatlarga qarshi" deyiladi unda.

Bayonotda Sting aytgan so‘zlar ham keltiriladi.

Image caption Sting o‘zini dunyo xabarlari va xalqaro inson huquqlari vaziyatidan ogoh faol sifatida taqdim etishga urinib keladi

"Ochliklar, qamoqqa olingan ishchilar va ish tashlagan o‘n minglab odamlar men uchun piket chizig‘ini anglatadi va bu chiziqni kesib o‘tish niyatim yo‘q. Qozoq gaz va neft ishchilari va ularning oilalari bizning dastagimizga, hamda xalqaro matbuot e‘tiboriga muhtoj", deb aytgan Sting.

U Ostonaga kelib o‘z tomoshasini taqdim etish bilan birga 6 iyulga mo‘ljallangan yillik Ostona kuni va Prezident Nursulton Nazarboyevning tug‘ilgan kuni tantanalarida ishtirok etishi kutilgandi.

Nima uchun aynan neftchilar? Olma-otada faoliyat yurituvchi mustaqil jurnalist Joanna Lillisga ko‘ra, aslida Sting uchun qozoq ishchilarining taqdiri emas, o‘z obro‘i muhimroq.

"Neftchilar ishi Sting uchun mutlaqo muhim deb o‘ylamayman. O‘zi umuman Sting aynan mana shu masalani tutib olgani meni hayron qoldirayapti. Nima uchun, masalan, siyosiy repressiyalarni tilga olmayapti, nima uchun parlamentda umuman muxolifat yo‘qligi yoki vakolati cheksiz bo‘lgan avtoritar prezident haqida norozilik bildirmagan? O‘ylaymanki, aslida u bu kontsert unga ancha daromad keltirish bilan birga obro‘siga juda katta putur yetkazishini anglab yetgan", deydi Joanna Lillis.

Sting, shuningdek, biroz avvalroq Belarus poytaxti Minskda yaqinda bo‘lib o‘tishi rejalangan kontsertini ham bekor qildi va uni Litva poytaxti Vilnyusga ko‘chirdi.

Joanna Lillisga ko‘ra, u "Ovro‘poning eng oxirgi diktatori" Aleksandr Lukashenkoni qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinmaslik uchun shunday chora ko‘rgan. "U aftidan O‘zbekistondagi tomoshasi ortidan yegan qarsakilari tufayli bunday mamlakatlarda tomosha berish o‘z obro‘sini tushirishini anglab yetgan", deydi jurnalist.

Xo‘sh, Sting endi Ostonada kontsert bermasligi Qozog‘iston yoki Nazarboyev uchun nimani anglatadi? Ular uchun biron farqi bormi buning?

"Menimcha, farqi bor, chunki Qozog‘iston o‘zining xalqaro sahnadagi imidji ustidan juda chuqur qayg‘uradi. Bu Qozog‘iston obro‘si uchun, va ayniqsa Nazarboyev obro‘si uchun katta zarba degani. Buni eshitgan Nazarboyev g‘azablanishi va uyatga qolishiga men aminman. Hukumat hozircha biron munosabat bildirgani yo‘q, ammo u xalqaro xabar agentliklari sarlavhalariga chiqqan bu yangilikdan taassuf izhor qilishi va uyatga qolishi turgan gap", deydi qozog‘istonlik jurnalist.