Turkmaniston fazoga o‘zining ilk sun‘iy yo‘ldoshini uchirmoqchi

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, Turkmaniston o‘zining ilk sun‘iy yo‘ldoshini yaratish va fazoga uchirish ustida ish olib bormoqda.

Rossiya axborot agentliklari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, turkman rahbari chorshanba kuni poytaxt Ashxobodda ochilgan “Turkmentel-2011” ko‘rgazmasi ishtirokchilariga ana shunday murojaat bilan chiqqan.

Prezident Berdimuhammedovning aytishicha, o‘z sun‘iy yo‘ldoshlarini fazoga uchirish Turkmaniston davlat televideniyesi ko‘rsatuvlari translyatsiyasini yangi darajaga ko‘taradi.

Internetga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi, zamonaviy va samarali aloqa turlariga eshik ochadi.

Shu yilning may oyi oxirida prezident Gurbanguli Berdimuhammedov Milliy fazo agentligini tuzish to‘g‘risidagi farmonga ham imzo chekkandi.

Mahalliy xabarlarga ko‘ra, ushbu agentlik yerga yaqin orbitani kuzatadi, fazoviy kengliklarni tadqiq etadi, sun‘iy yo‘ldosh aloqasini yo‘lga qo‘yadi va Turkmaniston hududidan turib, sun‘iy yo‘ldoshni boshqarishni tashkillashtiradi.

Boshqa farmon nima deydi?

Shu yilning avgust oyi o‘rtalarida esa, Turkmaniston prezidenti xususiy sun‘iy yo‘ldosh antennalarini olib tashlashga buyruq bergandi.

Turkman rahbari ular "mamlakat ko‘rkiga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi”ni da‘vo qilarkan, kuzatuvchilar uning buyrug‘i mamlakatda xorijiy televizion kanallarga yangi cheklovlar o‘rnatilishini anglatishiga ishonchlari komilligini aytishgandi.

Sun‘iy yo‘ldosh antennalari orqali ko‘rsatiluvchi xorijiy televizion kanallar Turkmaniston aholisi uchun kam sonli mustaqil axborot manbalaridan hisoblanadi.

Chunki mamlakat matbuoti hukumat tomonidan nihoyatda kuchli nazorat qilinadi.

Marhum Turkmanboshi Saparmurot Niyozovning o‘limi ortidan qudratga kelgan Gurbanguli Berdimuhammedov ko‘proq islohotlar o‘tkazishga va‘da berganiga qaramay, Turkmaniston haliyam dunyoning eng yopiq mamlakatlaridan biri bo‘lmoqda.