Qirg‘iziston:Aravondagi mushtlashuvdan so‘ng vaziyat militsiya nazorati ostida

Image caption Aravon markazini militsiya xodimlari nazorat qilayotganliklari aytilmoqda.

Janubiy Qirg‘izistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘sh viloyatiga qarashli Aravon tumani markazini militsiya xodimlari qo‘riqlay boshlagan.

Bunga sabab yakshanba kuni Aravon bosh bozorida yuzaga kelgan tortishuv deyilmoqda.

Voqeada bir qator o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub taksi haydovchilari ishtirok etishgani aytiladi. Ayni damda tuman bozori yopilgan, lekin atrofda tinchlik.

Bu janjalga sabab bo‘lgani Aravondagi markaziy bozor yaqinida mashina yo‘lni to‘sib qo‘yganidir.

Janjal oqibatida qirg‘iz millatiga mansub haydovchi kecha kechqurun kasalxonaga yotqizilgan.

Ammo bu haqda u militsiyaga xabar bermagan.

Tongda esa haydovchining ellikdan yuzgacha bo‘lgan yaqinlari, do‘stlari va qarindoshlari bozor yaqiniga to‘planadilar.

Ular janjal sababchilari hibsga olinishi va bozor ungacha yopib qo‘yilishini talab qildilar.

Bozordagi sotuvchilar xavotirga tushishgan va rastalarni qulflab tarqalishgan.

O‘sh shahridan bir necha yuz militsiya xodimi vaziyatni barqarorlashtirish uchun yetib kelgan.

Ular norozi olomon va mahalliy aholi bilan suhbat qurishgan.

Maqsad olomon yig‘ilishining oldini olish bo‘lgan.

Militsiyaga ko‘ra, ular bir necha kishini tergov qilishmoqda va bu janjalni bezorilik deb ta‘riflamoqda.

Militsiya shuningdek, agar jabrlanuvchi janjaldan keyin militsiyaga arz qilganida edi, vaziyat bunaqa qaltis vaziyat vujudga kelmasdi demoqda.

Militsiya voizi shuningdek, mahalliy matbuot yig‘ilganlarning sonini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda, oddiy bezorilikni milliy qarama qarshilik sifatida taqdim qilmoqda, deya noroziligini izhor etgan.

Mahalliy aholi vakillari BBCga bu kabi hodisalardan bezib qolishlarini aytishgan.

Bozor ma‘murlari esa savdogarlar ertagayoq o‘z rastalariga qaytishlariga ishonchlari komil ekanini aytishmoqda.

Iyun voqealaridan bir yil o‘tgan esada, bu janjal vaziyatning qanchalar nozik qolayotganini ko‘rsatadi.

Odatda janjallar va qarama qarshilik anchayin mayda muammolar - masalan, taksi to‘lovlari va yo benzin ustidan chiqadi.

So‘nggi janjalda militsiyaning zudlik bilan yetib kelishi esa, mulozimlar vaziyat qaltis qolayotgan mintaqada ortiq bu kabi voqealarga yengil qaramayotganlarini ko‘rsatadi.