"Mustaqillik tantanalari Qirg‘iziston o‘zbeklari uchun bema‘no"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari shu kunlarda mustaqilikka erishganlari 20 yilligini nishonlayotgan bir paytda Britaniyada chop etiladigan Gardian gazetasi muxbiri Qirg‘iziston janubidagi O‘sh shahriga safar qilgan va u yerdagi vaziyatga nazar tashlagan. Gardian muxbiri Joanna Hartfordning xulosalariga ko‘ra, o‘tgan yilgi etnik zo‘ravonliklardan so‘ng muammolar hanuz yechilmagan hamda mustaqillik tantanalari shaharning o‘zbek jamoasi uchun hech nimani anglatmaydi.

"Qirg‘iziston: Mustaqillik tantanalari o‘zbeklar uchun bema‘no" deya nomlangan maqola: "O‘sh shahrining yangi qurilgan ramziy darvozasida ot minib ketayotgan baxtiyor qirg‘iz tasvirlangan. U o‘tovlarga to‘la yaylovdan otini choptirib ketmoqda. Darvozadagi suratning ruhi mutlaqo qirg‘izcha va ana shunisi ahamiyatli", degan satrlar bilan boshlanadi.

Muallifga ko‘ra, suratdan maqsad shundoqqina ostonadan o‘tib boshlanuvchi yo‘lning ikki chetida o‘tgan yilgi zo‘ravonliklarda vayron etilgan o‘zbeklar uylarining chang bosgan qoldiqlaridan chalg‘itishdir.

Shuningdek, u: "Bu surat mamlakatdagi ikkinchi yirik shahar - O‘shni qirg‘izlar hududi sifatida belgilashni anglatadi".

Maqolada 30-40 yilcha avval O‘shda asosan o‘zbeklar yashaganlari, lekin Farg‘ona vodiysidagi boshqa shaharlardan farqli o‘laroq boshqa davlat hududida joylashganiga ahamiyat berilmagani tilga olinadi.

"Hozirda esa Markaziy Osiyoliklar mustaqillikka erishganlarining 20 yilligini nishonlashayotgan ekan, O‘sh o‘zbeklari umumiy manzaradan chetda qolayotgandek", deb yozadi muallif Joanna Hartford (Joanna Hartford).

O‘tgan yilgi zo‘ravonliklarga qadar o‘zbeklar xususiy sektorda ustuvor edilar. Ularning mahallalari shahar markazidagi Sulaymon tog‘i atrofida joylashgandi.

"Lekin, bugun manzara o‘zgacha. Atrofni hali-hanuz pishirlayotgan kaboblar isi tutgan, biroq o‘tgan yilgi buzg‘unchiliklardan omon qolgan qolgan oshxonalarni qirg‘izlar egallashgan va ular bugun o‘zga nomlangan...Bozorlarga ham bir qadar jon kirgandek va ko‘plab peshtaxtalar qayta qurilgan, ammo sotuvchilarning aksari hozirda qirg‘izlar, xaridorlar ham huddi shunday".

Muallifning aytishicha, o‘zbek mahallalari bir-birlarining pinjiga tiqilgandek, adolatga yo‘l yo‘qligini tushunib yetgandek.

"Militsiya esa, o‘zbeklarni ta‘magirlik uchun oson nishon sifatida ko‘radi. O‘zbek mahalalaridan biriga kirib borganimda, keksa ayollar tashqarida ko‘rpachalarda o‘tirib, Qur‘on tilovat qilishayotgandi. Keyin bilsam, ularning har birida mobil telefonlari bor ekan, ular bironta militsiya xodimi paydo bo‘lib qolsa, atrofdagilarga xabar berishar ekan".

"O‘shdagi qirg‘izlar esa, bu ishlarning hammasini o‘zbeklarning o‘zlari bizni sharmanda qilish uchun qildilar, deyishadi. Ko‘plari xalqaro tanqidning achchig‘ini his qilib turib ham o‘zbeklarga ko‘rsatib qo‘ydik deb ham ishonadilar. Hech qanday muammo yechilmagan", deb yozadi Joanna Hartford .

"Mustaqillikning 20 yillik tantanalari Qirg‘iziston janubidagi o‘zbeklar uchun mazmunsiz. Ular bunga Stalin tomonidan etnik guruhlarni bo‘lib tashlash uchun qurilgan chegaralar ortidan boqadilar".