Rossiya: Ovro‘po Ittifoqi Turkmaniston va Ozarbayjon bilan muzokara qilmasligi lozim

Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi Kaspiy dengizi orqali Ovro‘poga tabiiy gaz eltuvchi quvur qurilishi masalasida Turkmaniston va Ozarbayjon bilan muzokaraga kirishmasligi lozim.

Ovro‘po Ittifoqi kecha bu xususda muzokaralarni boshlash qarorida ekanini bayon qilgandi.

Rossiya tomonining bildirishicha, o‘zlarini chetlab o‘tishga qaratilgan mazkur loyiha birovning ishiga burun suqish bo‘ladi va mintaqada tanglikni kuchaytiradi.

Turkmaniston va Ozarbayjon Kaspiy dengiziga tutash beshta davlatdan ikkitasi hamda dunyodagi to‘rtinchi yirik gaz zaxiralariga egalik qiladi.

Muhokama etilishi kutilayotgan gaz quvuri loyihasi esa, bu ikki davlatning gazini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ovro‘poga olib chiqishga imkon beradi.

Bundan tashqari, ushbu reja Ovro‘po Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Turkiya hamda Avstriya orasida yangi gaz quvuri qurishni ko‘zda tutgan "Nabukko" loyihasiga ham yaxshi dastak bo‘ladi.

Yangi loyihalar bilan Ovro‘po Ittifoqi o‘zining Rossiya gaziga bo‘lgan qaramligini chorak foizga qisqartirmoqchi.

Ikki o‘rtada tranzit davlati bo‘lgan Ukraina bilan doimiy mojarolari esa, Rossiyaning Ovro‘poga gaz ta‘minotida uzilishlarga sabab bo‘lib keladi.

Bayonot

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, "Chetdan turib, Kaspiyning ishlariga aralashishga urinish mintaqadagi vaziyatni jiddiy izdan chiqarishi va dengizning qonuniy mavqeiga oid beshtomonlama muzokaralarga salbiy ta‘sir qilishi mumkin".

Vazirlik o‘z bayonotida Ovro‘po Ittifoqi rahbariyatini Rossiya va Kaspiy Beshligiga a‘zo qolgan davlatlar mavqesini hurmat qilish va bundayin amallardan tiyilishga chaqiriladi.

Rossiya va Kaspiy dengiziga tutash Eron, Qozog‘iston, Ozarbayjon hamda Turkmanistonning dengizning qonuniy mavqei yuzasidan olib borayotgan muzokaralari esa, shundoq ham hassosdir.

"Nabukko" Rossiyaning "Janubiy oqim"i doxil Turkmaniston va Ozarbayjon bilan Kaspiy dengizi orqali gaz quvuri qurishga qaratilgan qator loyihalarning biridir.

Sho‘rolar Ittifoqining qulaganiga qaramay, Rossiya hamon o‘z ta‘sir doirasida deb bilgan bu ikki davlatdan o‘z vaqtida gaz sotib olish to‘g‘risida uzoq yillik shartnomalar ham imzolab qo‘ygan.

Mutaxassislarga ko‘ra esa, Kaspiy dengiziga tutash davlatlar bu qimmat loyihalarning faqat bittasiga yetadigan miqdordagina gaz yetkazib berishlari mumkin.