Prezident O‘tinboyeva: "Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda gardkam o‘yinlarning oroliga aylanib qoldi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

"Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda gardkam o‘yinlarning oroliga aylanib qolgan"ini bayon qilgan prezident Roza O‘tinboyeva keskin chora-tadbirlar bilan mamlakatdagi qimorxonalar faoliyatini jiddiy tartibga solish lozimligini urg‘ulagan.

Uning bu xususdagi videomurojaati qirg‘iz rahbarining web sahifasida e‘lon qilingan.

Qirg‘iziston rahbari bugun mamlakatda birgina litsenziya olib, faoliyat yuritayotgan qimorxona va turli o‘yingohlarning soni o‘nlab ekanini aytadi.

Unga ko‘ra, bolalar bog‘chalariyu turli jamoatchilik tashkilotlari o‘rnida faoliyat yuritayotgan bu kabi o‘yingohlarni nafaqat poytaxt Bishkek, balki mamlakatning chekka qishloqlarida ham uchratish mumkin.

"Pana-pastqam joylarda qimorxonalarning faoliyati butkul taqiqlangan qo‘shni davlatlar, jumladan, Qozog‘iston, Rossiya va, hatto, Belarusdan ham "omadini sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar" aynan Qirg‘izistonga kelishadi. Ming afsuslar bo‘lsinkim, bizning mamlakatimiz Markaziy Osiyoda gardkam o‘yinlarning oroliga aylanib qoldi", deb aytgan Qirg‘iziston prezidenti.

O‘tinboyeva xonimning bayon qilishicha, qimorxonalar va turli tavakkal o‘yinlarga mo‘ljallangan avtomatlar butun qirg‘iz jamiyatiga halokatli ta‘sir qilib, odamlarni xonavayron qiladi.

"Bu kabi o‘yingohlar egalari o‘zlarining davlat g‘aznasiga soliq to‘lashlarini ro‘kach qilishadi. Ammo xorijda qimorxonalardan aksariyat hollarda noqonuniy pullarni o‘zlashtirishda foydalanish izchil tus olib bormoqda. Bu kabi amaliyot alal-oqibat bizda ham jiddiy tus olishi mumkin", deya ogohlantiradi qirg‘iz rahbari.

O‘z o‘rnida, O‘tinboyeva xonim gardkam o‘yinlarni butkul taqiqlash va qimorxonalar faoliyatidan davlat byudjetiga tushayotgan daromadlardan umuman voz kechish da‘vatlarini qo‘llamagan.

Bundan avval Qirg‘iziston parlamentida qimorxonalar faoliyatini butkul man etishga oid takliflar ham ilgari surilgandi.

Qirg‘iziston rahbariga ko‘ra, bunday qilish – ularning yashirincha bo‘lsa-da, bemalol faoliyatlarini davom etdirishlariga olib kelishi mumkin.

O‘tinboyeva xonimning urg‘ulashicha, joriy paytda bunga o‘xshash o‘yingohlarning faoliyatini cheklovchi zamonaviy chora-tadbirlar ko‘rishdan boshqa chora yo‘q va bu ishga bugunning o‘zida qo‘l urilmog‘i lozim.

Agarda, mamlakat moliya vazirligining hisob-kitoblariga qaralsa, birgina qimorxona va o‘yingohlardan davlat g‘aznasiga tushayotgan soliq to‘lovi yiliga 403 million qirg‘iz so‘mini tashkil etadi.

Vazirlik amaldorlariga ko‘ra, agar davlat g‘aznasi ushbu tushumdan mahrum etilsa, daromadning boshqa manbalarini izlash lozim bo‘ladi.

Ammo bu kabi faoliyat turlarining butkul taqiqlanishiga oid kecha parlamentning maxsus qo‘mitasida muhokama etilgan qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan Bakitbek Jetigenov ("Or-nomus" partiyasidan) Qirg‘iziston buncha mablag‘ni sayyohlik sohasini rivojlantirish orqali ham qo‘lga kiritishi mumkin edi, deydi.

O‘z videomurojaatining yakunida esa, Qirg‘iziston prezidenti, "Keling, birlashaylik, qimorvoz-baronlarga oilalarimiz va yoshlarimizning hayotini izdan chiqarishga yo‘l bermaylik. Ertaga kech bo‘ladi", deya murojaat qiladi.