Qozog‘iston: Qabr qazuvchilik va mayit yuvg‘uchilik qanchalar yangi kasb?

Olma ota shahridagi ulkan qabristonlardan biri. Bir qarashda ochiq muzeyni eslatib yuboradigan ushbu qabristonda Qozog‘istonning bir vaqtlar atoqli arboblari va obro‘ga ega bo‘lgan shaxslari yotibdi. Qabristonga kiraverishdagi mo‘‘jaz xonacha esa Qur‘ondan sura o‘qiyotgan Murod kabi mullalarga ajratilgan. Taxtachaga Qur‘on o‘qitiladigan joy deya yozuv bitilgan.

Qur‘ondan sura o‘qilgach, mulla ziyoratchidan marhumning ismini so‘raydi va uning haqqiga duo qiladi. Ziyoratchi qo‘l uchida 500 tanga yoki 3 dollardan ko‘proq pul tutqazadi. Murod Qozog‘istonning boshqa mintaqasidan mehmonga kelgan. Olis tumanlarning birida savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. Ammo Qur‘ondan ilmi bo‘lgani uchun odamlarning mullaga tushadigan ehtiyojlarini ham qondirib turadi.

Olma otadagi qabristonda uning yaqin qarindoshi Qur‘on o‘qib tirikchiik qiladi. Ammo hozir o‘zining shaxsiy yumushlari bilan boshqa joyga ketgan. Bu xonachada o‘tiradigan mullalar o‘zlarini diniy idoraga qarashli ekanliklarini aytishsa-da, biror yerdan oylik olishmaydi. Ular ziyoratchilar bergan pul orqali oila tebratishadi. Kelganlarning orasida diniy savollar beruvchiar ham topiladi.

"Bizga katta-katta savollar berishadi. Biz bilmaymiz, biz faqat siz Qur‘on o‘qishni bilmaganingiz uchun xizmat tariqasida o‘qib beramiz, deymiz. Bizga diniy idora oylik bermaydi", - deydi Murod.

Bu o‘lkalarda ateizm kelguncha aholi orasida Qur‘ondan savodi bor kishilar ko‘plab topilgan. Marhum uchun sura tilovat qilish uchun maxsus odamlar bo‘lmagan. Ammo xudo yo‘q degan aqidani keng targ‘ib qilgan kommunistlar davrida diniy savod chiqarishning deyarli imkoni bo‘lmagan.

Olma ota masjidlarining birida nikoh xutbasi o‘qilmoqda. Olma otada bir nikoh o‘qib qo‘yish o‘rtacha 35 dollarni tashkil qiladi. Boy kishilar esa himmatiga qarab 300-400 dollar ham berishlari mumkin. Ammo nikoh o‘qib bergani uchun imom yoki mulla sizdan pul talab qilmaydi. Ushbu pullar hadya sifatida har kimning sharoitidan kelib chiqib beriladi. Shundan so‘ng imom tomonidan shar‘iy nikohdan o‘tganligi to‘g‘risida qog‘oz beriladi.

Islom hayotning ajralmas bir qismi bo‘lgan ushbu o‘lkalarda diniy savodsizlik avj olgani bois, Islom shariatida ko‘rsatilgan amallarni bajarish uchun yangi kasb egalari paydo bo‘ldi. O‘liklarga va tiriklarga Qur‘on o‘quvchi mulla va odam vafot etganidan so‘ng uni shariatda ko‘rsatilganidek qilib yuvib qabrga qo‘yuvchilar.

To‘lebayeva Jumakerim opa 10 yildan beri Olma ota Markaziy masjidida farroshlik qiladi. Shu bilan birga masjidga mayit yuvuvchilarni izlab kelganlarning ham ehtiyojini qondiradi.

"30 yoshimda ilk bor mayit yuvishga to‘g‘ri kelgan. Kattalar aytib turdi. Onamning opasi olamdan o‘tgandi. Onam o‘zi kasal bo‘lgani uchun, mulla aytib turdi, men yuvdim", - deydi Jumakerim opa.

