Tojikistonlik isyonkorlar tojik hukumatiga yangi tahdid bilan chiqishdi

O‘zini "Jamoat Ansarulloh", deb taqdim etgan islomiy isyonkorlar guruhi tojik hukumat kuchlari va Tojikistondagi "dinsizlar"ni hujumga tutish tahdidi bilan chiqqan.

Guruhning jihodga da‘vati aks etgan videotasvir o‘tgan juma kuni Youtube veb sahifasi orqali e‘lon qilingan.

15 daqiqalik videotasvirda bir necha qurolli kishilar qurshovidagi soqolli, noma‘lum shaxs tojik tilida o‘z tahdidlarini bayon qiladi.

O‘zini tanishtirmagan ushbu shaxs, "da‘vatlariga qarshi chiqishsa, diniy ulamolarning o‘zlariga qarshi ham jihod e‘lon qilishlari" bilan ogohlantiradi.

O‘z o‘rnida, "Jamoat Ansarulloh"ning asosiy maqsadi - "Qur‘on" qonunlari dunyoviy qonunlardan ustun bo‘lgan hokimiyat barpo etish" ekanini aytadi.

Bu isyonkor guruhlar tomonidan o‘tgan besh oy ichida Tojikiston hukumatiga qarshi yangrayotgan ikkinchi po‘pisadir.

Shu yilning aprel oyida o‘zini "Tojikiston mujohiddinlari" deb atagan guruh ham ingliz tilida e‘lon qilingan bayonotida xuddi shunday da‘vat bilan chiqqandi.

Oradan uch oy o‘tib, Tojikistonning beqaror tog‘li sharqiy Rasht vodiysining Kamarob darasida tojik hukumati kuchlariga qarshi hujum uyushtiriladi. Natijada o‘ttizga yaqin harbiy qurbon bo‘ladi.

Ushbu hodisa ortidan, Tojikiston hukumati vodiyda isyonkorlarning faoliyatlarini jilovlashga qaratilgan bir necha oylik harbiy amaliyotlarga qo‘l uradi.

Amaliyotlarda har ikki tomondan 100 dan ortiq kishining qurbon bo‘lgani aytiladi.

"Jamoat Ansarulloh" guruhi esa, 2010 yil sentyabr oyida Tojikistonning shimoliy Xo‘jand shahrida uyushtirilgan xudkushlik hujumiga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqandi.

Tojikistonlik mas‘ullar, o‘z navbatida, ikki zobitlari qurbon bo‘lgan hujum noma‘lum qurolli guruh tomonidan amalga oshirilganini bayon qilishgandi.

Aks-sado

"Jamoat Ansarulloh" guruhining videoda‘vatidan to‘rt kun o‘tgan bo‘lsa-da, tojikistonlik rasmiylar halicha unga o‘z munosabatlarini bildirishga shoshilishayotgani yo‘q.

Ammo Tojikistonda bo‘lgan muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, mamlakat milliy xavfsizlik xizmatlaridagi manbalar mutaxassislar ushbu rolikni o‘z kanallari orqali tekshirishayotganini bildirishgan.

Shuning uchun ham tojikistonlik mulozimlar hozircha bu masalani rasman sharhlashmayapti, deydi u.

Ayon bo‘lishicha, "Jamoat Ansarulloh" guruhi nomidan ekani aytilgan videoda‘vat mahalliy ekspertlar orasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Ulardan aksariyati bu - noxush holat ekanini aytib, o‘z xavotirlarini izhor etishgan.

Muxbirimizning aytishicha, Tojikistondagi aksariyat yaqin-yaqingacha, hatto, bunaqa guruhning mavjudligiga shubha bilan qarashgan.

Lekin shu yil aprel oyida tojikistonlik taniqli sobiq dala qo‘mondoni Mulla Abdullo va yana o‘ndan ortiq jangari o‘ldirilgan Rasht vodiysidagi sathdan "Jamoat Ansarulloh" guruhining bayrog‘i topiladi.

Shundan so‘ng, Tojikiston milliy xavfsizlik xizmatlari mamlakatdagi islomiy jangarilar bilan, hatto, mintaqada ham unchalik taniqli bo‘lmagan ushbu guruh orasida muayyan aloqalar bor, degan to‘xtamga kelishadi.

"Jamoat Ansarulloh"

Ushbu guruhning mavjudligi haqida ilk bor o‘tgan yili, shimoliy Xo‘jand shahridagi xudkushlik hujumi ortidan ma‘lum bo‘lgan.

Guruhning kimlardan iborat ekani, a‘zolarining soni va joylashgan yeri haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q.

Ayrim mutaxassislar orasida guruh O‘zbekiston Islomiy Harakatining bir qismi, degan qarashlar ham yo‘q emas, deydi Tojikistonda bo‘lgan muxbirimiz Iskandar Firuz.

Unga ko‘ra, boshqalari "Jamoat Ansarulloh" Tojikistondagi vaziyatni yanada taranglashtirish uchun boshqa davlatlar maxsus xizmatlari tomonidan o‘ylab chiqarilgan quruq bir gap, amalda bunday guruh yo‘q, degan fikrdalar.

"Lekin ayni o‘rinda bir omilni nazardan qochirmaslik lozim. So‘nggi yillarda Afg‘oniston va Pokistondagi Tolibon harakati tarafdorlari asta-sekinlik bilan afg‘on-tojik chegarasi osha boshqa Markaziy Osiyo davlatlari sari harakatlanishayotganini ochiqcha bayon qilib kelishmoqda. Shuning uchun ham, O‘zbekiston Islomiy Harakati bayrog‘i ostida birlashgan guruhlardan biri o‘zini "Jamoat Ansarulloh", deb taqdim etayotgan bo‘lishi mumkin", deydi muxbirimiz.

Tojikiston Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘riqlanmaydigan 1.340 chaqirimlik chegaraga ega.

Tojik hukumati so‘nggi yillarda mamlakatda islomiy radikalizm kuchayib borayotganidan xavotirga tushib qolgan.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Tojikistonda faoliyati taqiqlangan diniy guruhlarga a‘zolik aybi bilan 150 dan ortiq kishi qamoqqa tashlangan.

Xorijiy davlatlar madrasalarida tahsil olayotgan talabalar ortga qaytarilgan.

"Ota-onalarning mas‘uliyatlari to‘g‘risida"gi yangi qabul qilingan qonunga muvofiq, 18 yoshgacha bo‘lganlarning namoz o‘qish uchun masjidlarga chiqishlari taqiqlangan.