Qirg‘iziston prezidentligiga asosiy nomzodlar "Axloq kodeksi"ini imzolashmadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Qirg‘iziston prezidentligiga asosiy nomzodlar 30 oktyabrga rejalangan saylovlar chog‘ida tartibsizliklarning oldini olishga qaratilgan "Axloq kodeki"ni imzolash marosimiga kelishmagan.

Ular orasida Qirg‘izistonning amaldagi Bosh vaziri Almazbek Atambayev ham bor.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Amerikaning Xalqaro Taraqqiyot uchun idorasi tomonidan dastaklangan kodeks nomzodlarning saylovoldi amaliyotlari chog‘ida giyohvand moddalar, spirtli ichimliklar va qurol-yarog‘lardan iste‘foda etishlarini taqiqlaydi.

Bundan tashqari, barcha nomzodlarning Qirg‘iziston qonunlarini himoya etishlari shart ekanini urg‘ulaydi.

Kecha bo‘lib o‘tgan marosim chog‘ida 20 ta nomzoddan bor-yo‘g‘i 8 tasi ushbu "Axloq kodeksi"ni imzolagan, xolos.

Nomzodlardan biri Almambet Matubraimov "Reyter" axborot agentligi keltirgan iqtibosida, "Bunaqa marosimlarga hojat yo‘q ekani, o‘z konstitutsiyalari va qonunlari bor"ligini aytgan.

Prezidentlik saylovlari prezident Qurmonbek Bakiyevni qudratdan chetlatgan ommaviy namoyishlar va yuzlab kishilarning qurbon bo‘lgani aytilgan Qirg‘iziston janubidagi milliy nizolardan bir yil o‘tib bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan aprel oyida Qurmonbek Bakiyevning o‘rniga qudratga kelgan Roza O‘tinboyeva esa, shu yilning 31 dekabr kuni prezidentlikdan rasman iste‘fo beradi.

Oktyabr oyidagi saylovlar orada kechgan qisqa vaqt davomida Qirg‘izistonda olib borilgan konstitutsion islohotlarning kulьminatsion nuqtasi sifatida ko‘rilmoqda.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun o‘ttizga yaqin kuzatuvchi yubormoqchi.

Ulardan tashqari, yana 350 nafar kuzatuvchining ham saylovlar jarayonida hozir bo‘lishlari kutilmoqda.

Tahlilchilar hukumat lavozimlaridagi uzoq yillik tajribasi qo‘l kelib, saylovlarda Bosh vazir Almazbek Atambayevning g‘olib chiqish ehtimoli katta, deyishmoqda.

Ammo, baribir, bo‘lajak g‘olibning faqat ikkinchi davra saylovlar ortidangina ayon bo‘lishiga oid qat‘iy ishonch ham mavjud.

Ayni o‘rinda shuni aytib o‘tish joizki, yangi prezidentning vakolati faqat olti yil bilan cheklanadi, xolos.

U Mudofaa vaziri va Milliy Xavfsizlik xizmati rahbarini tayinlash huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi qirg‘iz hukumati bir necha borlik urinishlar ortidan o‘tgan dekabr oyining o‘rtalarida tashkil topgandi.

Bundan avvalroq esa, Qirg‘izistonda Markaziy Osiyodagi ilk parlament boshqaruvining qaror topishiga yo‘l ochgan parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi.

Qirg‘izistonda qaror topgan yangi boshqaruv modeliga muvofiq, Bosh vazir hozir prezidentdan ko‘ra ko‘proq vakolatga ega.