Qirg‘iziston prezidentligiga nomzodlar soni 40 dan ortdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Qirg‘iziston Markaziy Saylov hay‘atining bildirishicha, bugunga kelib prezidentlikka nomzodlarning soni 40 dan ortgan.

Qirg‘iziston prezidentligiga saylovlar esa, shu yilning 30 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mas‘ullarga ko‘ra, nomzodlarning faqat 10 ga yaqini Qirg‘izistondagi siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilgan. Qolganlari esa, mustaqil nomzodlardir.

Qirg‘iziston prezidentligiga nomzodlarning mamlakat parlamentining amaldagi yoki sobiq a‘zolari, diplomatlar, tijoratchilar, ishsizlar, uy bekasi, fermer, iste‘fodagi yuqori martabali harbiylar va jurnalistlardan iborat ekanliklari aytiladi.

Prezidentlikka da‘vogarlarning o‘z nomzodlarini ilgari surish jarayoni 16 avgustga qadar davom etadi. Shundan so‘ng ularni rasmiy ro‘yxatga olish ishlari boshlanadi.

Ammo rasman qayddan o‘tishlari uchun nomzodlar 100.000 qirg‘iz somi (taxminan 2.2 AQSh dollari) miqdorida garovga pul qo‘yishlari, 50 million som(1.1 ming AQSh dollari)dan oshmaydigan miqdorda jamg‘arma tuzishlari, o‘zlarini dastaklovchi 30 ming saylovchining imzosini to‘plashlari va qirg‘iz tilidan imtihon topshirishlari lozim bo‘ladi.

Mahalliy siyosatchilarga ko‘ra esa, 40 dan ortiq nomzoddan faqat sanoqlisigina prezidentlik poygasida muvaffaqiyat qozonishlariga umid qilishlari mumkin.

Ular bu kabi nomzodlar sirasida "Butun Kyrgyzstan" partiyasi lideri Adaxan Madumarov, "Ata Jurt" partiyasi rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq Ichki ishlar vaziri va Norin viloyatining sobiq gubernatori Omurbek Suvanaliyevlarni tilga olishadi.

Ekspertlar esa, moliyaviy va tashkiliy muammolar sabab, prezidentlik saylovlari sanasiga yaqin nomzodlarning soni jiddiy qisqaradi, degan ishonchdalar.

Mahalliy kuzatuvchilar, o‘z o‘rnida, halicha obro‘lari "tosh bosadigan" siyosatchilar prezidentlikka o‘z nomzodlarini ilgari surishmaganiga e‘tibor qaratishadi.

Bu kabi siyosatchilarning shu yaqin kunlar ichida o‘z da‘volarini e‘lon qilishlari kutilmoqda.

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini himoya etish tashkiloti esa, Qirg‘iziston Markaziy saylov hay‘atini saylovoldi amaliyotlari va saylov jarayonini yoritish uchun axborot agentliklariga ham ruxsatnoma berishga undagan.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston Markaziy saylov hay‘ati 21 iyul kuni 40 ta tele va radiokompaniya, 100 dan ortiq nashrlarga akkreditatsiya bergan, ammo 11 ta axborot agentligining so‘rovini rad etgan.

Qirg‘iziston prezidenti 6 yilga saylanadi.

Prezidentlikka nomzodning yoshi 35 dan kichik bo‘lmasligi, ammo 70 dan oshmasligi lozim.

Bundan tashqari, bo‘lajak nomzod Qirg‘iziston respublikasi fuqarosi bo‘lishi va so‘nggi 15 yil mamlakatni tark etmagan bo‘lishi kerak.

Joriy paytda Qirg‘izistonga o‘tgan aprel oyidagi ommaviy namoyishlar ortidan prezident Qurmonbek Bakiyev o‘rniga qudratga kelgan va o‘tgan iyun oyidagi saylovlarda prezident etib saylangan Roza O‘tinboyeva rahbarlik qiladi.

Qirg‘iziston qonunchiligiga muvofiq, O‘tinboyeva xonim o‘z nomzodini yana bir bor prezidentlikka ilgari sura olmaydi.

Uning vakolati rasman shu yil oxirida o‘z nihoyasiga yetadi.