Qozog‘istonlik oligarx Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana oldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Qozog‘istonlik quvg‘indagi oligarx va sobiq hukumat vaziri Muxtor Ablyazov Buyuk Britaniyada siyosiy boshpana oldi.

Bu haqda uning himoyachisi Lokskli Rayan BBCga bildirdi.

Rasmiy Ostona hozircha britan rasmiylarining ushbu qaroriga o‘z munosabatini bildirmadi.

Bunga Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning ta‘tilda ekani ham sabab bo‘lishi mumkin.

Janob Ablyazov himoyachisiga ko‘ra, mijozining siyosiy boshpana so‘rab, murojaat etishiga "Qozog‘istonga qaytgan taqdirda, siyosiy ta‘qiblarga uchrashi mumkinligi" sabab bo‘lgan.

Muxtor Ablyazov o‘z vaqtida MDH hududidagi eng yirik xususiy banklardan biri - BTA Direktorlar kengashining raisi bo‘lgan.

Bank 2009 yilda davlat qaramog‘iga olinib, bankrot, deb e‘lon qilingan.

BTA kreditorlari orasida Barclays, Morgan Stanley va Royal Bank of Scotland kabi yirik xalqaro banklar bo‘lgan.

"Noqonuniy milliardlar"

Qozog‘istonlik mas‘ullarga ko‘ra, Muxtor Ablyazov bankning 4.5 milliard dollarga teng aktivlarini noqonuniy ravishda chetga olib chiqib ketgan.

Sobiq bankirning o‘zi esa, siyosiy vajlarga asoslanib, ta‘qib etilayotganini aytadi.

Muxtor Ablyazov muxolifatdagi "Qozog‘istonning Demokratik tanlovi" harakati asoschilaridan biridir.

U, yana shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev va Bosh vaziri Karim Masimovlarning ashaddiy tanqidchisi ham hisoblanadi.

So‘nggi qaror nimani anglatadi?

Siyosiy boshpana berilishiga oid qaror janob Ablyazovning na-da Qozog‘iston va na-da Rossiyaga topshirilishini anglatadi.

Qozog‘iston uni xalqaro qidiruvga bergan bo‘lsa, Rossiyada sirtdan hibsga olish buyrug‘i berilgan.

Rasmiy Moskva Muxtor Ablyazovni BTA aktivlarini noqonuniy ravishda chetga olib chiqib ketish va tovlamachilikda ayblaydi.

Biroq Londonning o‘zida ham janob Ablyazovga qarshi qator jinoiy ishlar ochilgan va himoyachisiga ko‘ra, ular hanuz ko‘rib chiqilmoqda.

Sobiq bankirning hisoblari muzlatilgan.

Shu yilning may oyida BTA London Oliy mahkamasiga Muxtor Ablyazovni hibsga olinishini so‘rab, murojaat ham etgandi.

Bankning da‘vo qilishicha, janob Ablyazov 600 dan ortiq soxta shirkatlardan foydalanib, britan mas‘ullaridan o‘z boyligining bir qismini yashirib keladi.

Muxtor Ablyazov o‘ziga qarshi surilayotgan barcha ayblovlarni rad etadi.

Qozog‘istonlik siyosatchilarga ko‘ra, qozoq hukumati voqealarning bu yo‘sin rivoj topishini kutmagan.

Ular Muxtor Ablyazovni ortga ekstraditsiya etmaslik qarori qozog‘istonlik rasmyilarning g‘azablarini toshirishi tayin, deyishadi.