Qozog‘iston va Xitoy tovar ayirboshlash hajmini ikki barobarga oshirmoqchi

Image caption Qozog‘iston va Xitoy misli ko‘rilmagan chegara savdo markazini barpo etishmoqda

Qozog‘iston va Xitoy 2015 yilga kelib ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki barobarga oshirishga kelishishgan.

Bu haqda Xitoy parlamenti raisi U Bango va Qozog‘iston Senati raisi Qayrat Mamining uchrashuvidan so‘ng e‘lon qilingan.

Qozog‘iston sobiq sovet davlatlari orasida Rossiyadan keyin Xitoyning ikkinchi yirik iqtisodiy hamkori sanaladi.

O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 20 milliard dollardan oshib ketgan.

2015 yilda uni 40 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Avvalroq ikki davlat o‘rtasida 1 milliard dollarlik sarmoya jamg‘armasi tashkil etishga kelishilgan.

Qozog‘iston Turkmanistondan Xitoyga uzangan Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Xitoy Qozog‘istonning energetika sohasiga milliardlab dollar sarmoya kiritgan.

Qozog‘iston neft va rangli metallar bilan bir qatorda o‘z uranining asosiy qismini ham Xitoyga eksport qilishni mo‘ljallamoqda.

Prezident Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston 2012 yilga kelib Xitoy korxonalarining uran xomashyosiga ega bo‘lgan ehtiyojining 40 foizini qoplashini aytgan.

Chegara savdosi Qozog‘iston hozirda Xitoy bilan chegarada "dunyoda muqobili yo‘q" chegara oldi savdo markazini bapo etmoqda.

Ikki mamlakat chegarasida joylashgan Xorgos chegara oldi xalqaro hamkorlik markazining kattaligi 528 gektarni tashkil qiladi.

Ushbu hududda savdo-sotiqdan tortib, biznes yuritish imkonlari bo‘lishi va‘da qilinmoqda.

Markaz qurilgach, ikki davlat fuqarolari uning ichida vizasiz savdo-sotiq qilishlari mumkin bo‘ladi.

Hamkorlik markazi doirasida Qozog‘iston o‘z hududida 70 ming kishilik tuman qurmoqchi, Xitoy esa boshlanishiga 250 mingdan ziyod aholisi bor shahar qurishni rejalashtirgan.

Noroziliklar Qozog‘iston hukumatining Xitoy bilan iqtisodiy hamkorligidan hamma ham mamnun emas.

Shu yil mayida qozoq muxolifati Olma-Otada mamlakat boyliklarining Xitoyga "arzon garovga" sotilayotganiga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazgan.

Muxolifat qozoq hukumatidan Xitoy va boshqa xorijiy davlatlar bilan shartnomalar tafsilotlarini oshkor etishni talab qilgan.

Muxolifatga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarish sur‘ati pasaygan.

Bir vaqtlar og‘ir va yengil sanoatda yetakchi o‘rinlarda turgan Qozog‘iston bugungi kunga kelib iste‘mol mollarining eng katta importchisiga aylanib qolgan.

Hattoki go‘sht, kartoshka mahsulotlari Pokiston va Avstraliya singari davlatlardan olib kelinishi aytildi.

Ayrim qozog‘istonliklar Xitoydan olinayotgan qarzlardan ham xavotirdalar.

Qozog‘iston so‘nggi yillarda Xitoydan 19 milliard dollar qarz olgan.

Mamlakatning tashqi qarzi 120 milliardni tashkil etadi.

Qozog‘iston muxolifatiga ko‘ra, aholisi 16 million bo‘lgan Qozog‘iston uchun bu katta raqamdir.