Qozog‘istonda Natalya Sokolovaning apelyatsiya mahkamasi bo‘lib o‘tmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Sokolova xonim mingdan ortiq neftchilar ishtirokida namoyish boshlanishi ortidan nizo qo‘zg‘ashda ayblangan

Qozog‘iston g‘arbida namoyish o‘tkazayotgan neftchilar yuristi Natalya Sokolovaning apelyatsiya mahkamasi bo‘lib o‘tmoqda. Mang‘istau viloyat mahkamasida hakam "Qarajanbasmunay" kompaniyasi kasaba uyushmasi yuristi Natalya Sokolovaning aybsiz ekanligi haqidagi da‘volarni tinglagan. Sokolova xonim mingdan ortiq neftchilar ishtirokida namoyish boshlanishi ortidan hibsga olingan va nizo qo‘zg‘ash aybi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Sokolova xonimning advokati Arman Jamenov birinchi mahkama juda ham ko‘p qonunbuzarliklar bilan bo‘lganini aytgan. Jamenov ilk mahkamada Sokolova tomonidan aytilgan so‘zlarni tilshunos ekspertlar noto‘g‘ri talqin qilganini va himoya tomoni mustaqil tilshunoslar yollaganini bildirdi.

"Birinchi ekspertiza xulosalari bilan Natalya ish beruvchilar va ishchilar o‘rtasida nizoga chaqirganini isbotlab bo‘lmaydi. Chunki hech kim bunday ma‘noni his qilmagan", - deydi Arman Jamenov.

Hakam tilshunoslarni mahkama zaliga kelishini so‘ragan va ishni dushanba kuni davom ettirishini bildirgan.

Shu yilning 8 avgust kuni Aqtau shahar mahkamasi Natalya Soklovaga ijtimoiy nizo qo‘zg‘ash, miting va namoyishlar o‘tkazishda qonunni buzish kabi ayblovlar qo‘ygan va 6 yil umumiy jazo koloniyasida muddatini o‘tashni belgilagan.

May oyidan buyon Aqtau va Janao‘zan shaharlarida neftchilarning noroziliklari davom etmoqda. Neftchilarni himoya qilish maqsadida tuzilgan "Xalq fronti" vakillariga ko‘ra Natalya Sokolova neftchilarni aldashganini isbotlab bera olgani uchun jazolanmoqda.

Turmush o‘rtog‘ini himoya qilishga o‘zi kirishgan Vasiliy Chepurnoyning da‘vo qilishicha hibsdaligida vaqtida Sokolova xonimni video kameraga aybdorman deb aytishgan majburlash hollari bo‘lgan.

Mahkama jarayonida Sokolova xonim o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va kasaba uyushmasi yig‘inlarini tashkil qilish qonunni buzishga kirmasligini aytgan.

Natalya Sokolova kim?

39 yoshli Natalya Sokolova Qozog‘istonning shimolidagi Petropavl shahrida tug‘ilgan. Birinchi mutaxassisligi ingliz tili tarjimoni. Keyinchalik huquqshunoslik bo‘yicha ikita oliy o‘quv yurtini bitirgan. Natalya Sank-Peterburg shahridagi Kasaba uyushmalar universitetining huquq sohasi bo‘yicha diplom olgan bo‘lsa, ikkinchi diplomni huquqshunoslar oliy maktabida himoya qilgan.

2000 yilda Olma ota shahridan neftga boy Mang‘istau viloyatiga ishlash uchun boradi. Sokolova xonim "Qarajanbasmunay" kompaniyasiga 2009 yili ishga kelgunga qadar ikkita neft kompaniyasida yurist o‘laroq faoliyat yuritadi.

2009 yili xitoyliklarga tegishli bo‘lgan CITIC group of companies Natalьyani "Qarajanbasmunay" loyihasiga yurist o‘laroq ishga o‘tishga ko‘ndiradi. Shu vaqtlari "Qazmunaygaz" kompaniyasi tomonidan CITIC ka tegishli bo‘lgan "ArgimakTransServis" hissadorlik jamiyatiga reydlar bo‘layotgandi.

Qazmunaygazning qarshiligiga qaramasdan CITIC Sokolovani ishga olishga muvaffaq bo‘ladi. Yurist lavozimi Qazmunaygazga tegishli bo‘lgani uchun Natalьyani ishchilar bilan ishlash departamenti direktori sifatida tirkaladi.

Sokolova xonim ish boshlagach kompaniyaga bo‘layotgan noqonuniy harakatlarni bartaraf etishning uddasidan chiqadi.

Natalya Sokolova yurist o‘laroq "QazMunaygaz"ning manfaatlari yo‘liga g‘ov bo‘lavergach, kompaniya turli sabablar bilan uni ishdan bo‘shatishning yo‘lini topadi.

2010 yilda Natalya ishdan bo‘shagach "Qarajanbasmunay"ning kasaba uyushmasiga yurist o‘laroq ishga kiradi.

"Kasaba uyushmasida ishlashni boshlaganda, qonunlarni bilgani uchun va Mehnat kodeksiga tayangan holda ishchilarning maoshlarini qonunga muvofiq ko‘tarishlarini talab qildi", - deydi Natalyaning turmush o‘rtog‘i Vasiliy Chepurnoy.

Natalya Qazmunaygazga nisbatan ishlarni yuta boshlagach, uni bir marta noma‘lum shaxslar kaltaklashadi.

Natalya va Vasiliylarning 14 yoshli farzandi bor. Natalya hibsga olingandan so‘ng uning o‘g‘li va eriga nisbatan bir necha marotaba tahdidlar bo‘lgan. Vasiliy Chepurnoy o‘g‘li hozir maktabga borib kelgach, uydan hech qayoqqa chiqolmay o‘tirishini aytadi. Chunki, uni o‘g‘irlab ketishga urinishlar bo‘lgan.