Tojikistonlik taniqli xonanda Farzona Xurshed qamoqdan ozod etildi

Tojikistoning Nurek shahrida joylashgan ayollar qamoqxonasidan amnistiya qonuniga binoan ozod etilgan 112 ayol orasida taniqli qo‘shiqchi Farzona Xurshed ham ozodlikka chiqdi.

U o‘tgan yil fevral oyida Dushanbedagi mahkama tomonidan sevgan yigitining sud zalidan qochishiga yordam berish aybi bilan ikki yillik qamoq jazosiga mahkum bo‘lgandi.

Uning yigiti Farrux Ro‘ziyev esa firibgarlikda aybdor deb topilib 10 yillik qamoq jazosiga hukm etilgandi.

Farzona Xurshed Tojikistonda hozirda eng taniqli bo‘lgan ashulachi Shabnam Surayyoning singlisidir.

Qamoqdan ozod etilar ekan, qo‘shiqchi tashqarida kutib turgan onasining quchog‘iga otilib, ko‘ziga yosh olgan.

U qamoqxonada ham vaqtini bekor o‘tkazmaganini aytdi.

"Hozir men o‘zimni yangidan dunyoga kelgandek sezayapman. Hayajonlanayapman, gapirolmayman. Faqat shuni aytmoqchimanki, qamoqda ham men vaqtni bekor o‘tkazmay, hunar o‘rgandim. Bekor kishidan Xudo ham bezor deyishadi," dedi u.

Farzona Xurshed tutqunlikda qo‘shiq aytmaganini bildirdi.

"Qamoqda qo‘shiq aytmadim. Faqat bir she‘r yozdim. Insholloh, unga musiqa topib, kuylaman," dedi u.

Qo‘shiqchi bilan bir qatorda O‘zbekiston va Rossiya fuqarolari doxil 12 nafar chet el fuqarosi ham ozod etilgan.