134 million dollarlik xalqaro yordam iyun fojeasi asoratlarini arita oldimi?

Birlashgan Millatlar Insonparvarlik masalalari bo‘yicha idorasi vakilining bildirishicha, o‘tgan yilgi qonli milliy nizolar ortidan Qirg‘izistonga 134 million dollarlik insonparvarlik yordami ko‘rsatilgan.

Bu haqda Polina Davidova xonim Xalqaro Insonparvarlik kuniga bag‘ishlab, Qirg‘iziston Milliy tasviriy san‘at muzeyida maxsus fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi chog‘ida bildirgan.

Xalqaro tashkilot mas‘uliga ko‘ra, o‘tgan bir yil oralig‘ida Qirg‘iziston janubida ko‘p ishlar amalga oshirilgan.

"U yerda jabrdiydalar uchun muvaqqat uy-joylar qurildi, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Moliyaviy yordamlar ko‘rsatildi", deb aytgan Davidova xonim.

Uning bildirishicha, favqulodda yordamga oid murojaatlari ortidan donor davlatlar yetkazib bergan ja‘mi yordam ko‘lami bugunga kelib 134 million dollarga yetgan va o‘zlariga ko‘makka kelgan mamlakatlarning soni qirqdan ortgan.

Polina Davidova bularning barchasi beminnat ekanini ham qistirib o‘tishni unutmagan.

O‘tgan yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida to‘rt kun davom etgan qotilliklar, o‘t qo‘yishlar va tashmalashlardan esa, asosan o‘zbeklar jabr chekishgani aytiladi.

Milliy nizolar chog‘ida minglab uy-joylarga o‘t qo‘yilgan, binolar va tijoratlar vayron etilgandi.

Jabrdiyda aholi mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning hanuz tang ekani va tirikchilik o‘tkazishning qanchalar og‘irligidan shikoyat etib keladi.

Qirg‘izistonlik mas‘ullarning hisob-kitoblariga ko‘ra, milliy nizolar oqibatida mamlakat janubida o‘n minglab ish o‘rinlari yo‘qotilgan.

Mahalliy inson huquqlari faollari ta‘qiblarning ustiga ustak tijoratlarining ham izdan chiqqan o‘zbeklar uchun yashashni deyarli imkonsiz qilib qo‘yganini ta‘kidlashadi.

Bu esa, minglab kishilarning Qirg‘iziston janubini tark etishga ham majbur qilgan.

So‘nggi yillarda dunyoning aksariyat davlatlarida kuzatilgani kabi Qirg‘izistonda ham oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining bir necha baravar qimmatlashgani esa, u yerda qolganlarning ahvollarini yanada tang qilgan.

Ular bu yilga kelib, ko‘plab xalqaro tashkilotlarning yordamlari to‘xtab qolganidan ham shikoyat etishadi.

Jabrdiyda aholining aksariyati iyun nizolari ortidan yaqin va uzoq xorijga yuz tutgan yaqinlari yuborayotgan daromadga qarab qolishgan.

Mahalliy inson huquqlari faollari odamlar asta-sekinlik bilan vayron bo‘lgan tijoratlarini qayta tiklashga urinayotgan esalar-da, huquq-tartibot xodimlarining ta‘magirliklari bunga ham imkon bermayotganligini urg‘ulashadi.

O‘tgan yil iyul oyida Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboyeva donor davlatlarning Bishkek anjumanida mamlakatni qayta tiklash uchun 1.2 milliard dollar yordam kerakligini aytgandi.

Xalqaro Insonparvarlik yordami kuni jahonda uchinchi bor, Qirg‘izistonda esa, ilk bor nishonlanmoqda.

Tashkilotchilarga ko‘ra, 17 avgust kuni ochilgan fotoko‘rgazmadan maqsad - Qirg‘izistondagi turli yordam tashkilotlari tomonidan olingan fotosuratlar yordamida iyun nizolari oqibatlarini bartaraf etish uchun mamlakatda olib borilgan loyihalarni ko‘rgazmali shaklda namoyish etish bo‘lgan.

Tadbir Inqiroz-muloqot guruhi, Birlashgan Millatlar idoralari, xalqaro va mahalliy nohukumat tashkilotlari tomonidan uyushtirilgan.

Biz o‘tgan yilgi iyun nizolari chog‘ida uyi kuyib kul bo‘lgan o‘shlik jabrdiydalarning biri bilan bog‘lanib, ularga berilgan insonparvarlik yordamlari ko‘lami bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди