Prezident Imomali Rahmon "XXI asrning lideri" deb topildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Ruminiyada joylashgan Xalqaro Aloqalar bo‘yicha Ovro‘po Kengashi Akademik qo‘mitasi Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni "XXI asrning lideri" mukofoti bilan taqdirlagan.

Kengash rahbariyatiga ko‘ra, nomzodlarning o‘tgan bir necha o‘n yil davomida olib borgan faoliyatlari sinchiklab o‘rganilgach, bu kabi qarorga kelishgan.

Aytilishicha, bundan tashqari, rahbarlarning boshqa davlatlar va o‘z xalqlari orasida qanchalik obro‘lari baland ekaniga ham e‘tibor qaratilgan.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining xalqaro kengash prezidenti Anton Karajadan keltirgan iqtibosida aytilishicha, uni "21-asrning lideri" deb topishlarida Tojikistonda milliy birdamlikka qo‘shgan hissasi, korruptsiyaga qarshi olib borayotgan kurashi, boshqaruvining shaffofligi, mamlakatida matbuotning erkinligi,.." kabi faktorlar inobatga olingan.

Bundan tashqari, jahon va mintaqada tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashda qo‘shayotgan shaxsiy hissasiga ham alohida diqqat qilingan.

So‘nggi paytlarda Ruminiya Tojikiston bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda anchayin sovuqqina bo‘lgan ikki tomonlama aloqalarini yaxshilash harakatiga tushib qolgan.

O‘tgan oy Tojikistonning Ovro‘po Ittifoqidagi elchisi Rustamjon Soliyev ham kengash prezidentining taklifi bilan Ruminiyaga ishchi safari bilan borgandi.

90-yillar boshlarida fuqarolar urushini boshidan kechirgan Tojikistonni 19 yildan buyon boshqarib kelayotgan prezident Rahmon bundan avval ham ko‘plab mahalliy va xalqaro mukofotlarga loyiq deb topilgan.

Prezident Imomali Rahmon Tojikiston qahramoni sanaladi. Birlashgan Millatlarning "Tinchlik mukofoti" bilan taqdirlangan.

M.V. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti va Ural Tog‘-metallurgiya universitetining "Faxriy doktori" sanaladi.

"Vikiliks"dagi maxfiy yozishmalar nima deydi?

O‘tgan yili amerikalik diplomatlarning "Vikiliks"da chop etilgan maxfiy yozishmalarida esa, Tojikistonning eng asosiy muammosi - uning prezidenti Imomali Rahmon ekani aytiladi.

Dushanbedagi AQSh elchixonasininig 2010 yil 16 fevralida Vashingtonga yo‘llangan maxfiy telegrammasida Rahmon Tojikiston iqtisodini faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib boshqarishi haqida so‘z boradi.

"Mamlakatda butun hokimiyat, prezidentdan tortib, burchakdagi militsionergacha, tanish-bilishchilik va korruptsiya botqog‘iga botgan", deyiladi hujjatda.

"Rahmon va uning oilasi Tojikistonning eng yirik banki doxil, barcha asosiy korxonalarini nazorat qiladi. Ular o‘zlarining biznes manfaatlarini zo‘r berib himoya qiladilar va mamlakat iqtisodiga yetadigan zarar bilan ishlari yo‘q. Xorijiy elchilardan biri aytgani kabi, prezident Rahmon "100 dollardan 30 foiz ulush olgandan ko‘ra, 10 dollarning 90 foizini olishni afzal biladi".

"Tojikistonning butun sanoat eksporti, bu-alyuminiy va gidrostantsiyalar chiqaradigan elektr quvvatidir. Ammo texnik jihatdan davlatga qarashli bo‘lgan Tojikiston alyuminiy zavodining daromadlari prezident tomonidan nazorat qilinadigan qandaydir offshor shirkatning hisobida saqlanadi", deyiladi ameriaklik diplomatlarning yozishmalarida.

Ularda keltirilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, "o‘tgan yili Tojikiston Rossiyaga kontrabanda qilinadigan 40 tonna afg‘on afyunining bor-yo‘g‘i 5 foizini ushlagan, xolos. Asosiy muammo korruptsiyada", deb yozishadi amerikalik diplomatlar.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlash joizki, Imomali Rahmon Ruminiyaning Xalqaro Aloqalar bo‘yicha Ovro‘po Kengashi tomonidan "XXI asrning lideri" deb topilgan ilk Markaziy Osiyo prezidentidir.

Qozog‘istonni chorak asrdan buyon boshqarib kelayotgan prezident Nursulton Nazarboyevning nomzodi esa, bir necha bor Nobel Tinchlik mukofotiga ilgari surilgan. Ammo bu mukofotni olish unga halicha nasib etmagan.