Tojikiston shimolida vijdon erkinligiga oid qonun qanday tatbiq etilmoqda?

Tojikiston shimolidagi Sug‘d viloyati Asht tumani bir guruh yashovchilari Prezident Imomali Rahmon nomiga maktub yo‘llab, to‘y marosimlariga o‘zboshimchalik bilan aralashayotgan mahalliy hukumat vakillarini tartibga chaqirishni so‘raganlar.

Maktubda Asht tumani markazidagi Shaydon qo‘rg‘onida o‘tkazilgan bir to‘y marosimining mahalliy mulozimlar tomonidan kuch bilan to‘xtatilgani zikr etilgan.

Mahalliy hokimiyat boshlig‘i to‘y to‘xtatish qaroriga to‘y paytida "Qur‘on" o‘qilgani sabab bo‘lganini aytgan.

Tojikiston parlamenti ikki yil muqaddam "Din erkinligi va diniy tashkilotlar haqidagi" ziddiyatli qonunni qabul qildi.

Ushbu qonunda yozilishicha, namozxonga faqat masjid, ziyoratgoh, qabriston va o‘z uyida namoz o‘qish ruxsat etiladi.

Qonun shuningdek faqat markaziy masjidlarda diniy saboq berilishi va buning uchun maorif vazirligining ijozatnomasi shart ekanligini ko‘zda tutadi.

Dindorlar diniy cheklovlar navbati to‘ylarga yetib kelganini aytishadi.

Xo‘sh , Tojikiston shimolida diniy to‘ylarning o‘tkazilishiga to‘sqinlik qanchalar kuchaygan?

BBC ayni savol bilan Asht tumanida yuz bergan hodisani o‘rgangan xo‘jandlik jurnalist Tilav Rasulzodaga bog‘landi.

Tilav Rasulzoda: Tojikiston shimolidagi boshqa mintaqalarda vaziyat qanday ekanini aniq bilmayman, biroq birgina Asht tumanida Islomiy to‘ylar ikki marta to‘xtatilganidan xabarim bor. Birinchi galda to‘y video kassetasini mahalliy hokimiyat vakillari tortib olishgan va kuyovni to‘ydan bir necha kun o‘tib, harbiy xizmatga chaqirgan edilar. Ikkinchi gal esa, hokimiyat vakillari to‘y bo‘layotgan xonadonga to‘g‘ri kirib borib, hammaning o‘ngida mikrofonni o‘chirishgan va video kamerani tortib olishgan.

BBC: Sizningcha, Asht tumani mulozimlari nima uchun o‘zlariga bunday raftorni ep ko‘rishgan?

Tilav Rasulzoda: Ularning aytishlaricha, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar haqidagi" qonun Qur‘on o‘qish yoki mavludxonlik marosimlarini masjiddan tashqarida o‘tkazishga ruxsat bermas ekan. Tojikiston parlamenti tomonidan tasdiqlangan mazkur qonunga ko‘ra, masjiddan tashqarida Islomiy da‘vatlar, Qur‘on o‘qish yoda mavludxonlik kechalarini o‘tkazish ta‘qiqlangan. Ayni qonunga tayangan holda, mahalliy mulozimlar to‘ylarda Qur‘on o‘qishni ta‘qiqlashayapti. Lekin to‘yxona egalari to‘ylarda Qur‘on o‘qish qonunga zid emasligi, bu udum azaldan borligini aytishadi. Manfaatlar to‘qnashuvi aynan shu nuqtada kuzatilmoqda. Ya‘ni, hukumat bir tomondan Tojikistontning musulmon mamlakati ekanini aytsa, ikkinchi tomondan esa aytib o‘tganim hodisalar kuzatilmoqda.

BBC: Mahalliy mulozimlar diniy radikalizmning kuchayib ketishidan qo‘rqishadi deb o‘ylaysizmi?

Tilav Rasulzoda: Har turdagi cheklovlar vaziyatni chigallashtirib yuborishi mumkin, albatta. Bir narsa man etilsa, unga nisbatan qarshi munosabat shakllanadi. Chunki ziddiyatli qonunlar kimgadir yoqsa, kimningdir ko‘ngliga o‘tirmaydi. Misol uchun, hozirda Tojikistonda jamiyat joylarida sigaret chekish ta‘qiqlangan. Buni ba‘zilar qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, ba‘zilar tomonidan e‘tirozlariga sabab bo‘layapti. Dinsiz, ateist odamga diniy marosimlarni tartibga solish haqidagi chora-tadbirlar yoqsa, dindor, xudojo‘y odamning e‘tirozini uyg‘otadi. Ularning ishonishicha, bunday qonunlar vijdon erkinligiga rahna solishi mumkin. So‘g‘d viloyati markazi Xo‘jand va boshqa nisbatan yirik shaharlarda Islomiy to‘ylar hozirgacha unchalik keng tarqalgani yo‘q. Ular shoyad qonunga qarshi chiqish oqibatlari yaxshi bo‘lmasligini yaxshi anglashayotgan bo‘lsalar. Ammo uzoq tumanlarda bunday cheklovlar unchalik ish bermaydi deb o‘ylayman. Xo‘jand, Istaravshan yoki Konibodom kabi kattaroq shaharlarda to‘y egalari diniy to‘ylar o‘tkazishsalar ham, unchalik ovoza qilishmaydi, mahalliy qorilarni taklif qilishadi, ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishmaydi.