Nega bugun Qozog‘istonda siyosiy vorislik masalasi ko‘tarilib qoldi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty Images

Agar Prezident Nursulton Nazarboyev to‘satdan iste‘foga chiqsa, uning kuyovi Temur Quliboyev Qozog‘iston rahbari bo‘lishi mumkin.

Bu haqda aytgan Qozog‘iston prezidentining katta maslahatchisi Yermuhamet Yertisbayev Moskvada nashr etiluvchi "Kommersantь" ro‘znomasiga ma‘lum qilgan.

Uning bu so‘zlari o‘tgan hafta Olmoniya matbuotida Prezident Nursulton Nazarboyevning prostata saratonidan davolanish uchun Hamburg shahrida jarrohlik amaliyoti o‘tkazgani haqidagi xabarlar ortidan yangragan.

Nursulton Nazarboyevning o‘rtancha kuyovi Temur Quliboyev Qozog‘iston Yalpi Ichki mahsulotining 53 foizini idora etuvchi "Samruk Xazina" fondiga rahbarlik qiladi.

Xo‘sh, nima uchun aynan hozir Qozog‘iston yetakchi mulozimlaridan biri vorislik haqida gapirib qoldi?

BBC ushbu savol bilan nufuzli "Ekonomist" haftanomasining Qozog‘istondagi muxbiri Bergit Brauerga murojaat etdi.

Bergit Brauer: Qozog‘istonda prezident vorisi masalasi uzoq paytdan buyon mubohasa etib kelinadi. Bunday bahslarning boshlanganiga haftalar yoki oylar emas, hattoki yillar bo‘layapti. Ammo bu gal prezident vorisi haqida gapirilayotganiga o‘tgan hafta Olmoniyada nashr etiluvchi ro‘znomada Prezident Nursulton Nazarboyev prostata saratonidan davolanish uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazgani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan. Ushbu xabarlarga ko‘ra, Olmoniyaning Hamburg shahrida joylashgan shifoxonada janob Nazarboyev jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Ammo bu xabar na olmon rasmiylari va na qozoq rasmiylari tomonidan tasdiqlandi. Shunday esada, o‘shandan buyon "agar janob Nazarboyev ishidan ketsa, nima bo‘ladi?" - degan mish-mishlar kuchayib bormoqda. Menimcha, Prezident Nazarboyevning katta maslahatchisi janob Yertisbayev kimni voris sifatida ko‘rishni istashi haqida ma‘lumot berayotganga o‘xshaydi. Oxirgi ikki oyda yuz bergan voqealar Timur Quliboyevga tobora ko‘proq ishora qilayotgandi.

BBC: Timur Quliboyev kim? U haqda nimalar ma‘lum?

Bergit Brauer: U Prezident Nursulton Nazarboyevning o‘rtancha qiziga uylangan. Aprelda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan keyin Timur Quliboyev mamlakatdagi eng yuqori lavozimlardan biriga tayinlangan edi. U Qozog‘istondagi deyarli barcha davlat korxonalariga egalik qiladigan "Samruq Xazina" jamg‘armasi rahbari etib tayinlangandi. Buning o‘zi Timur Quliboyevning allaqachon voris etib tayinlangani haqidagi gaplarni urchitib yubordi. Ammo bu yerda voqealar tez-tez o‘zgarib turgani uchun ko‘p narsa haqida aniq gapirish imkonsiz. Ammo Prezident Nazarboyevning katta maslahatchisi, Qozog‘istondagi eng qudratli shaxslardan biri janob Yertisbayev bu haqda gapirayotgan ekan, demak, voqealar u aytgan yo‘nalishda borayotganga o‘xshaydi.

BBC: Timur Quliboyevga raqiblik qila oladigan boshqa shaxslar ham bormi Qozog‘istonda?

Bergit Brauer: Janob Quliboyevning voris bo‘lishini istamayotgan shaxslarning bor ekani aniq. Qozog‘istonda turli xildagi biznes guruhlar bor. Bir necha kun muqaddam muhojirotdagi muxolifat rahbarlaridan biri janob Quliboyevda prezidentlik salohiyati yo‘qligini aytdi. Muxolifat rahbari Timur Quliboyev o‘z kuchi bilan emas, balki oilaviy rishtalar orqali ko‘p narsalarga erishgani, aslida bunchalar katta lavozimga loyiq emasligini ta‘kidladi. Xullas, vorislik uchun raqobat nihoyatda kuchli, deb aytishimiz mumkin.

BBC: Qozog‘istonda qudrat almashinuvi qo‘shni davlatlar siyosatiy muhitiga qanchalar ta‘sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysiz?

Bergit Brauer: Hozirgi bosqichda biror narsa deyish qiyin. Menimcha, hozirda Ozarbayjon misoliga qarash mumkin bo‘lar. U yerda ham vorislik masalasi ko‘tarilgan va o‘g‘il ota o‘rnini egallagan edi. Bu Qozog‘istonda yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealarga yaqin stsenariy. Turkmanistonda mutlaqo boshqacha stsenariy bilan hokimiyat almashdi. Boshqa mamlakatlar uchun nisbiy bo‘lsada siyosiy barqarorlikning saqlanib qolishi muhim. Bunga bir tomondan janob Quliboyevni qudratga keltirish bilan erishish mumkin. Ammo boshqa tomondan Qozog‘istonda qudrat uchun kuchli raqobat yuzaga kelishi mumkin. Chunki hozirda hukumatda ko‘plab o‘rinlar o‘zgarayati. O‘tgan yilgi prezidentlik saylovidan keyin turli guruhlar o‘z mavqelarini oz-ozdan ko‘rsata boshlashdi.