Tojikistonda oziq-ovqat narxlari keskin ko‘tarilgan

So‘nggi haftalarda Tojikistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yana osmonga sapchigan.

Mas‘ullarga ko‘ra, birgina o‘tgan haftaning o‘zida bu ko‘rsatkich 5 dan 10 foizgachani tashkil etgan.

Mahalliy kuzatuvchilar bunga turli omillar sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Ular eng avvalo Tojikistonda oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi mavsumiy ko‘rinishga ega ekani va so‘nggi holat Ramazon oyi bilan bog‘liq ekaniga e‘tibor qaratishadi.

Kuzatuvchilar yilning ayni shu pallasida oziq-ovqat mahsulotlariga talabning kuchayishi, buning ortidan sotuvchilar, tabiiyki, o‘z mollari narxlarini ko‘tarishlarini aytishadi.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, Tojikiston iste‘mol tovarlarining 80 foizga yaqinini chetdan keltiradi.

Bu esa, Ramazon oyida bozorlarda aynan oziq-ovqat mahsulotlarining qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi.

Ular boshqa bir omil sifatida Rossiya tomonidan bojxona to‘lovlarining biroz tushirilganiga qaramay, yoqilg‘i qiymatining hanuz yuqoriligicha qolayotganini tilga olishadi.

Rossiya tomonidan eksport to‘lovlarining joriy etilishi sabab, shu yil boshidan Tojikistonda yoqilg‘i narxlarining muntazam ravishda oshayotgani kuzatiladi.

Ya‘ni, shu yilning yanvar oyidagi holat bilan solishtirganda, hozirga kelib yoqilg‘i qiymati 40 foizdan ortiqroqqa sakrab ketgan.

Yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi esa, o‘z o‘rnida, boshqa mahsulotlar va xizmatlar haqiga ham ta‘sir etmay qolmaydi.

Mahalliy ekspertlarga ko‘ra, tojik hukumati narx-navo bilan bog‘liq vaziyatni nazorat etish darajasida qudratga ega emas.

Ular mas‘ullar tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning ko‘proq buyruqbozlik shaklida ekanini urg‘ulashadi.

Deylik, tujjorlar narxlarni ko‘tarmaslikka chaqiriladi.

Ammo Tojikistondagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, mas‘ullar bu yil qo‘shimcha amallarga ham qo‘l urishgan.

"Misol uchun, Dushanbe shahar hokimiyati qassoblarni kuniga bir necha kilogramm go‘shtni ehtiyojmandlarga tekin tarqatishga majbur qilmoqda. Bu kabi insonlarning ro‘yxati esa, qassoblarga hokimiyat tomonidan yetkazib beriladi", deydi u.

Muxbirimizga ko‘ra, bundan tashqari, hokimiyat shahardagi har bir masjidning imom-xatibidan poytaxtdagi bozorlardan birini o‘z nazorati ostiga olib, tujjorlarni narxlarni tushirishga da‘vat etishlarini ham so‘ragan.

"Buning qanchalik samara berishi haqida bir narsa deyish qiyin. Chunki bozor bu -bozor. Va bozor bo‘lgandan keyin, istaysizmi, yo‘qmi, talabga yarasha taklif tamoyili asosida ish yuritadi", deydi u.

Aholi nima deydi?

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining oshishi oddiy aholining noroziliklariga sabab bo‘lmay qo‘ymagan.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, Tojikistonda aholining yarmiga yaqini shundoq ham nochorlikda hayot kechiradi.

Ularning kunlik iste‘mol xarajatlari, hattoki, 2 AQSh dollariga ham yetmaydi.

Bundan tashqari, hali ham Tojikistonda minimal ish haqi 17-18 AQSh dollarini tashkil etadi.

Bu esa, dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

Kuzatuvchilar so‘nggi yillarda, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlari qiymatining muntazam ravishda ko‘tarilib borayotganini nazarda tutib, aholining bunga ko‘nikishdan boshqa chorasi qolmaganini ham aytishadi.

Ularga ko‘ra, mavjud vaziyat oddiy odamlarni yeyish-ichishlarini minimal darajaga tushirishlariga ham olib kelmoqda.

Agarda rasmiy raqamlarga qaraladigan bo‘lsa, deylik, birgina Xatlon viloyati aholisining 74 foizi faqat choy va non iste‘mol qilisharkan.

Tojikistonda shu yilning 1 sentyabridan boshlab ish haqlarining o‘rtacha 30-40 foizgacha oshirilishi kutilmoqda.

Ammo mahalliy kuzatuvchilar yil boshidan narxlarning 50 foizgacha ko‘tarilganini nazarda tutib, maoshlarining ortishi ham oddiy odamlarning og‘irini yengil qilolmasligini ta‘kidlashadi.