Qozog‘iston: dindorlar ularga nisbatan tazyiqlar boshlanganidan xavotirda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none

Qozog‘iston janubidagi ba‘zi dindor musulmonlar ularga nisbatan amaldorlar va huquq-tartibot organlari xodimlari tazyiq o‘tkazayotganini iddoa qilmoqda.

Ularga ko‘ra, Suzoq tuman hokimi ularning soqollarini qirib tashlashni talab qilgan.

Ammo tuman hokimi barcha da‘volarni rad etmoqda.

Musulmonlar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar din to‘g‘risidagi qonun joylardagi amaldorlar uchun huquqlarni toptashda dastak bo‘layotganini urg‘ulashgan.

Janubiy Qozog‘istonning Suzoq tumanidagi ayrim musulmonlar so‘zlariga ko‘ra, ularni yig‘ilishga chaqirgan tuman hokimi yangi qonun bo‘yicha soqollarini olib yurishlari kerakligini talab qilgan.

Tumanda payvandchi bo‘lib ishlovchi Bag‘dad Shaydazimov hokimdan ushbu qonunni ko‘rsatishni so‘ragan.

"Shunda hokim stolni urib "Senlarga men qonunman! Istalgan vaqti prokuratura va Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga berishim mumkin, olib borib qamaydi. Soqollaringni olinglar," deb baqirdi", - deydi Bag‘dad Shaydazimov.

Hokimiyat vakillari soqolli kishilarni boshqa oqimda ekanlikda ayblagan va elning tinchligi uchun ham uni olib tashlashni so‘ragan.

Suzoq tumani hokimi Berik Meyirbekov BBC bilan suhbatda ushbu da‘volarni rad etdi va yig‘ilishda "soqolni olib tashlanglar" deya shart qo‘ymaganini bildirdi.

"Yo‘q, men unaqa gap aytganim yo‘q. Ular tushunmagan bo‘lishlari mumkin. Ota-bobomiz burundan soqol qo‘yib kelayapti, bunga hech qarshilik yo‘q. Biroq yarashadigan narsani qilish kerak. Yarashadigan degan narsa bu jamiyatga mos kelishi kerak", - deydi tuman hokimi Berik Meyirbekov.

Qozog‘iston Musulmonlar diniy idorasi soqolni olish talabiga tushunish bilan yondashishini aytadi.

Diniy idora matbuot kotibi O‘ng‘ar O‘mirbekning aytishicha, yangi qonunda Qozog‘istonda xristianlarning Provaslav va musulmonlarning Hanafiy mazhabi asosiy din qilib ko‘rsatilgan. Soqol qo‘yish sunnat bo‘lsa-da, uni chiroyli qilib qo‘yish kerak.

"Hanafiy mazhabida bo‘lgan qozoqlarning orasida, soqol qo‘yish an‘anaga aylanmagan. Soqolni yoshi ulug‘ oqsokollar qo‘yadi. Yoshi 20, 30, 40 da bo‘lgan yigitlarning soqolni ko‘kragigacha o‘stirib olishi bizning an‘anamizga uncha ham to‘g‘ri kelmaydi", - deydi O‘ng‘ar O‘mirbek.

Suzoq tumanidagi bog‘da qorovul bo‘lib ishlovchi Nurlan Bazargeldiyev burunda spirtli ichimliklarnii ko‘p iste‘mol qilib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketgani va 8 yillar oldin namoz o‘qishni boshlaginini aytadi. Uch yil oldin soqol qo‘ygan. Unga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida, e‘tiqodi tufayli dam huquq tartibot organlariga, dam hokimiyatga chaqirilib turli bosimlar bo‘lgan.

"To‘rt bolam bor. 28 ming tanga (190 dollar) oylik olaman. Men ularga kvartira ber, uni-buni ber deb yig‘layotganim yo‘q. Bor oylikka shukur qilib rizqimni yeyapman. Ularga o‘xshab har doim ham go‘sht, konfet olomaymiz. Oz-ozdan olib, boriga shukur qilib o‘tiribmiz. Ularni bu narsalar qiziqtirmaydi, faqat o‘zinikini ma‘qullashadi. Hokimning aytgan gapi qattiq botib ketdi", - deydi Nurlan Bazargeldiyev.

Qonun kuchga kirmadi, ammo...

Qozog‘istonda katta shov shuvlarga sabab bo‘lgan "Diniy faoliyatlar va birlashmalar to‘g‘risida"gi qonun elboshi Nazarboyev tomonidan imzolangan bo‘lsa-da hali kuchga kirgani yo‘q.

Kuzatuvchilar ushbu qonun kuchga kirmasdan ijrosi yuzasidan su‘istemol qilish hollari boshlanib ketganini aytmoqda.

Qozog‘iston Musulmonlar Ittifoqi raisi Murat Telibekovning aytishicha, mahalliy hokimiyat tomonidan diniy e‘tiqodi tufayli tazyiq bo‘layotganidan shu vaqtgacha 12 kishi shikoyat qilgan va bunday amallardan norozilar joylarda bundan ham ko‘p.

"Din to‘g‘risidagi yangi qonunni ishlab chiqqanlar mana shunday boshqarib bo‘lmas munosabat vujudga kelishini hisobga olmagan ko‘rinadi. Qonunning joylarda bu tarzda ijro etilishi davlatning dinni tartibga solish harakatlarini puchga chiqarishi mumkin", - deydi Murat Telibekov.

Jamot vakillaridan iborat inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish koalitsiyasi Din to‘g‘risidagi qonunni su‘istemol qilmaslikni so‘rab, Bosh vazirdan tortib hukumatning boshqa organlariga ham murojaat qilgan.

O‘n to‘rtta jamoatchilik birlashmalari va partiyani birlashtirgan ushbu koalitsiya insonlarning diniy e‘tiqod erkinligini himoya qilishga chaqiradi.

Koalitsiya keltirgan misollarda Qozog‘istonning turli shaharlarida ko‘chadagi odamning tashqi ko‘rinishiga qarab, majburlab hibsga olishlar, barmoq izlarini olgach ektsremizmda ayblash hollari uchragan.

Bundan tashqari qonunda maktab o‘quvchilarining hijobni yechishi talab qilinmagan bo‘lsa-da, ko‘plab joylarda hijobni yechish talabi qo‘yilgan.