Tojikistonda muqaddas Haj ziyorati yuzasidan mojaro avjiga chiqqan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Har yili millionlab musulmonlar muqaddas Haj ziyoratiga boradilar

Tojikistonda bu yilgi muqaddas Haj marosimi boshlanishi bilan jamiyatda ushbu jarayonda poraxo‘rlik hollari tobora ko‘payishi borasida xabarlar ko‘paygan.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, Tojikiston Din qo‘mitasining mulozimlari hojilar ro‘yxatiga kiritish uchun alohida shaxslardan 1000 AQSh dollaridan ortiq pora talab qiladilar.

Har yili muqaddas Haj mavsumi arafasida Tojikistonda pora sifatida katta pul to‘lab Makkai Mukarramaga borgan hojilar borasida mish-mishlar tarqalar edi.

Ammo bu yil mamlakatdagi qator mustaqil ro‘znomalar Haj marosimidagi poraxo‘rlik mavzusiga bag‘ishlangan tanqidiy maqolalar chop etganlar.

Masalan, "Faraj" gazetasi Tojikiston Din qo‘mitasining Xatlon viloyatidagi bo‘limi raisi Boboxon Sharbatov Hajga borayotgan shaxslardan pora olish ayblovi bilan hibsga olinganligi borasida xabar bergan.

"SSSR" ro‘znomasi yozishicha, talabgorlar sonining Tojikistonga ajratilgan hojilar o‘rnidan bir necha marotiba ko‘pligi Haj marosimidagi poraxo‘rlik hollarining tobora ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

"SSSR" gazetasi bosh muharriri Sayyofi Mizrobning aytishicha, ro‘znoma tahririyatiga murojaat qilgan o‘nlab shaxslar Hajga borish uchun 1000 dollardan 2000 dollargacha pora berishga tayyor ekanliklarini bildirganlar.

"Menim fikrimcha, ular boshqa tashkilotlarga murojaat qilib, talablari bajarilmaganidan keyin jurnalistlardan ushbu muammoni hal etishda yordam so‘rashga qaror qilganlar. Axir biz davlat idorasi emasmiz, faqat ularining murojaatini chop eta olamiz", deydi janob Mizrob.

Tojikiston Islomiy kengashi Fatvo bo‘limining sobiq raisi va taniqli islomiy ulamo Xudoyberdi Egamberdiyevning fikricha, Haj marosimida pora olish hollari oldin ham bo‘lgan va bu nomatlub amalda Tojikiston Din qo‘mitasining mas‘ul xodimlari qo‘llari bor.

"Bu o‘tgan yili bo‘lgan hodisa. Bir birodarimiz, bizga yaqin odam bizga aytdiki, "men shu yil xotinim bilan Hajga bormoqchimiz, o‘zimizning Ro‘dakiy tumanida joy tugapti, menga yordam qiling", dedi. Keyin biz Hajga mutasaddi odamlarga murojaat qilib, "imkoni bo‘lsa, yordam bering", dedik. U kishi "men sizga ertaga javobini beraman", dedi. Ertasiga u odam bizga telefon qilib aytdilarki, "Haj uchun 3150 dollar talab qilinadi. Har ikkovlariga 4000 dollardan berishsa, biz ularni Hajga boradiganlar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yamiz". Keyin men tanishimizga aytdim, "birodar, agar bunday yo‘l bilan Hajga borsang, Hajing ham Haj bo‘lmaydi". U ham "agar 3150 dollardan yuborsa boraman, bo‘lmasa, bormayman", dedi, - deydi Xudoyberdi Egamberdiyev.

Ayni damda Tojikiston Din qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jumaxon G‘iyosov Haj marosimida pora olish hollari mavjudligi borasidagi xabarlarni rad etdi.

"Haj marosimida Tojikiston mintaqalari uchun hissa ajratilgan va tumanlarda Hajga boradigan shaxslari ro‘yxati tayyorlanadi. Din qo‘mitasi bu ishlarga aralashmaydi. Pora bergan shaxslarning bu ro‘yxatga kiritilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ro‘yxatga kiritilish katta janjalga olib kelishi mumkin", deb aytdi janob G‘iyosov.

Islomiy ulamolarga ko‘ra, pora berib Hajga borgan shaxsning ziyorati qabul bo‘lmaydi.

"Haj xuddi sizning namoz o‘qishingiz, ro‘za tutishingiz kabi ibodat. Bunga g‘ayrishar‘iy narsa aralashmasligi kerak. Bir kishiga mening ishimni hal qilishda yordam ber, deb pul berish pora hisoblanadi. Bunday pora esa dinda harom deyilgan. Haj marosimiga harom narsa aralashdimi, bilingki, uning Haji Haj bo‘lmaydi", deb aytdi taniqli islomiy ulamo Xudoyberdi Egamberdiyev.

Bu yil Tojikistonda Haj ziyoratini ado etish bo‘yicha yangilik joriy etilgan.

Ilk bor tojikistonlik hojilar yagona kiyim va lotin harflari bilan "Tojikiston" deb yozilgan yuk xaltalari bilan Makkaga yo‘l olganlar.

Din qo‘mitasi rasmiylari bunday yangilikdan maqsad, tojikistonlik hojilarni millionlab hojilar orasida ajratish va yo‘l ko‘rsatishni osonlashtirish ekanligini aytganlar.

Ammo mustaqil islomiy ulamolar mazkur amalni Din qo‘mitasining hojilardan qo‘shimcha pul olish yo‘llari deb baholaganlar.