Qozog‘iston mahkamasi "Ozodlik" radiosi muxbirini aybsiz deb topgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи azattyq.org

Qozog‘istondagi Aqto‘ba shahrida "Ozodlik" radiosining Qozoq xizmati muxbiri va huquq himoyachisi Alima Abdirova ustidan mahkama bo‘lib o‘tgan.

Tuhmat qilish bo‘yicha ayblanayotgan huquq himoyachisini Aqto‘ba shahar mahkamasi aybsiz deb topgan va hech qanday jarimaga tortmaslik haqida qaror chiqargan.

Qozog‘iston g‘arbidagi ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq hodisalarni faol yoritayotgan jurnalist mahkama jarayonini o‘zining kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini bildirgan.

Bundan to‘rt kun oldin Aqto‘ba shahar hakami Maqsat Duysen ayblanuvchining so‘nggi so‘zini eshitib qarorni o‘qish uchun tanafusga chiqqan edi.

"Men bunday qaror e‘ln etilishini kutmagan edim. Chunki bungacha hukmni o‘qish uch marta qoldirilgandi. Bu yerda xalqaro tashkilotlar, nohukumat tashkilotlarning ta‘siri katta bo‘ldi”, deydi mahkama zalidan chiqqan Alima Abdirova.

Huquq himoyachisini Jaysan shahridagi maktab-internatning sobiq direktori Irina Dombrovskaya tuhmat qilishlikda ayblagandi.

Sobiq direktor Abdirova xonim tomonidan maktab-internatni ayblovchi ma‘lumotlarda asos yo‘q, degan.

Irina Dombrovkaya hakamdan tuhmat uchun 34 ming dollar atrofida jarima undirib berishni so‘ragan.

Jurnalist va inson haqlari faoli maktab-internatda qonunbuzarliklar bo‘lganini va buni tasdiqlovchi guvohlar hamda video materiallar borligini ta‘kidlaydi.

Alima Abdirova Aqto‘badagi "Aru Ana" nohukumat tashkilotini boshqarish bilan birga, "Azattiq" radiosining viloyatdagi jamoatchi muxbiri bo‘lib ham ishlaydi.

Bungacha mahalliy ro‘znomalarda gazetalarda jurnalistni qoralovchi bir necha maqolalar nashr etilgan.

Uni viloyatdagi vaziyatni taranglashtirishda va ishlashga halaqit berishda ayblashgan.

Jurnalist o‘ziga nisbatan bo‘layotgan ayblovlarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liqligini aytadi.

"Mahkama ishi birinchi navbatda jurnalistik faoliyatim bilan aloqador. Kentiyaqdagi "Vahhobiylar" oqimiga doir voqealarni yoritishim bilan bog‘liq. Bir necha marotaba viloyat hokimligidan qo‘ng‘iroq qilishib, ushbu mavzuda yozishni to‘xtatishimni so‘rashgan. Hokimiyatdagilarning fikricha, men tinchlikni buzib, shovqin ko‘tarayotgan ekanman”, - deydi Alima Abdirova.

Qozog‘iston g‘arbidagi ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq xabarlarni yoritishda hukumat tomonidan jurnalistlarga bosim o‘tkazish birinchi marta kuzatilyotgani yo‘q.

Bungacha "StanTV" video yangiliklar Internet portali ham aynan mamlakat g‘arbidagi holatlarni yoritgani uchun turli tekshiruvlarga duch kelayotganini ma‘lum qilgan.