Aqto‘ba imomi: so‘nggi portlashlar Islomga cheklov yoki hukumat tazyiqi natijasi emas

Aqto‘ba viloyatida portlash natijasida bir odam halok bo‘lgan. Viloyat ichki ishlar departamenti portlashga gaz baloni sabab bo‘lgan bo‘lishini aytmoqda. Ammo mahalliy Internet saytlarining nomini oshkor qilmagan huquq-tartibot organi xodimlariga tayanib xabar berishicha, bundan bir oy muqaddam topib olingan snaryad ishchining qo‘lida portlab ketgan.

So‘nggi vaqtlarda viloyatda maqsadli ravishda o‘zini portlatishlar va huquq-tartibot organlariga hujumlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Mahalliy va markaziy matbuotda ushbu qo‘poruvchilik holatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri diniy ekstremizm bilan bog‘lanib ko‘rsatilgan. Biz Aqto‘ba viloyat bosh imomi Abdumutallib Davronbekovdan viloyatda Islom diniga qiziqish qanchalik keng yoyilgani haqida so‘radik.

Abdumutallib Davronbekov: Ota-bobolarimiz Islomni 12 asrdan buyon din qilib ushlagani sabab, an‘ana va tariximiz shu din bilan birlashib ketgan. Faqatgina ateistik Sho‘rolar davrida dindan ozgina cheklanish bo‘ldi. Endi bo‘lsa ota-bobosi musulmon bo‘lganlarning hammasi yoppasiga Islomga ixlos qilmoqda. Ularning aksari yoshlar. Misol uchun, yoshi kattalar ota-bobomiz musulmon bo‘lgan deb Islomning yaxshi tomonlarini sevib harakat qilayotgan bo‘lsa, yoshlar Islomning qoidalarini o‘rganishga intilmoqda. Ular Islomning farzi va vojiblarini vaqtida va sof turida o‘rinlashga intilayaptilar.

BBC: Aqto‘ba viloyatida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealarni matbuotda radikal qarashdagi musulmonlar bilan bog‘lash hollari bo‘ldi. Ushbu ayblovlarda qanchalik jon bor?

Abdumutallib Davronbekov: Yosh bolalarning orasida bir-ikkitasi bo‘lishi mumkin. Chunki hozirgi vaqtda axborot quroli katta ta‘sir o‘tkazayapti. Internet orqali, SMSlar bilan va turli axborot quroli orqali ma‘lumotni tashqaridan olishmoqda. Saudiya Arabistoni, Pokiston, Suriya yoki Misr kabi chet ellarda o‘qib kelgan bolalar bo‘lishi mumkin, ammo yoppasiga emas. So‘nggi vaqtlarda bo‘lgan voqealarning hammasining Islomga hech qanday aloqasi yo‘q. Balki namoz o‘qigandir, masjidga kelgandir, lekin hammasi emas. Bu yerdagi portlash va boshqa voqealarning Islomga hech qanday aloqasi yo‘q. Bu narsalar Islomga cheklovlar va hukumat tomonidan taqiqlar natijasida bo‘lgani yo‘q.

BBC: Radikal qarashdagi ayrim yoshlarning borligini aytayapsiz, ularning paydo bo‘lishiga yana qanday omillar sabab bo‘layapti?

Abdumutallib Davronbekov: Mustaqillik tufayli mamlakatimiz qonunida har kimning har qanday dinda bo‘lishiga ruxsat bor. Ya‘ni inson ma‘lum bir darajagacha o‘zining fikrida bo‘lishga ruxsat bor. Masalan, kim qanday namoz o‘qiyman desa yoki qanday odamlarning fikrini qabul qilaman, desa erkinlik bor. Shuning asosida ba‘zi yoshlarda ters va noto‘g‘ri fikrlar paydo bo‘layapti.

BBC: Rasman aytilmagan bo‘lsa-da, mahalliy matbuotda qo‘poruvchiliklarni sodir etganlarning dinini ajratib ko‘rsatish va ularning qandaydir oqimga mansub ekanligini urg‘ulash holatlari ko‘p uchramoqda. Buning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin?

Abdumutallib Davronbekov: Islomning hech qanday portlash yoki terroristik hujumlarga aloqasi yo‘q. Bunaqa narsalar mana shu tarzda aytilaversa, jamiyat diniy tarafdan bo‘linib ketishi mumkin. Bir namozxon yoki soqol qo‘yib olgan portlatsa, uni islomiy deb ajratib ko‘rsatishadi. Islomning bu narsalarga aloqasi yo‘q.

BBC: Yoshlar orasidagi radikal qarashlarni yo‘qotish uchun Diniy idora tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Abdumutallib Davronbekov: Yoshlarga haqqoniy Islomni o‘rgatish uchun hamma joylarda va‘z-nasihatlar yuritilayapti. Yoshlar bilan uchrashuvlar, seminarlar tashkil qilinayapti. Gazeta va kitoblar orqali yetkazilayapti. Televideniyeda va‘z-nasihatlar yo‘lga qo‘yilgan. Biz yoshlarga to‘g‘ri Islomni o‘rgatadigan bo‘lsak, yuqoridagi aytilgan narsalarga yoshlarimiz bormaydigan bo‘ladi.