Turkman muxolifati: "Prezidentning saylovlarda ishtirok etish taklifi ko‘rib chiqiladi"

Image caption Janob Berdimuhammadov vazirlar mahkamasida qilgan chiqishida mamlakatda adolatli va erkin prezidentlik saylovini o‘tkazishni va‘da bergan

Turkmaniston muxolifati vakillari mamlakat prezidenti tomonidan berilgan kelgusi yilgi saylovlarda ishtirok etish taklifini muayyan shartlar asosida ko‘rib chiqishga qarshi emasliklarini bildirganlar.

Bir necha kun avval Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammadov vazirlar mahkamasida qilgan chiqishida mamlakatda adolatli va erkin prezidentlik saylovini o‘tkazishni va‘da bergan va muhojirotdagi muxolif guruhlarini ayni saylovda ishtirok etishga taklif qilgandi.

Prezident saylovda ishtirok etish niyatida bo‘lgan muxolifat vakillari uchun teng huquq va imkoniyatlar yaratishga kafolat berishini aytgan.

Muxolifat vakillari boshida prezidentning taklifi samimiyligini shubha ostiga olishgan va ular o‘zlariga qo‘yilgan turli jinoiy amallar tufayli chiqarilgan hukmlar bunga yo‘l bermasligini aytishgandi.

Lekin, endi muxolifatning mavqei o‘zgarganmi? Ushbu savol bilan biz turkman muxolifatining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Nurmuhammad Xanamovga murojaat qildik:

Nurmuhammad Xanamov: Umuman olganda, mavqeimiz o‘zgardi desak bo‘ladi. Men shaxsan bularning hammasiga hali to‘la ishonch hosil qilganim yo‘q. Lekin, muxolifat a‘zolari o‘zaro maslahatlashib, bu imkoniyatdan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lardi, degan qarorga keldik. Munosabatlarni taranglashtirmasdan, "ishonmaymiz", deb oyoq tirab turib olmasdan, sekin-asta qadamlar tashlashga qaror berdik. Agarda ular haqiqatan ham biz bilan dialogga kirishishsa va biz muhokama qilmoqchi bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lishsa, kafolatlarni berishsa, unda o‘z fikrimizni o‘zgartirishga tayyormiz.

BBC: Biz bilan dialogga kirishib, "takliflari samimiy bo‘lsa", deyapsiz, bu taklif samimiy ekanligiga ne qadar ishonasiz?

Nurmuhammad Xanamov: Bilasizmi, bu taklif ne qadar samimiy ekanligini nima uchun sinab ko‘rishga qaror berdik. Chunki, bu borada ba‘zi qadamlarni qo‘ydik. Masalan, dushanba kuni men Venadagi Turkmaniston elchixonasiga telefon qildim. Avvallari ular mening ismimni eshitishlari bilanoq yo go‘shakni qo‘yib qo‘yishardi va yo "terrorchilar bilan suhbatlashmaymiz", deyishardi. Bu gal esa, gaplarimga quloq tutishdi. Men ularga janob Berdimuhammadovning taklifini qanday amalga oshirish tafsilotlari kerakligi va bizning o‘zimizda ham ko‘tarilishi kerak bo‘lgan qator masalalar borligini aytdim. Elchixona vakili: "Bunga qarshiligim yo‘q, lekin bugun gaplashishga tayyor emasman, bir necha kun vaqt bering", dedi. Ikkinchidan, dialogga rozi bo‘lib, mamlakatga kelishni taklif etishsa, biz ham o‘z tomonimizdan navbatdagi qadamlarni tashlaymiz. Eng avvalo, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan bog‘lanamiz.

BBC: Ya‘ni, bu tashkilot jarayonga aralashsa va kafolatlar bersagina jarayonga qo‘shilmoqchimisiz?

Nurmuhammad Xanamov: Biz o‘zimizning bayonotimizda hamma masalalar - muxolifat, Turkmaniston rasmiy tomoni va qandaydir xalqaro tashkilot ishtirokida ko‘rib chiqish istagini bildirganmiz. Lekin, bu xalqaro tashkilot sifatida boshqa tashkilotlar ham bo‘lishi mumkin.

BBC: Sizning bayonotingizda aytilgan fikrlarni Turkman muxolifati barcha a‘zolari qo‘llab-quvvatlaydimi?

Nurmuhammad Xanamov: Hammalari. Lekin, hammalari ogoh va ehtiyotkor bo‘lish kerakligini aytmoqdalar. Turkman tomoni xalqaro vakil bo‘lishiga kafolat berishi kerakligini va faqatgina shu shart bilan bunga rozi bo‘lishlarini aytmoqdalar.

BBC: Turkman Prezidentiga bu kabi taklif bilan chiqishiga nima turtki bergan, deb o‘ylaysiz?

Nurmuhammad Xanamov: Menimcha, u birinchidan o‘zini ancha mustahkam sezmoqda. Boshqa tomondan, mamlakat konstitutsiyasida saylovlarda oxirgi 15 yil mobaynida mamlakatda yashab kelgan shaxs qatnashishi mumkin, deb yozilgan. Ana shu asosda muxolifatdan biron shaxs qatnasha olmaydi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak. Biz ko‘tarmoqchi bo‘lgan masalalardan biri esa, ana shu moddani olib tashlashdir. Biz turkman tomoni bilan to‘siqlar qurmoqchi emasmiz, muayyan shartlarimiz bor, ularni muhokama qilmoqchimiz. Shartlarga ko‘nishsa, demak takliflari samimiy ekanligini ko‘rsatadi, ko‘nishmasa, demak, xo‘ja ko‘rsinga ekan.

BBC: Marhum Turkmanboshini ag‘darish harakatlarida ayblanib, qamoqqa tashlangan sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Shixmuradov taqdiri haqida biron narsa ma‘lummi?

Nurmuhammad Xanamov: Afsuski, yo‘q. Na u haqda, na qamoqqa tashlangan boshqa safdoshlarmiz haqida oxirgi 5-6 yil mobaynida hech narsa ma‘lum emas.