Ovro‘po Ittifoqi Turkmanistondan gaz importi bo‘yicha muzokaralar boshlaydi

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar Turkmanistondan gaz importi bo‘yicha muzokaralar boshlashga kelishganlar.

Kaspiy mintaqasidagi yirik gaz zahiralarini Ozarbayjon orqali to‘g‘ridan - to‘g‘ri Ovro‘poga yo‘naltirishga oid qonuniy shartnomaga erishish yo‘lida muloqotlar olib borish qarori OI vazirlari yig‘inida olingan.

Ovro‘po Ittifoqi energetika masalasida Rossiyaga qaramligini kamaytirishni istaydi.

Turkman gazi, ayniqsa, Turkiya orqali Ovro‘poga gaz yetkazishi mumkin bo‘lgan Nabukko quvuri kabi ulkan loyihalar uchun zarurdir.

Endi Ovro‘po Ittifoqi dengiz tubidan o‘tuvchi Transkaspiy gaz quvurini siyosiy tomonlama dastaklamoqda.

Energetika bo‘yicha Komissar Gunter O‘ttinger uni Ovro‘po Ittifoqi imkon qadar tezroq amalga oshirishga umid qilayotgan yirik loyiha deya ta‘riflagan.

"Maqsad aniq, biz Kaspiy mintaqasidagi gazni Ovro‘poga keltirishni istaymiz. Buning uchun bizga Turkmanistondan Kaspiy dengizidan Ozarbayjon orqali gazni yetkazadigan quvur kerak", deydi Ovro‘po Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha voizi Marlen Holzner

Yangi qadam

Turkman gazini Ovro‘poga yo‘naltirishga qaratilgan muzokaralar bir yoki ikki a‘zo davlatlar tarafidan yakka tartibda emas, balki ittifoq doirasida olib boriladi.

"Bugun ilk bor ittifoqqa a‘zo 27 davlatning barchasi Ovro‘po Ittifoqi Ozarbayjon va Turkmaniston bilan muzokaralar olib borishiga kelishdilar. Bu mutlaqo yangi qadam. Biz bundan oldin butun boshli Ovro‘po Ittifoqi uchun energetika masalasida xalqaro doirada muzokaralar olib bormaganmiz", deb aytdi Ovro‘po Ittifoqining energetika masalalari bo‘yicha voizi Marlen Holzner BBC bilan suhbatda.

Energetika bo‘yicha Komissar Gunter O‘ttinger shartnoma "Janubiy koridor" orqali butunboshli Ovro‘po Ittifoqini ishonchli energetika manbasi bilan ta‘minlash yo‘lidagi muhim hujjat bo‘lishini aytgan.

Shuningdek, O‘ttinger janoblari buni Ovro‘po Ittifoqining "muvofiqlashgan va yagona tashqi energetika strategiya"ni ishlab chiqish tomon tashlangan ilk qadam sifatida ham ta‘riflagan.

"Ovro‘po bir ovozda gapirmoqda", deb aytgan u.

Muammoga yechim

Yarim milliard iste‘molchi va 20 million energetika shirkatiga ega Ovro‘po Ittifoqi so‘nggi yillarda Rossiya va Ukraina orasida gaz narxlari va qarzlar borasidagi tufayli yuzaga chiqqan mashmashalar bois mushkulotlarni boshidan kechirdi.

Gazprom tranzit davlat hisoblangan Ukrainaga boruvchi gaz ta‘minot quvurlarni o‘chirib qo‘yarkan, qator Ovro‘pa mamlakatlariga gaz ta‘minoti kamayib, ba‘zilariga butkul to‘xtab qolgandi.

Transkaspiy yo‘lagi bo‘yicha shartnoma Turkmanistonni Ozarbayjon bilan bog‘lovchi suv osti quvurini qurishga izn beradi. Ushbu quvur esa, Ovro‘po Ittifoqiga gaz yetkazuvchi "Janubiy koridor" tarmog‘iga kelib ulanishi mumkin.

Ozarbayjon allaqachon Ovro‘poni gaz bilan ta‘minlashga rozi bo‘lgan, ammo suv ostidan quvur qurish bo‘yicha sa‘y-harakatlar Turkmaniston bilan kelishmovchiliklar, shu bilan birga Rossiyaning e‘tirozlari bois to‘xtab qolgandi.