Afg‘oniston rasmiylari: Badaxshonda O‘IH a‘zolari qo‘lga olingan

Image caption O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilari Pokiston shimolidan Afg‘onistonga o‘tganlar deb ko‘riladi

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Badaxshon viloyatining Pokistonga chegaradosh Varduj tumanida O‘zbekiston Islomiy Harakatining uch a‘zosi qo‘lga olingan.

Bu borada ma‘lum qilgan viloyat mas‘ullari ular hozir hibsda ushlab turilganini bildirgan.

Tojikiston, Pokiston va Xitoyga chegaradosh ovloq Badaxshon viloyatida so‘nggi paytlarda aksar O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolaridan iborat isyonkorlar ko‘paygani qayd etiladi.

Biroq mahalliy Afg‘on mas‘ullari ularning qayerda yashashi va qanday o‘zaro muloqot olib borishlarini kuzatishga ojiz qolishayotganini aytadilar.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining uch a‘zosi Varduj tumanidagi xonadonlardan birida yashaganlar, ular o‘sha uyda hibsga olinganlar.

Rasmiylarning xabar qilishlaricha, bu uch shaxs yashagan xonadondan ko‘plab portlovchi moddalar topilgan.

Badaxshon viloyat hokimligi so‘zchisi Abdulma‘ruf Rasulning aytishicha, qo‘lga olingan shaxslar ustidan tergov boshlangan, dastlabki tergovda ularning O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlangan.

Bundan bir hafta ilgari ham Badaxshonda O‘zbekiston Islomiy Harakatining ikki a‘zosi qo‘lga olingani xabar qilingan.

Rasmiylar Badaxshon viloyatining Xvaxon, Varduj va Zebak tumanlarini notinch hududlar deb sanaydilar, ikki oy ilgari bu hududlarda isyonkorlarga qarshi amaliyotlar o‘tkazilgan.

O‘shanda Varduj tumanida Afg‘oniston hukumat kuchlari bilan jangarilar o‘rtasida qattiq janglar kechgani xabar qilingan.