O‘rinboy Usmon mahkama ishini kuzatgan britan elchisi o‘z hukumati xavotirini izhor qildi

Image caption Elchi Trevor Mor (chapdan birinchi) O‘rinboy Usmon ishini sinchkovlik bilan kuzatayotganini bildirdi

Xo‘jandda BBC muxbiri O‘rinboy Usmon ustidan mahkama jarayoni davom etgan.

59 yoshli O‘rinboy Usmon Hizbu Tahrir noqonuniy diniy guruhiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Uning ayni tashkilotga a‘zoligi borasidagi avvalgi ayblov bekor qilingandi.

Bugungi mahkama ishida Britaniyaning Tojikistondagi elchisi ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Mahkama ishi boshlanganining ilk kunlari himoyachining savollariga javob berarkan, BBC muxbiri O‘rinboy Usmon o‘zining hibsxonada qiynoqqa tutilganini aytib bergandi.

Bugun davom etgan mahkama ishida bir qator guvohlarning yozma ko‘rsatmalari o‘qib eshittirilgan.

Bu ko‘rsatmalar asosan O‘rinboy Usmon bilan birgalikda mahkamaga tortilayotgan to‘rt ayblanuvchiga qarshi ishlatilgan.

Ulardan faqat bittasi O‘rinboy Usmonga qarshi ko‘rsatma sifatida o‘qib eshittirilgan.

Bu ko‘rsatma hozirda Dushanbedagi qamoqxonada saqlanayotgan Abdulla ismli Hizbu Tahrir guruhi a‘zosidan ekani aytilgan.

Unda Abdulla jurnalist O‘rinboy Usmon bilan bir yil avval uchrashgani, unga Hizbu Taxrir tashkiloti varaqasini bergani, O‘rinboy Usmon undan Hizbu Tahrir maqsadlari haqida so‘ragani, biroq u janob Usmonni tashkilotga a‘zo bo‘lishga da‘vat qilmaganini aytgan.

O‘rinboy Usmonga so‘z yetganda u jurnalist sifatida Abdulla ismli shaxs bilan haqiqatdan 2010 yilda uchrashgani, biroq undan varaqa qabul qilib olmagani va tashkilot maqsadi nima deb so‘ramaganini bildirgan.

Janob Usmon 10 yildirki bu tashkilotga bog‘liq mahkama ishlarini kuzatib borayotgan muxbir sifatida Hizbu Tahrir maqsadi nima ekanini o‘zi yaxshi bilishini urg‘ulagan.

Abdullaning ko‘rsatmasi O‘rinboy Usmonga qarshi eng asosiy guvohlik ko‘rsatmasi sifatida qo‘llanilmoqda.

Ammo, O‘rinboy Usmon BBC muxbiri sifatida holisona ravishda hamma taraflarning fikrlarini yoritganini bildirgan.

Britaniyadagi xavotir Mahkama ishini bevosita kuzatgan Dushanbedagi Britaniya elchisi Trevor Mor O‘rinboy Usmon taqdiri britan hukumatini tashvishga solayotganini aytdi.

"O‘rinboy Usmonovning ishi Britaniya hukumatini xavotirga solgan. Shuning uchun bu mahkama ishini yaqindan kuzatib borish biz uchun muhim. BBC o‘z muxbiriga qarshi barcha ayblovlar mutlaqo soxta deb xabar qilgan. Biz shuning uchun buni kuzatayapmiz, oqibati nima bo‘lishini va sud qanchalar qonuniy tarzda o‘tkazilishini ko‘rish uchun kuzatayapmiz," dedi elchi janoblari.

Janob Mor sud ishi qanchalar qonuniy va odilona o‘tkazilishiga ishonishi haqida fikr bildirmadi.

"Hozirgi bosqichda men mahkama ishi haqida biron sharx berishni istamagan bo‘lardim. Men mahkamaning ishlariga aralashishni istamayman. Lekin, uni juda yaqindan va ehtiyotkorlik bilan kuzatib boraman. Biz mahkama ishi tugaganidan keyin munosabat bildiramiz," dedi Britaniya elchisi Trevor Mor.

Bugungi mahkama ishida, Tojikistondagi Britaniya elchisidan tashqari, Ovro‘po Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining vakili, BBC, Ozodlik, Amerika Ovozi radio stantsiyalari muxbirlari, hamda Tojikistonda jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar va Aziya plyus kabi xabar agentliklari vakillari ishtirok etdilar.