Сўнгги янгиланиш 22 сентябр 2011 - 11:31 GMT

HRW: "Qirg‘iz mahkamalardagi zo‘ravonlik to‘xtatilsin"

Human Rights Watch Qirg‘iziston janubidagi mahkama jarayonlaridagi zo‘ravonliklarga chek qo‘yishga da‘vat qilmoqda.

Human Rights Watch tashkiloti 2010 yil Qirg‘iziston janubidagi zo‘ravonliklarga aloqador ko‘rilganlar ustidan mahkamalar jarayonida himoyachilar va o‘zbek millatiga mansub ayblanuvchilarga nisbatan hujumlarni rasmiylar darhol to‘xtatishlari lozimligi haqida bayonot chiqardi.

Tashkilot bayonotida shu yil sentyabr oyining 16 kuni bo‘lib o‘tgan mahkamadagi hodisa tilga olingan. Unda 2010 yil zo‘ravonliklar mobaynida o‘ldirilgan qirg‘iz millatiga mansub kishining yaqinlari himoyachiga hujum qilganlar, ayblanuvchiga tosh otganlar va mahkama zalida hozir bo‘lgan militsiya xodimlarini kaltaklaganlar.

Qorasuv tuman mahkamasida 33 yoshli Muhammad Buzrukov ishi ko‘rib chiqilmoqda edi.

U Almaz Asqarovning o‘limiga aloqador ko‘rilib mahkamaga tortilgan.

Rossiya fuqarosi bo‘lgan Buzrukov 2011 yil iyun oyida hibsga olingan va da‘vo qilishicha, militsiya xodimlari uni aybiga iqror qildirish uchun qiynoqqa solganlar.

Ammo O‘sh viloyat prokurori qiynoqlar haqidagi da‘volar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishdan bosh tortgan.

Buzrukovning u bilan birga hibsga olingan otasi shu yilning 1 sentyabr kuni hibsxonada olamdan o‘tgan.

"Qirg‘iziston janubida o‘tkazilayotgan mahkama jarayonlaridagi zo‘ravonliklar uzoq muddatdan beri davom etib kelmoqda va hech kim uchun adolatga erishish umidini qoldirmayapti. Olomonga zo‘rlik bilan kim aybdor ekanligini aytib turishga imkon yaratib berish bilan Qirg‘iz hukumati o‘z legitimligini savol ostiga qo‘ymoqda" , deb aytdi Human Rights Watchning Ovro‘po va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha rahbari Xyu Uilyamson.

Tashkilotning mahkamani kuzatib kelayotgan vakili, Almaz Asqarovning ayol qarindoshlari mahkama boshlanishi bilanoq Buzrukovni va uning himoyachisini haqorat qila boshlaganliklarini ma‘lum qilgan.

Hakam esa bu kabi amallarni to‘xtatish uchun kerakli choralarni ko‘rmagan.

Ayblanuvchining himoyachisi so‘z olgan vaqti marhum Asqarovning onasi oldiga borib baqira boshlagan. Militsiya xodimi unga o‘tirishga buyruq berganiga qaramay, ayol himoyachining sochidan tortib hujum qilgan.

O‘z chiqishini davom ettira olmagan himoyachi mahkamani tark etishga majbur bo‘lgan.

Endilikda himoyachi 28 sentyabrga rejalangan kelgusi mahkama majlisida qatnashishdan xavfsirayotganligini bildirgan.

"Mahkamada tartibni o‘rnata olishga qodir bo‘lmagan hakam Buzrukov uchun odil mahkamani ham ta‘minlay olmaydi va jarayondan chetlatilishi lozim", dedi Xyu Uilmson.

Mahkamaning oxirgi majlisi nihoyasida hakam zalni tark etishi bilanoq, Asqarovning yaqinlari sumkalarida keltirgan toshlarni olib, Buzrukovga qarata ota boshlashgan.

Human Rights Watch vakili hanuz mahkama zalida ekanligini ko‘rib qolib, ketmasang seni ham kaltaklaymiz, deya po‘pisa qilganlar.

Shundan so‘ng tashkilot vakilini zo‘rlik bilan zaldan turtib chiqarib, eshikni yopib qo‘yganlar.

Ayblanuvchi Muhammad Buzrukov Asqarovning zo‘ravon yaqinlari va tartibni saqlay olmayotgan militsiya xodimlari bilan mahkama zalida bir o‘zi qolgan.

Zaldan chiqarib yuborilishi bilanoq Human Rights Watch vakili Prokurorga ushbu hodisa haqida aytgan. Ammo Prokuror mahkamada tartibni saqlash hakamning vazifasi ekanligi va bu ishga aralashmasligini bildirgan, deya aytiladi tashkilot bayonotida.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.