Ashxobod yaqinidagi portlashga nima sabab bo‘lgan?

Фото муаллифлик ҳуқуқи ashgabat

Turkman rasmiylari havo haroratining ko‘tarilib ketgani poytaxt Ashxobod yaqinidagi pirotexnika omboridagi portlashga sabab bo‘lgan, demoqdalar, biroq Abadandagi qurol-yarog‘ omboridagi portlash katta talofotlarga sabab bo‘lgani haqida xabarlar olinmoqda.

Portlashlar 7 iyul kuni Ashxoboddan 20 kilometr uzoqlikdagi Abadan, sobiq Bezmein shahrida tushdan keyin ro‘y bergan.

Ashxobod shahrida yashaydigan kishilarning aytishlaricha, Abadan tarafdagi tutunni va portlashlar ovozlarini poytaxtda ham ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot e‘lon qilgan, mahalliy aholi qisman ko‘chirilgani xabar qilingan.

Ashxobod shahrida qisman elektr ta‘minoti to‘xtatilgan, sababi Turkmaniston poytaxtiga elektr energiyasi Abadandagi gaz bilan ishlaydigan Bezmein GRESIdan uzatiladi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov hukumatning maxsus majlisini o‘tkazgani xabar qilingan.

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, "Turkmanistonda shu kunlarda bo‘layotgan jazirama issiq tufayli mushakbozlikka mo‘ljallangan pirotexnika vositalari maxsus omborida yong‘in kelib chiqqan va portlash ro‘y bergan".

"Qurbonlar va katta vayronalar yo‘q. Aholiga azrur tibbiy, ijtimoiy va boshqa ko‘maklar ko‘rsatilayapti. Hodisa joyiga yaqin joyda istiqomat qilgan aholi xavfsiz joyga ko‘chirilgan", deya xabar tarqatgan Tashqi ishlar vazirligi.

Muhojirotdagi Inson huquqlari bo‘yicha Turkman tashabbus guruhi portlashlar qurol-yarog‘ omborida yuz bergani haqida xabar qiladi.

Guruhga ko‘ra, dastlabki portlash payshanba kuni soat 16.40 da sodir bo‘lgan.

"Darhol telefon aloqasi to‘xtatildi. Qarindoshlar bir-birlariga qo‘ng‘iroq qila olmay qoldilar. Keyinroq, yarim soatdan keyin butun mamlakat bo‘ylab Internet uzib qo‘yildi", deb xabar qilgan Xronika Turkmanistana veb-sahifasi.

"Ko‘p insonlar halok bo‘lgani haqida bizga xabar berishayapti, lekin qurbon bo‘lganlarning taxminiy sonini aniqlash ham imkonsiz. Shahar ko‘chalarida ko‘plab portlamay qolgan snaryadlar yotgani hayida aytishmoqda, Abadanda vahima boshlangan, ommaviy talon-tarojliklar boshlangan", deb yozadi inson haqlari guruhi Internet sahifasi.

Turkmanistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Abadandagi portlashlar tufayli o‘nlab va yuzlab harbiylar va tinch aholi jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin.

Abadan shahriga eltuvchi yo‘llarga tekshirish nuqtalari o‘rnatilgani, shahar militsiya va harbiylar bilan o‘rab olingani haqida xabar qilinmoqda.