Qirg‘iziston: Bozorqo‘rg‘ondagi o‘zbekning o‘limi yuzasidan ikki militsiya xodimi hibsga olindi

Qirg‘izistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, shu oy boshida janubiy Jalol-Obod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanida xavfsizlik kuchlarining qattiq qiynoqlari natijasida hayotdan ko‘z yumgan Usmonjon Xolmirzayevning o‘limi yuzasidan ikki militsiya xodimga qo‘lga olingan.

Qo‘lga olingan ikkovlon Bozorqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ekanliklari aytilmoqda.

Hibs Qirg‘iziston Bosh prokuraturasining buyrug‘i bilan amalga oshirilgan.

Ularning, "Qasddan odam o‘ldirish"da ayblanishayotgani aytiladi.

So‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, Bozorqo‘rg‘on tuman Ichki ishlar boshqarmasi rahbari ham o‘z vazifasidan chetlatilgan.

Uning o‘rniga O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari muovini Abdil Kulibayev tayin etilgan.

Asli o‘zbek, ammo Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Usmonjon Xolmirzayev shu oy boshida bir sherigi bilan birga Bozorqo‘rg‘on bozoridan ushlab ketiladi va so‘ngra ulardan katta miqdorda pul talab qilinadi.

Talablari qondirilmagach, u militsiya xodimlari tomonidan qattiq jismoniy qiynoqlarga tutiladi va do‘pposlanadi.

Buning ortidan huquq-tartibot xodimlarining o‘zlari tomonidan ko‘p sonli jarohatlar bilan mahalliy reanimatsiya bo‘limiga keltiriladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Usmonjon Xolmirzayev olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumadi.

Shundan so‘ng, yuz bergan hodisa yuzasidan jinoiy ish ochiladi va voqea Rossiya konsulligining ham e‘tiboriga tushadi.

Mahalliy aholi BBC bilan suhbatida Usmonjon Xolmirzayevning militsiya xodimlari tomonidan urib o‘ldirilishi O‘sh va Jalol-Obodda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lganini ham aytishgandi.

Qirg‘iziston janubida o‘tgan yil iyun oyida kelib chiqqan qonli milliy to‘qnashuvlar ortidan, o‘zbek millatiga mansub aholi hanuz militsiya xodimlarining tazyiqlari va ta‘magirliklaridan shikoyat etib kelishadi.

Ammo mahalliy huquqshunoslarning o‘zlari ham jabrdiydalarning bu xususdagi shikoyatlariga deyarli quloq tutilmasligini tan olishadi.

Militsiya xodimlarining qiynoqlari yuzasidan esa, faqat kamdan-kam hollardagina jinoiy ish ochiladi.