Qozog‘iston Turkiya bilan strategik hamkorlik bitimini ratifikatsiya qildi

Image caption Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar barqaror rivojlanib keladi

Prezident Nazarboyev 2009 yilda Anqarada imzolangan bitimning kuchga kirgani haqidagi qonunga imzo chekkan.

Qozoq parlamenti xalqaro masalalar bo‘yicha qo‘mitasining matbuotda e‘lon qilingan xulosalariga ko‘ra, bitim ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishdan tashqari, Qozog‘istonning janubi-sharqiy Ovro‘po hamda Yaqin Sharqdagi manfaatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hujjatda siyosiy va iqtisodiy aloqalar bilan birga, mudofaa hamda yadro qurolini tarqatmaslik sohasidagi hamkorlikka urg‘u berilgan.

Bitimning ratifikatsiya qilinishi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yerjan Kazixanovning Turkiyaga safariga to‘g‘ri kelgan.

Safar chog‘ida u turkiyalik hamkasbi Ahmad Dovudo‘g‘li hamda Prezident Abdulloh Gul bilan uchrashadi.

Qozog‘iston vaziri Anqaraga tashrifi davomida Turkiya poytaxtida Prezident Nazarboyevga o‘rnatilgan haykalni ham borib ko‘rishi bildirilgan.

Markaziy Osiyoning turkiy davlatlari bilan tarixiy-madaniy rishtalarga ega bo‘lgan Turkiya Qozog‘istonni mintaqadagi ishonchli hamkor sifatida ko‘radi.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar barqaror rivojlanib keladi.

Turkiya 1992 yildan buyon Qozog‘iston iqtisodiga 1 milliard dollardan ko‘p sarmoya kiritgan.

Shu yil aprelida Ostonadagi anjumanda Prezident Nazarboyev turkiy xalqlarni madaniy rishtalarni yanada mustahkamlashga chaqirgandi.

O‘tgan yili Prezident Gul Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida janob Nazarboyevni "turk dunyosining oqsoqoli"deb atagandi.

Prezident Nazarboyev Turkiyada hayotlik chog‘ida haykali qo‘yilgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘lgan.