Qozog‘iston Prezidentining nomzodi yana bir bor Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surildi

Bu gal Norvegiyaning Bike for Peace nohukumat tashkiloti Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning nomzodini Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surgan.

Tashkilot rahbari Tore Naerlandga ko‘ra, qozoq rahbari ushbu sharafli mukofotga loyiqdir.

"2010 yilning 29 avgust kuni Qozog‘iston va butun dunyo ilk bor Xalqaro Yadroviy sinovlarga qarshi kurash kunini bayram qildi. Birlashgan Millatlar tomonidan ham dastaklangan ushbu sanani nishonlash tashabbusi bilan esa, prezident Nazarboyev chiqqandi. Shuning uchun ham biz Qozog‘iston prezidentining nomzodi Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surilishi kerak degan ishonchdamiz", deb aytgan u.

Janob Naerland bu kabi bayonot bilan o‘tgan hafta Qozog‘iston poytaxti Ostonada uyushtirilgan matbuot anjumani chog‘ida chiqqan.

Uning aytishicha, bu haqdagi maktub AQSh Kongressi, Norvegiya parlamenti va 1976 yilgi Nobel Tinchlik mukofoti sohibasi, Shimoliy Irlandiya parlamenti a‘zosi Meyrid Korriganga yuborilgan.

Tore Naerlandning urg‘ulashicha, Korregan xonim o‘zlarining takliflari allaqachon qo‘llashini ham bildirgan.

Ostonadagi matbuot anjumani esa, Bike for Peace tashkiloti tomonidan shu oy Qozog‘istonda bo‘lib o‘tajak velomarafonga bag‘ishlangan.

Velomarafon Qozog‘iston Mustaqilligi va Semipalatinskdagi yadro poligoni yopilishining 20 yillik sanasi munosabati bilan uyushtirilmoqda.

Tadbirda 10 norvegiyalik va olti qozog‘istonlik velosipedchi ishtirok etayotir.

6 avgust kuni Semipalatinskdan poytaxt Ostonaga qarab yo‘lga chiqqan velosipedchilar 29 avgust - Xalqaro Yadroviy sinovlarga qarshi kurash kuni ko‘zlagan manzillariga yetib kelishadi.

Semipalatinsk yadro poligoni 1991 yilda Qozog‘iston hukumatining qarori bilan yopilgandi.

1949 yilda ishga tushirilgan poligon sobiq Sho‘rolar hududidagi eng yiriklaridan biri edi.

Aynan Semipalatinskda sovetlarning ilk atom quroli sinab ko‘rilgan.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, 40 yillik faoliyati davomida poligonda 450 dan ortiq yadroviy sinovlar o‘tkazilgan.

Ularning ta‘siri esa, yuz minglab aholining salomatligiga ziyon yetkazgani aytiladi.

O‘tgan yil ham Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning nomzodi bu yilgi Nobel Tinchlik mukofotiga taqdim etilgandi.

Bu kabi taklif bilan Turk Xalqlari Umumjahon Assambleyasi chiqqandi.

Bundan avval ham ikki amerikalik kongressmen va Qozog‘iston Xalq Assambleyasi tomonidan janob Nazarboyevning nomzodi Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surilgan.

Ammo har ikki gal ham qozoq rahbariga ushbu sharafli unvon nasib etmagan.

Sobiq Sho‘ro rahbarlaridan Mixail Gorbachevgina Nobelning Tinchlik mukofotini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Janob Nazarboyev nomzodi bu kabi oliy mukofotga qayta-qayta ilgari surilayotgan ilk Markaziy Osiyo prezidentidir.

Nazarboyev nimani qoyillatgan?

Prezident Nursulton Nazarboyev 2003 yilda Ostonada ilk Umumjahon dinlari kongressi o‘tkazadi. Oradan uch yil o‘tib esa, Qozog‘istonda Tinchlik va Totuvlik markazi ochiladi.

Qozog‘iston prezidenti, bundan tashqari, 1995 yilda mamlakatining yirikligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallovchi yadroviy arsenalidan voz kechishga qaror qiladi.

Ko‘plab kuzatuvchilar esa, qozoq rahbarining mustaqillik ortidan tutib kelayotgan neytral tashqi siyosatini alohida urg‘ulashadi.

Qozog‘iston parlamenti o‘tgan yili janob Nazarboyevni "Millat rahnamosi" maqomi bilan ham siylagandi.

Qozog‘iston prezident Nazarboyev boshchiligida 2010 yilda Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga ham raislik qilgandi.

Rasmiy Ostona Qozog‘istonda demokratik islohotlarni amalga oshirish va‘dasi bilan ushbu maqomni qo‘lga kiritgandi.

Ammo qator inson huquqlari faollari janob Nazarboyevning boshqaruvi avtoritar va nodemokratik ekanini aytib kelishadi.

Qozog‘istonda matbuot erkinligi hamon abgor ahvolda, ko‘plab siyosiy faollar ta‘qib ostida va ularni hibsga olish hollari ham tez-tez uchraydi.

Ko‘plab mahalliyu xalqaro siyosatshunoslar esa, Qozog‘istonni o‘tgan iyun oyida Qirg‘izistonda kechgan etnik nizolarni bostirishda sustkashlik qilganlikda ayblashadi.

Ularga ko‘ra, milliy zo‘ravonliklar chog‘ida Qozog‘iston mintaqada ega bo‘lgan qudrati va OXHT raisligi imkon bergan darajada ish tutmagan.

Nursulton Nazarboyev sobiq Sho‘rolar Ittifoqining so‘nggi kunlaridan boshlab, qariyb chorak asrdan buyon Qozog‘istonni boshqarib keladi.