Shimoliy Afg‘onistonda cakkiz politsiyachi o‘ldirilgan

Image caption Doimo tinch bo‘lib kelgan Shimoliy Afg‘onistonda ham so‘nggi paytlari jangarilar faoliyati kuchaygan.

Shimoliy Afg‘onistonning Jouzjon viloyatida yo‘l chetida o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida 8 nafar politsiya xodimi halok bo‘lgan.

Hujum Fayzobod tumanidagi Ko‘kaldosh qishlog‘ida sodir etilgan. Jouzjon rasmiylariga ko‘ra, politsiyachilar o‘tirgan avtomashina yo‘l chetida o‘rnatilgan bombaga duch kelgan va butunlay vayron bo‘lgan.

Ular bu mintaqadagi dehqonlar orasida sug‘orish suvi tufayli yuzaga kelgan mojaroni hal qilish uchun borgandilar.

Mulozimlar ayni damda hujum ortida turgan shaxslarni izlashayotganini aytishmoqda. Hozirgacha bir necha kishi hibsga olingan. Ammo ularning kimligi va hujumga neqadar aloqasi borligi xususida boshqa tafsilotlar ma‘lum emas.

Mozori Sharifdagi muxbirimizga ko‘ra, isyonkorlar ushbu hujum uchun mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga olgan.

So‘nggi oylari Afg‘oniston shimolidagi odatda tinch bo‘lib kelgan viloyatlarda ham isyonkorlik amaliyotlari kuchaygan.

Ayniqsa, Tojikiston chegarasiga yaqin mintaqalarda jangarilar juda faolligi aytiladi.

Turkmaniston bilan chegaradosh Faryob va Jouzjon viloyatlarida ham qator notinch tumanlar paydo bo‘lmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonga tutash Balx viloyatida ham isyonkorlik amaliyotlari ro‘y berib turibdi.

Rasmiylar aksilisyonkorlik amaliyotlarini kuchaytirishmoqda. Biroq, aftidan, shimoliy Afg‘onistonga chetdan jangarilar sizib kirishi ham to‘xtamayotir.

Mulozimlarga ko‘ra, hozir Pokistondan o‘tib kelgan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari ham, asosan, Afg‘oniston shimolidagi mintaqalarda o‘rnashganlar.