Oliy ma‘lumotli Jumakerim opa, vaqtida iqtisodchi bo‘lib ishlagan. Odmi kiyinib olgan bu ayol, mayit yuvish aslida har bir musulmonning qiladigan ishi ekanligini aytadi.

"Men biror narsa ber deb aytmayman. Buning hammasi Allohning roziligi uchun. Berganda ham hadya hisobida - dasturxon, ro‘mol, mato qilib berishadi. Birovning sharoiti bor, birovniki yo‘q. Qancha beraylik deb so‘rashadi. Bizda unaqa narsa yo‘q deb aytamiz. O‘lim hammamizga haq, menga savob kerak", - deydi Jumakerim opa.

Islom qoidalari bo‘yicha erkaklarning jasadini erkak kishi, ayollarnikini esa ayol kishi yuvishi kerak. Jumakerim opa ko‘pchilik o‘likdan qo‘rqishini aytadi. U har safar mayitni yuvishdan oldin tushuntirish ishlari olib boradi.

"Borgan yerimda aytaman, o‘zingning tuqqan onangni nega begona odamga yuvdirasan? Sen onangni tirik vaqtida har doim yuvintirib yurgansan-ku, nega qo‘rqasan? Ko‘pchilik birinchi marta yuvayotganda qo‘rqadi. Shunda sizlar o‘likdan qo‘rqmanglar, tirik odamdan qo‘rqinlar, deb tushuntiraman", - deydi Jumakerim opa.

Alixon og‘a 15 yildan beri Olma otadagi eng ulkan qabristonda ishlaydi. Kuch quvvat bor vaqti qabr qazish bilan shug‘ullangan. Endi esa yosh 60 dan osharkan, qabristonda tozalik ishlari bilan shug‘ullanadi.

"Oldin qishloq xo‘jaligida ishladim. Odamning hayotida turli holatlar bo‘ladi-ku, chorasizlikdan keyin mana shu yerga kelib mehnat qilib yuribmiz", - deydi Alixan og‘a.

Sho‘rolar davrida qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatgan Alixan og‘a ittifoq tarqashi bilan ish o‘rninini ham yo‘qotadi. Qabristonga kelishiga ishsizlik sabab bo‘lganini va hayot majbur qilganini aytadi. 44 yoshida qabristonga ish izlab kelgan Alixan og‘a o‘sha kezi qabr qazib va unga tushib jasadni qo‘yish kabi ishlarni qilishga to‘g‘ri kelgan. Oldin bu kabi ishlarni qilib yurmagani bois ilk bor qabrga tushganda qo‘rquv paydo bo‘lganini aytadi.

"Albatta, oldin o‘lgan odamni ko‘rmaganingiz uchun birinchi qaziganda yurakda hadik bo‘ladi. Ilk o‘likni qabrga qo‘yganda yuraklarim dirillagan", - deydi u.

Qabr qazish yaqin-yaqingacha ham kasb bo‘lmagan. Musulmon kishi olamdan o‘tsa, uni yuvib kafanga o‘rab ko‘mish boshqa musulmonlarning farzi hisoblangan va bu ish bilan ilmi va bilagida kuchi bor shug‘ullanavergan.

Endi esa ayniqsa shahar joylarda bu ish bilan shug‘ullanadigan maxsus kasb egalari paydo bo‘lgan.

Alixan og‘aga ko‘ra qabr qazuvchi yigitlar 30-40 ming tanga yoki 270 dollar oylik oladi. Qabr qazdiruvchi sadaqa sifatida yana bir-ikki so‘m berishi mumkin, ammo bu majburiy emas. Alixan og‘aning o‘zi 20 ming tanga yoki 140 dollar maosh oladi. Oilada hamma ishlagani uchun yetkazayotganini aytadi..

"Farzandlarim va ayolim ham ishlaydi. Hammamiz bir uyda turamiz, topganimiz o‘rtada, hozircha yetib turibdi", - deydi u.