Qozog‘istonda vahhobiylik oqimi: mish-mishmi yoki haqiqat?

Image caption Aqto‘be viloyati janubda O‘zbekiston bilan shimolda Rossiya bilan chegaradosh

Aqto‘ba viloyat hokimi viloyatda 100 odamning vahhobiylar tomonidan qurbonlik qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlarni assossiz deb aytgan.

Jurnalistlar bilan uchrashuvda odamlarni tinchlanishga chaqirgan hokim ushbu axborotni chop etgan nashr aniq manba ko‘rsatilishi lozimligini ta‘kidlagan.

"Vaziyatni barqarorlashtirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanamiz, biroq vahima qilish kerak emas. Aqto‘balik vahhobiylarning 100 odamni qurbon qilishi haqidagi xabarlar asoslanmagan va bu narsani chop etgan kishi manbaasini ko‘rsatishi kerak edi,"- deb aytgan viloyat hokimi Arximed Muxambetov.

Hokim bundan buyon masjid xizmatchilari diqqat bilan tanlanishini ham qo‘shimcha qilgan.

Shu ma‘nodagi xabarni tarqatgan mahalliy sayt ayni damlarda ochilmayapti.

Internet portal orqali Ramazon oyi oxiriga kelib "vahhobiy" oqimiga mansub kishilar 100 odamni o‘ldirishi mumkin degan xabar aqto‘baliklar orasida vahimalar paydo bo‘lishiga olib kelgan va vaziyat nazorat ostida ekanligini bildirish uchun hokimning o‘zi izoh berishga to‘g‘ri kelgan.

Bungacha mahalliy matbuotda aynan Aqto‘ba viloyati bilan bog‘liq ekstremistik ruhdagi portlashlar va Rossiyada aqto‘balik jangarilarning ushlanishi yoda yo‘q qilinishi yozilgandi.

O‘tgan iyul oyining boshlarida neft o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhni qo‘lga olishdagi otishmalar ham aynan ushbu viloyat qishloqlarida yuz bergandi.

Matbuotda ushbu guruhga yumshoqroq qilib "dinni niqob qilib olganlar" yoki keskin ohangda "soqollilar" vayo "vahobiylar" kabi keskin tamg‘alar urilgandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, 100 odamni qurbon qilish g‘oyasi Islomdan yiroq va bu dinni tushunmaydiganlar tomonidan aytilgan bo‘lishi mumkin.

"Menimcha, maqsad umuman boshqa narsa bo‘lgan. Ushbu gapni tarqatganlar Islomdan yiroq odamlar bo‘lishi mumkin. Menda ushbu mish-mish ortida Islomdan yiroq odamlar tomonidan qilingan qandaydir siyosiy yurish turibdi, degan shubha bor," - deydi Qozog‘iston Musulmonlar Ittifoqi rahbari Murat Telibekov.

Telibekov janoblariga ko‘ra, viloyatda sodir etilgan qurolli harakatlarning ortida qandaydir Islomiy guruh yoda oqim turishi haqiqatdan yiroq.

Diniy omillar bo‘lishi mumkin, ammo vaziyatga ushbu omillarning ta‘siri mutlaqligiga shubha bor.

Kuzatuvchilar Aqto‘badagi hodisalarni viloyatdagi mavjud ijtimoiy iqtisodiy muammolar bilan bog‘lashadi.

Neftga boy ushbu mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mahalliy odamlarning noroziligiga va bu o‘z navbatida turli guruhlarning tuzilishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi aytiladi.