BMT hibsxonada vafot etgan mahbus o‘limida Qirg‘iziston hukumatini mas‘ul ko‘rmoqda

Image caption Qirg‘iziston huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qonunbuzarliklar keng tarqalgani haqida aytib kelinadi.

BMTning Inson Huquqlari Qo‘mitasi 2004 yil militsiya hibsxonasida vafot etgan Toshkenboy Mo‘ydinov o‘limida Qirg‘iziston hukumati mas‘ul, degan xulosaga keldi.

BMT bayonotida aytilishicha, bu Qirg‘izistonda militsiya tomonidan qiynoqlar qo‘llash va zo‘ravonlikka qo‘l urish holatlari yuzasidan xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.

BMT Inson Huquqlari qo‘mitasi Bozorqo‘rg‘on militsiya bo‘limida vafot etgan Toshkenboy Mo‘ydinov ishi yuzasidan mahalliy himoyachi Toir Asanov arizasini ko‘rib chiqqan.

Qo‘mitaga xulosasiga ko‘ra, Qirg‘iziston shaxsni yashash, qiynoqlardan xolis bo‘lish va himoya huquqidan mahrum etgan.

BMTga ushbu ish yuzasidan murojaat qilgan Ochiq Jamiyat Adliya Tashabbusidan Jeyms Goldstonga ko‘ra, Qo‘mitaning bu xulosasi Qirg‘iziston Adliya tizimidagi muttassil kamchiliklar borasida rasmiylarni ogoh qilishi kerakdir.

Toshkenboy Mo‘ydinov 2004 yil oktyabr oyida qo‘lga olinib, Bozorqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib ketiladi.

Oradan bir soat o‘tmay Mo‘ydinovning vafot etgani haqida xabar berilgan.

Militsiya bo‘limiga chaqirilgan Tez Yordam xizmati shifokori Mo‘ydinovning tomog‘ida barmoq izlarini ko‘rgan va uning bo‘g‘ilganmi-yo‘qligi haqida so‘ragan.

Militsiya avvaliga uning yurak xurujiga uchraganligini aytgan, keyinchalik esa o‘zini osib qo‘ydi, deb aytishgan.

Toshkenboy Mo‘ydinov o‘limi yuzasidan hech qachon mufassal tekshiruv o‘tkazilmagan.

Rasmiylar jinoyat yeridan dalillarni to‘plashmagan, hodisalar qanday rivojlanganligini aniqlamaganlar va tibbiy xulosani talab qilmaganlar.

Ushbu hodisaga e‘tiborni tortmoqchi bo‘lganlardan biri huquq himoyachisi Azimjon Asqarov edi, deyiladi BMT hisobotida.

U ham hozirda adolatli ravishda o‘tkazilmagan mahkama jarayoni natijasida umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.

Toshkenboy Mo‘ydinov vafot etgan militsiya bo‘limida shu yilning avgust oyida to‘rt soat mobaynida ushlab turilgan Usmonjon Xolmirzayev ham ertasi kuni shifoxonada ham olamdan o‘tgan.

O‘limidan avval Xolmirzayev turmush o‘rtog‘iga qiynoqqa tutilgani va undan pul talab qilishganligini aytgan.

BMT bayonotida aytilishicha, Toshkenboy Mo‘ydinovning o‘limida hech kim aybdor topilmagan.

Militsiya xodimi Abdikayumov qochib ketgan.

Yana bir militsiya xodimi Mantiboyev e‘tiborsizlikda ayblangan, ammo marhumning oilasiga yordam berish va‘dasi bilan qamoq jazosidan qutulib qolgan.

BMTga ko‘ra, keyinchalik Oliy Mahkama marhumning oilasiga dafn marosimi uchun kam miqdorda haq to‘lashning o‘zi yetarli, degan hukm chiqarib, jazosizlik muhitini kuchaytirgan.

"Biz o‘z vatanmizda adolat topmaganimizdan so‘ng, BMTga murojaat qilishga majbur bo‘ldik", dedi Toshkenboy Mo‘ydinovning singlisi.

BMT qo‘mitasi Qirg‘iziston rasmiylariga uning o‘limi yuzasidan mustaqil, xolis va mufassal tekshiruv o‘tkazib, mas‘ullarni javobgarlikka tortib, BMTni bu borada xabardor qilish uchun 6 oy muhlat berdi.