Qozog‘iston Qirg‘izistonga nega arzon gaz yetkazib berishga qaror qildi?

Qozog‘iston Qirg‘izistonga gaz yetkazib beradi. O‘zbekiston gaziga qaraganda deyarli 60 foiz arzonga tushadigan ushbu gaz Qirg‘izistonning shimoliy qismini ta‘minlashi kutilmoqda.

Qirg‘izistonda kunlar soviy boshlashi bilan yagona ta‘minlovchi bo‘lgan O‘zbekiston bilan gaz borasida muammolar kelib chiqadi.

O‘zbekiston gazni qimmatroqqa sotishni istasa, Qirg‘iziston tomoni uni arzonroqqa olishni ko‘zlaydi va ko‘p hollarda ushbu gaz uchun haqni kechiktirib beradi.

Gazga boy, ammo uni qazib chiqarish va yetkazish bo‘yicha maummolari mavjud Qozog‘iston nima uchun aynan bugunga kelib Qirg‘izistonga arzon gaz yetkazib berishga qaror qildi?

Qozog‘istonlik iqtisodiy tahlilchi Rustem Janseitovga ko‘ra, Qirg‘izistonga arzon gaz sotishning ortida siyosiy maqsadlar turibdi.

“Bu qandaydir o‘yinning elementlari bo‘lishi mumkin. Shu bilan O‘zbekistonga gaz narxini tushirish uchun bosim o‘tkazish ko‘zlangan. Ikkinchidan, buning ortida siyosiy sabablar ham bor. Ya‘ni Qirg‘izistonni Qozog‘istonga bog‘lab qo‘yish maqsad qilingan. Kim murvatning boshida o‘tirsa, o‘sha istagan vaqti ta‘sir o‘tkaza olishi mumkin. Buni Rossiya misolida ko‘rib turibmiz”, - deydi Rustem Janseitov.

Janseitov janoblariga ko‘ra, Qozog‘iston buning ortidan katta foyda ko‘rmasa-da, ammo geosiyosiy maqsadlarda shu yo‘lni talagan bo‘lishi ehtimol.

Qozog‘iston gaz zaxiralari bo‘yicha jahonda 15-o‘rinda turadi.

Ammo oson qazib olinuvchi Turkmaniston va O‘zbekiston gazidan farqli o‘laroq Qozog‘istondagi gaz zaxiralari neft bilan aralash holda joylashgan va uni qazib, iste‘molga yaroqli holga keltirguncha qo‘shimcha mablag‘ talab qilinadi. Shuning uchun ham Qozog‘iston hozircha gaz eksporti hajmi bo‘yicha maqtana olmaydi.

Ichki bozorni ta‘minlash borasida ham muammolar ko‘zga tashlanib turadi. Gaz quvurlarining Sho‘rolar davridan beri almashtirilmagani va yangi quvurlar yotqizilmagani bois mamlakatning bir mintaqasidan ikkinchi mintaqasiga gaz yetqazish muammo tug‘diradi.

Qozog‘iston gaz zaxiralarining asosiy qismi mamlakatning g‘arbida joylashgani bois o‘zining janubiy mintaqalarini gaz bilan ta‘minlash borasida O‘zbekiston gazidan foydalanishga majbur.

Buning evaziga Qozog‘istonning g‘arbdagi gazi O‘zbekiston eksportini qoplaydi.

Mutaxassis Rustem Janseitov Qirg‘izistonga eksport qilinadigan gaz O‘zbekistonniki emas, Qozog‘iston gazi bo‘lishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

“Qirg‘izistonga sotiladigan gaz Qozog‘iston-Xitoy quvuridan olinsa kerak. Chunki hozir g‘arbdan yana bir liniya qurilmoqda. G‘arbiy mintaqalardan va Aqto‘ba viloyatidan gaz janubga oqadi va Olma ota orqali o‘tib, eksportga yo‘naladi. Ushbu quvur ko‘plab joylarda Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlardan o‘tadi. Bu quvurlarni Qirg‘iziston gaz quvurlariga ulash juda oson”, deydi tahlilchi Rustem Janseitov.

Kuzatuvchiga ko‘ra, bungacha ham Qirg‘iziston va ham Qozog‘iston O‘zbekistonning gaziga qattiq bog‘lanib kelgan.

Qozog‘istonning janubiy mintaqalari haligacha ushbu qaramlikdan qutila olmagan.

Bundan foydalangan O‘zbekiston qishning eng qirchillama sovug‘ida ham Qozog‘iston va ham Qirg‘izistonga ketuvchi gaz murvatlarini burab, siyosiy ta‘sir o‘tkazishga harakat qilgan.

Qozog‘istonning qo‘shni Qirg‘izistonga gaz eksport qilishni boshlashi ushbu qaramlikdan qutilib, mintaqada ta‘sir doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatib qo‘yish uchun ham bo‘lishi ehtimoldan soqit qilinmaydi.